Qoʻqon xalqaro festival mehmonlariga muntazir

Maʼlumki, joriy yilning 19-21-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida uchinchi xalqaro hunarmandlar festivali boʻlib oʻtadi. Ayni paytda latif shaharda ushbu nufuzli anjumanga qizgʻin taraddud koʻrilmoqda.
Xalqaro festivalda Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya, dunyoning turli davlatlaridan hunarmandlar, olimlar, OAV vakillari va boshqa nufuzli mehmonlar ishtirok etishi kutilyapti. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridan mashhur hunarmandlar taklif etilgan boʻlib, har bir viloyat uchun alohida pavilyonlar ajratilgan.
Oʻz navbatida, rang-barang tadbirlar doirasida shahar koʻchalari boʻylab festival qatnashchilarining tantanali yurishi, mahalliy va xorijiy hunarmandlar mahsulotlari koʻrgazmasi, mahorat darslari, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, kitoblar taqdimoti, xalq sayillari, konsert dasturlari tashkil etiladi.
Shu kunlarda festivalning asosiy bayram tadbirlari oʻtkaziladigan Oʻrda maydonida Hunarmandlar pavilyonini barpo etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Bu yumushni 2019-yili Qoʻqonda boʻlib oʻtgan ilk xalqaro hunarmandchilik festivalining bosh sovrin sohibi, Oʻzbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusov shogirdlari bilan birga bajaryapti. Bu yerda Fargʻonaning ramziy darvozasi, naqshinkor ustunlar, savdo rastalari oʻrnatiladi.
Shaharning Sarbozlar koʻchasida esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan keluvchi hunarmandlarga oʻz mahsulotlarini namoyish etishi uchun maxsus rastalar bunyod etilyapti. Mahalliy hunarmandlar rastasi 15-sentyabrdan oʻz faoliyatini boshlab, viloyat aholisi va mehmonlarga xizmat koʻrsatishga kirishadi.
— Fargʻona viloyati pavilyoni tayyor, — deydi taniqli rassom Otabek Shokirov. — Pardozlash, jilo berish ishlarida milliy qadriyat va anʼanalarga xos uslublar, xalq amaliy sanʼati durdonalaridan unumli foydalanildi.
Ayni paytda yurtimizning boshqa hududlaridan keladigan hunarmandlar uchun ajratib beriladigan rastalarda jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Festival kunlari mazkur hududda ishtirokchilarga barcha qulayliklar yaratiladi.
Taraddud ishlari doirasida kuni kecha “Kokand Craft House” milliy hunarmandchilik koʻrgazma va savdo markazi ham tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Qoʻqon universiteti hamkorligida zargar Raʼnoxon Boʻtaboyeva tashabbusi bilan tashkil etilgan markazda milliy hunarmandchiligimiz va turizmni rivojlantirish, xotin-qizlarni kichik biznes va tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilishi maqsad qilingan.
Darhaqiqat, ushbu markazda doimiy koʻrgazma va savdo faoliyatini yoʻlga qoʻyish, oʻz navbatida, imkoniyati cheklangan qizlar, hunarmandchilik sohasida tadbirkorlik qilish istagidagi oila bekalarini kasb-hunarga oʻrgatish rejalashtirilmoqda.
— Xudoyorxon Oʻrdasi, Jomeʼ masjidi, Norboʻtabiy, Dahmai Shohon kabi oʻnlab madrasalar va boshqa tarixiy-madaniy obidalar, turizm marshrutlari roʻyxatiga kiritilgan obyektlarida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoʻqon shahar boʻlimi rahbari Manzur Abdullayev. — Har bir ishda koʻhna kentimizning tarixi, madaniyati, adabiyoti va hunarmandchiligi namoyon etilyapti. Bu yumushlarda qoʻqonlik ziyolilar, nuroniylar, hunarmandlar va yangi avlod vakillari faollik koʻrsatmoqda.
Oʻrda maydonida noyob manzarali daraxtlarga shakl berilib, anvoyi gullar alleyalari yaratildi. Musiqali favvoralar ishga tushirildi. Istiqlol turizm koʻchasi 24/7 rejimida faoliyat koʻrsatishi uchun barcha sharoit muhayyo etildi. “Qozi mahalla” MFYda tashkil etilgan gastronomik turizm koʻchasida esa milliy uslubda qurib bitkazilgan xizmat koʻrsatish shoxobchalari foydalanishga topshirildi.
Shahardagi barcha shohkoʻchalar, xiyobonlar, hordiq maskanlari, ijtimoiy-madaniy obyektlarda mukammal taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Festivalning asosiy tantanalari boʻlib oʻtadigan Oʻrda maydonida belgilangan yumushlar yakuniga yetkazilmoqda. Bu fayzli maskanda tantanali ochilish va yopilish marosimi, teatrlashtirilgan badiiy dastur tashkil etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun Jahon hunarmandlari shahri maqomiga ega Qoʻqon shahri har jihatdan oʻz koʻrki va tarovati, latofatini namoyon etib, barchani xalqaro festivalga chorlamoqda.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring