Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Ijtimoiy tarmoqlarda “poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shahar kiraverishida qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin boʻladi” sarlavhali xabarlar notoʻgʻri talqin qilinmoqda.
Toshkent shahar hokimligi shu mazmundagi xabarlar yuzasidan poytaxt transport tizimini tashkil etishda rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar haqida batafsil va rasmiy ravishda tushuntirish berdi.
Bildirilishicha, viloyatlardan Toshkentga avtomobillar kirishiga hech qanday cheklov yoki taqiqlar joriy etilmayapti.
“Gap nazorat-oʻtkazish punktlarini modernizatsiya qilish va ular negizida zamonaviy transport tugunlarini yaratish haqida bormoqda. Nazorat-oʻtkazish punktlarining bir qismi shahar tashqarisiga koʻchiriladi, bir qismi qayta quriladi. Bu hududlarda katta avtoturargohlar, kempinglar, dam olish joylari va, eng muhimi, shaharga tez va qulay yetib olish imkonini beradigan rivojlangan jamoat transporti infratuzilmasi barpo etiladi. Bu qoʻshimcha imkoniyat, majburiyat emas”, — deyiladi munosabatda.
Hokimlikning maʼlum qilishicha, haydovchilar oʻz xohishiga koʻra shaharga kirishda avtomobilni qoldirib, yoʻlni jamoat transportida davom ettirishi yoki avvalgidek shaxsiy avtomobilida shaharga kirishi mumkin boʻladi. Bunday “Park & Ride” modeli dunyoning yetakchi megapolislarida keng qoʻllaniladi va faqat transport vaziyatini yaxshilash hamda aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan.
Ushbu chora-tadbirlar Toshkent shahri aholisi uchun transport yuklamasini kamaytirish, tirbandliklarni kamaytirib, ekologik holatni yaxshilashni anglatadi. Poytaxt mehmonlari uchun esa — shaharning markaziy qismida toʻxtash joylarini izlash zaruratidan xalos boʻlish va harakatlanishning eng qulay usulini tanlash imkoniyatini beradi.
“Gap taqiqlar yoki cheklovlar haqida emas, balki fuqarolar uchun tanlovni kengaytiradigan va shaharning umumiy qulaylik darajasini izchil oshiradigan transport oqimlarini boshqarishning yanada oqilona, zamonaviy va moslashuvchan tizimini shakllantirish haqida ketmoqda”, — deyiladi Toshkent shahar hokimligi xabarida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring