Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishiga tamal toshi qoʻyishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan yirik investor – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan ham soʻzga chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Quyida uning nutqi eʼlon qilinmoqda.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, muhtaram Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih janoblari, aziz hamkorlar va qadrli mehmonlar!
Avvalo, barchangizga tinchlik, baraka va salomlar boʻlsin!
Sizlar soʻnggi sakkiz yilda yaqin hamkorlikda amalga oshirgan ishlarni boshqa mamlakatlar asrlar davomida ham bajara olmasligini bugun faqat bu yerda toʻplangan ishtirokchilarga emas, balki butun dunyoga namoyon etdingiz.
Chindan ham, bunday ulkan natijalarga dunyodagi birorta yetakchi shunday qisqa muddatda erishmogʻi juda qiyin.
Prezident Janobi Oliylari, men avval ham taʼkidlab aytganman: bu darajada katta oʻzgarishlarni amalga oshirgan yetakchilarning ikki nafarini bilaman. Birinchisi – Siz, Janobi Oliylari, ikkinchisi esa – Saudiya valiahdi, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Hazrati Oliylaridir.
Oʻzbekistonda biz koʻrgan va guvohi boʻlgan barcha yutuqlar Sizning oʻz ishingizga boʻlgan buyuk ishonch-eʼtiqodingiz va fidokorona mehnatingiz samarasidir. Siz bu ishlarni xalqingiz va Vataningizga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatingiz tufayli amalga oshirmoqdasiz.
Men dunyoning 24 ta davlati rahbarlari bilan muloqotda boʻldim. Lekin oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim. Shuning uchun ham el-yurtingiz Sizni yaxshi koʻrib, boshiga koʻtarmoqda.
Men Siz bilan yigirma marta uchrashish baxtiga muyassar boʻlganman. Har bir uchrashuvdan oldin nutq tayyorlab, nimalarni aytish kerakligini obdan oʻylab olaman. Ammo har gal Sizning fikringiz, azmu shijoatingiz va amaliy ishlaringiz biznikidan ustun keladi. Siz doimo jadal harakat qilasiz, sidqidildan ishlaysiz va albatta natijaga erishasiz.
Siz mahalliy va xorijiy investorlarga katta eʼtibor qaratdingiz. Ular uchun teng imkoniyatlar yaratib berdingiz. Siz Oʻzbekistonni har bir kompaniya va davlat uchun eng yaxshi investitsiya makoniga aylantirdingiz.
Siz boshqaruv va shaffoflik asosida oʻtmishdan qolgan ogʻir merosni ortda qoldirdingiz va yangi tarix yaratdingiz.
Men 15 ta mamlakatda investitsiya loyihasini amalga oshirganman va 30 dan ziyod davlatda boʻlganman. Qayerga borsam ham “Yangi Oʻzbekiston” haqida eshitaman. Bu Yangi Oʻzbekiston – Sizning el-yurtingizga sadoqatingiz va tinimsiz mehnatingiz mahsuli.
Butun dunyo bugun Sizni kuzatmoqda, Sizdan oʻrganmoqda. Sizning rahnamoligingizda ishonchli hukumat va fidoiy jamoa kechayu kunduz mehnat qilmoqda. Men haftasiga yetti kun, kuniga 18-20 soat ishlaydigan hukumatni faqat Oʻzbekistonda va Saudiyada koʻrdim. Shuning uchun ham xalqingiz Sizni sevmoqda, investorlaringiz va koʻplab davlatlar Sizni hurmat qilmoqda. Dunyodan koʻp odamlar Oʻzbekistonga turist sifatida ham, doʻst sifatida ham, investor sifatida ham kelishni xohlaydi.
Oʻzbekistonning buyuk tarixi bor. Ayni vaqtda Sizning bugungi yutuqlaringiz ham muhim tarixiy ahamiyatga ega. Eng asosiysi, Siz hech qachon erishgan marrangizda toʻxtab qolmaysiz. Bugungi uchrashuvda ham Siz 30 milliard dollarlik loyihalar yakuniga yetkazilgani, keyingi yillarda esa yangi yoʻnalishlar boʻyicha yana ish olib borilishini aytdingiz.
Prezident Janobi Oliylari, Sizning asosiy maqsadingiz – xalqning hayot sifatini yaxshilash. Siz yoshlarga katta ishonch bilan qaraysiz. Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudrati va kelajagi – aynan ana shunday iqtidorli yoshlardir.
Sakkiz yilda Yangi Oʻzbekiston uchun mustahkam poydevor qoʻyildi. Inshoolloh, keyingi yillarda Oʻzbekiston oʻz salohiyatini butun dunyoga yanada yaqqol namoyon etadi. Yangi Oʻzbekiston nimalarga qodir ekanini jahon albatta koʻradi.
Prezident Janobi Oliylari, bizga koʻrsatgan ishonchingiz uchun rahmat. Katta-katta ishlarga yetakchilik qilib kelayotganingizdan cheksiz minnatdormiz.
Mening ikki ustozim bor: biri – valiahd shahzoda, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Hazrati Oliylari, ikkinchisi – Siz, Prezident Janobi Oliylari. Men Sizdan juda koʻp narsani oʻrgandim. Siz – mening ustozimsiz.
Yana bir bor katta rahmat Sizga!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring