Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
Kecha, 5-dekabr kuni futbol boʻyicha 2026-yilgi Jahon chempionati qurʼasi oʻtkazildi. Qurʼa natijasiga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va xalqaro pley-off gʻolibi bilan bir guruhdan oʻrin oldi.
Endilikda savol tugʻiladi: qurʼa Fabio Kannavaro boshqaruvidagi jamoa uchun qanday oʻtdi? Savatchalar kesimida raqiblarimizning salohiyatini tahlil qilamiz.
1-savatcha — Portugaliya
Birinchi savatda musobaqa mezbonlari, shuningdek Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya va Germaniya kabi dunyo grandlari joy olgan edi.
Bu savatdan qaysi jamoa raqib boʻlishidan qatʼi nazar, guruh favoriti aynan oʻsha jamoa boʻlishi muqarrar edi. Faqat Kanada boshqalarga nisbatan nisbatan kuchsizroq koʻringan boʻlishi mumkin, ammo ular tarkibida ham Alfonso Devis (“Bavariya”), Jonatan David (“Yuventus”) kabi yulduzlar bor.
Portugaliya hozirgi vaqtda FIFA reytingida 6-oʻrinda. Jamoa tarkibida Krishtianu Ronaldudan tashqari Joau Nevesh, Vitinya, Nunu Mendesh, Rafael Leau, Ruben Diash, Brunu Fernandesh kabi yuqori darajali futbolchilar bor.
Terma jamoaga Roberto Martines ustozlik qilmoqda. Uning qoʻl ostida Portugaliya Millatlar ligasida gʻolib chiqqan va JCH saralash bosqichini juda ishonchli oʻtkazgan.
Oʻzbekiston uchun birinchi savatdan kuchli raqib tushdi, lekin bu savatda kuchsiz jamoa umuman yoʻq edi.
2-savatcha — Kolumbiya
Ushbu savatda Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveysariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya va Avstraliya joy olgan edi. Qurʼa natijasiga koʻra, Oʻzbekiston Kolumbiya bilan bir guruhga tushdi.
Kolumbiya FIFA reytingida 13-oʻrinda. Janubiy Amerika saralashida 28 ochko toʻplab, mintaqada 3-oʻrinni egallagan. Saralash davomida ular amaldagi jahon chempioni Argentinani magʻlub etganini alohida taʼkidlash lozim.
Jamoaga Nestor Lorenso bosh murabbiylik qilmoqda. U Ispaniya, Meksika va Janubiy Amerika klublarida tajriba orttirgan mutaxassis.
Tarkibda Luis Dias (“Bavariya”), Jon Duran (“Fenerbaxche”), Davinson Sanches (“Galatasaray”), Jon Arias (“Vulverxempton”), Xuan Kabral (“Yuventus”) kabi yetakchilar oʻynaydi.
Janubiy Amerika futbolining xususiyati — oʻyin taqdirini individual mahorat bilan hal qilish. Shu jihatdan, bu savatdan Senegal yoki Avstriya tushgani omadliroq boʻlardi.
4-savatcha — Pley-off gʻolibi
Toʻrtinchi savatdagi jamoalardan 6 tasi maʼlum edi: Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Gaiti va Yangi Zelandiya. Qolgan yoʻllanmalar Yevropa saralashi va FIFA xalqaro pley-offlari orqali aniqlanadi.
Oʻzbekiston uchun bu savatdan Kyurasao, Kabo-Verde, Gaiti yoki Yangi Zelandiya kabi raqib tushishi maqbul edi — bu holda 3 ochko olish imkoniyati yuqoriroq boʻlardi.
Biroq bizga FIFA xalqaro pley-offi gʻolibi raqib sifatida tushdi. Katta ehtimol bilan, bu — Kongo Demokratik Respublikasi.
Kongo Demokratik Respublikasi — ehtimoliy raqib
Kongo DR Jahon chempionati saralashini yuqori darajada oʻtkazib, Senegaldan atigi 2 ochko kam toʻpladi. Afrika pley-offida esa Nigeriyani magʻlub etdi.
Jamoa tarkibida hozirgi kunda Yevropa TOP-5 ligalarida oʻynaydigan 13 nafar futbolchi bor. Ular orasida Yoan Vissa (“Nyukasl”), Aron Van-Bissaka (“Vest Xem”), Charlz Pikkel (“Espanyol”) kabi futbolchilar bor.
Demak, bu savatdan ham Oʻzbekistonga oson raqib tushmadi.
Qurʼa natijasiga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun musobaqa yoʻli oson boʻlmaydi. Portugaliya va Kolumbiya jahon futbolida juda kuchli oʻyin koʻrsatadigan raqiblar sanaladi. Pley-off gʻolibi sifatida katta ehtimol bilan Kongo DR tushishi ham guruhni yanada murakkab qiladi.
Shunga qaramasdan, qanday boʻlmasin, “oq boʻrilar”dan chiroyli oʻyin, qaysarlik va yurtimiz sharafini munosib himoya qilish kutamiz.
Muhammadamin Zuhriddinov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring