“Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj

17:42 17 Noyabr 2025 Jamiyat
268 0

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Namangan shahri Yangi Namangan tumaniga qarashli Guliston mahallasi koʻpchilikka yaxshi tanish. Bu yerda aholining asosiy qismini loʻlilar tashkil etadi. Bugun ularning nufusi 4095 nafar. Sir emaski, loʻli deganda faqat tilanchilik qiladigan yoki eski-tuski narsalarni yigʻib yuradigan odamlar koʻpchiligimizning koʻz oldimizga keladi. Aslida ham shundaymi?.. Umuman ular bugun qanday yashamoqda? Ana shunday qiziqish bilan tahririyatimizning ijodiy jamoasi Namangan viloyatiga safari chogʻida ular qoʻnim topgan mahallaga obyektiv nigohini qaratdi.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Mahallaning asosiy drayveri ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash. Bu yoʻnalishda 150 dan ortiq xonadon tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqda. Odamlar oʻrtasida ishbilarmonlik kayfiyati yuqori, oʻzini taʼminlash, oilasiga daromad keltirishga shashti baland.

Infratuzilma – taʼlim, sport va xizmat koʻrsatish markazi boʻyicha ham qisqacha toʻxtalsak: mahallada 39-umumtaʼlim maktabi, 35-maktabgacha taʼlim muassasasi, 30 ga yaqin savdo shoxobchasi, ogʻir atletikaga moslashgan sport zali, shuningdek, 2 ta tikuv sexi faoliyat yuritmoqda. Bu infratuzilma aholining kundalik ehtiyojlari uchun qulay sharoit yaratadi.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Oxirgi paytlarda mahalla yoshlari orasida taʼlimga boʻlgan qiziqish ortgani quvonarli hol. Joriy yilning oʻzida 7 nafar yosh oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan. Ular orasida Mohira Sodiqovaning 7,5 ballik IELTS natijasi barchaga oʻrnak boʻlmoqda. U bugun Namangan davlat universiteti talabasi. Umuman, hozirda mahallaning 15 nafar yoshlari turli yoʻnalishlarda oliy taʼlim olmoqda.

Sport sohasi ham ortda qolmayapti. Shavkat Sharipov, Bekmurod Xoldorov kabi yoshlar sport boʻyicha taʼlim olish bilan birga respublika musobaqalarida ishtirok etib kelmoqda. Mahallada may-tay, qoʻl jangi, boks kabi yoʻnalishlarda 10 nafardan ziyod yosh sportchilar yetishib chiqqan. Bu esa gulistonlik yoshlarining irodasi, mehnati va katta maqsadlarga intilishi borligini koʻrsatadi.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Shu mahallada oʻsib-ulgʻaygan va bugun koʻpchilikka oʻrnak boʻlayotgan, Namanganni faxriga aylangan insonlardan biri Usmon Asqaraliyev. U “Navbahor” futbol klubida toʻp surgan, maktab direktori, mahalla raisi, uch bora mahalliy kengash deputati boʻlgan. Bundan tashqari, Usmon Asqaraliyev mamlakatimizning 8 jamoasiga murabbiy sifatida faoliyat olib borgan. Ayni paytda 70 bilan yuzlashgan tajribali mutaxassis hamon futbol bilan hamnafas. U “Navbahor” yoshlar jamoasi murabbiyi sifatida yangi avlod sportchilarini tarbiyalamoqda. Asqaraliyevning faoliyati nafaqat mahalla, balki viloyat, respublika yoshlari uchun ham ilhom, ham motivatsiya manbai.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Uning farzandi Sanjar Asqaraliyev bolaligidanoq otasi yoʻlini davom ettirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Uning futbolga boʻlgan mehri ham ana shu muhitda shakllangan. U 6-7 yoshlaridanoq hayotini futbol bilan bogʻladi. Uning ilk qadamlari mahalla maydonchasidan boshlanib, katta stadionlargacha yetdi. Professional futbolchi sifatida “Navbahor”, “Andijon”, “Neftchi” va “Istiqlol” klublarining sharafini himoya qildi. Futboldagi faol hayoti 2018-yilda yakunlangan boʻlsa-da, u sportni tark etmadi. Aksincha, oʻz tajribasi va bilimlarini yosh avlodga ulashishni maqsad qildi. 2019-yildan buyon Sanjar Asqaraliyev Namangan viloyati futbol maktabi direktori sifatida faoliyat yuritib, yangi isteʼdodlarni kashf etib, ularni professional futbolga tayyorlash yoʻlida mehnat qilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Guliston mahallasi haqida “oʻzgarishlar manzili” desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu yerdagi aholi, ayniqsa loʻlilar, jamiyatda oʻz oʻrnini topish, bilimli, faol va zamonaviy boʻlish yoʻlida qadam tashlamoqda. Tadbirkorlik rivojlanmoqda, taʼlimga intilish kuchaymoqda, sport boʻyicha yutuqlar ortmoqda.

Fazliddin Abilov, Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?