Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida

Sharq gavhari nomini olgan Samarqand yirik xalqaro anjumanlar oʻtkaziladigan markazga aylanib bormoqda. Ayni kunlarda qadimiy va hamisha navqiron kentda BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik yakuniy bosqichga kirdi.
Joriy yil oktyabr oyining soʻnggi kunlaridan noyabr oyining birinchi yarmiga qadar boʻlib oʻtadigan anjuman nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham tarixiy ahamiyatga ega. Chunki mazkur tadbir birinchi marta ushbu xalqaro tashkilotning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda — Sharq va Gʻarbni bogʻlagan Samarqandda oʻtkaziladi va YUNESKOning 80-yilligiga toʻgʻri keladi.
Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, 43-sessiyada YUNESKOning yangi Bosh direktori saylanadi. Unda YUNESKO rahbariyati va kotibiyati toʻliq tarkibda, tashkilotga aʼzo 193 ta davlatdan 4 mingdan ortiq delegat qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, vazirlar va elchilar nufuzli anjumanda ishtirok etadi.
Davlatimiz rahbarining “2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Tashkiliy qoʻmita tarkibi tasdiqlanib, tegishli ishchi guruhlar tuzilgan. 22-sentyabr kuni Samarqandda tarixiy voqeaga tayyorgarlik koʻrish shtabi rasman ish boshladi. Shtabga vazirlik va idoralar, masʼul tashkilotlar xodimlari biriktirilgan. Ularning kunlik faoliyati monitoring qilib umumlashtirilmoqda. Shtab YUNESKO bosh shtab-kvartirasi bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Sessiya va asosiy tadbirlar “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida boʻlib oʻtadi. Bu maskanda nufuzli forumlarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan eng zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Yuqori darajadagi delegatsiyalar va konferensiya ishtirokchilari bu yerda faoliyat yuritadigan sakkizta xalqaro toifadagi mehmonxonalarga joylashtiriladi. Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 130 ta mehmonxonada konferensiya mehmonlari uchun qoʻshimcha xonalar hozirlab qoʻyilgan.
Tadbirni oʻtkazishga tayyorgarlik doirasida “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasi hududidagi ekspo-markazda ishtirokchilar, mehmonlar va OAV vakillari uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz infratuzilma yaratilmoqda. Jumladan, 600 kishi uchun ishchi ofislar yangilanmoqda. Bir vaqtning oʻzida 1500 kishini qabul qiladigan 7 ta panel sessiyalari zallarini taʼmirlash va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlari yakuniga yetmoqda. 12 ta koʻrgazma stendlarini oʻrnatish, innovatsion loyihalar va texnologiyalarni namoyish etish uchun joylar hozirlanmoqda. Markaz hududida va Samarqand shahrida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. 43-sessiya va boshqa tadbirlarni yoritish uchun Samarqandga keladigan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilmoqda.
— Sessiya ishtirokchilari va nufuzli mehmonlarni munosib kutib olish va kuzatish uchun Samarqand xalqaro aeroporti va temiryoʻl vokzalida qoʻshimcha imkoniyatlar, sharoitlar yaratildi, — deydi Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov. — Ularning xavfsizligini taʼminlash, zarurat tugʻilganda tibbiy xizmat koʻrsatish, transport xizmati va boshqa masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan birga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mehmonlarning asosiy tadbirlardan boʻsh vaqtlarida viloyat boʻylab sayohatga chiqishi uchun olti yoʻnalish boʻyicha sayyohlik dasturlari tuzildi. Shuningdek, oʻzbek milliy taomlaridan bahramand boʻlishi, xalqimizning oʻziga xos turmush tarzi bilan tanishishi uchun ham ular boradigan manzillar belgilab olingan.
Ayni kunlarda Samarqand shahrida obodonlashtirish, transport logistikasini takomillashtirish, gid va tarjimonlar tayyorlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Sessiya doirasida YUNESKOning Yoshlar forumi, milliy komissiyalar yigʻilishi, ilk bor Beruniy nomidagi Oʻzbekiston – YUNESKO mukofotini topshirish marosimi, muzeylarda sunʼiy intellektning oʻrni boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muzeylar, madaniyat maskanlarida xalqaro koʻrgazmalar, yangi ekspozitsiyalar namoyishi, jahon yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari, umuman, 150 dan ortiq tadbir rejalashtirilgan.
Ekspertlarning fikricha, YUNESKO Bosh konferensiyasi oʻtkaziladigan joy sifatida Samarqandning tanlangani Oʻzbekistonning global madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, madaniy va tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishdagi hissasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotganidan dalolatdir.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring