“Oʻzbekiston –2030” strategiyasining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida taʼkidlangan vazifaga muvofiq, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qayta koʻrib chiqilgan loyihasi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Shu yilning 26-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqish vazifasini taʼkidladi.
2023-yilda qabul qilingan mazkur dasturiy hujjat qisqa davrda mamlakat taraqqiyotining barcha yoʻnalishlarida sezilarli natijalarni taʼminladi. Xususan, kambagʻallik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik 6,8 foizdan 4,9 foizga tushdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 103 mlrd dollardan 145 mlrd dollarga, eksport hajmi 25 mlrd dollardan 33,4 mlrd dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 17 mlrd dollardan 43 mlrd dollarga yetdi. Shuningdek, xorijiy turistlar soni 6,6 million nafardan 8,6 million nafarga oshdi, maktabgacha taʼlim qamrovi 72 foizdan 78 foizga, oliy taʼlim qamrovi 42 foizga yetdi. Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan davlatlar soni esa 144 tadan 164 taga koʻpaydi.
Shu bilan birga, soʻnggi ikki yilda Prezident tomonidan 650 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinib, 500 dan ziyod turli darajadagi yigʻilish, uchrashuv va taqdimotlarda barcha sohalar boʻyicha yangi vazifalar belgilab berildi.
Dastlab 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qoʻyilgan boʻlsa, endilikda ushbu marraga 2026-yilning oʻzida erishish kutilmoqda. Shu bilan birga, kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi. Yaʼni, yurtimizda barcha sohalarda yuqori marralar olinyapti.
Aholi sonining oʻsishi ham yangi maqsadlarni belgilashda muhim omil sifatida qayd etildi. Jumladan, 2023-yilda 36,7 million nafar boʻlgan aholi soni 2030-yilga borib 41 million nafargacha oshishi prognoz qilinmoqda.
Bundan tashqari, jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlarda tendensiyalar va dinamika oʻzgaryapti. Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt, aholi ehtiyojlari ham yangi qadamlarni, aniq rejalarni kun tartibiga qoʻyyapti.
Mazkur oʻzgarish va natijalarni hisobga olib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu jarayonda vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalarning 350 nafardan ortiq vakillari ishtirok etib, Strategiyada belgilangan barcha 444 ta samaradorlik koʻrsatkichi bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqildi.
Yangilangan Strategiya loyihasining asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:
Birinchidan, barcha koʻrsatkichlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi marralarga moslashtirildi va toʻldirildi. Bunda, yurtdoshlarimizga munosib sharoit yaratadigan, har bir inson va oila hayotida seziladigan maqsadlarga alohida eʼtibor qaratildi;
Ikkinchidan, barcha koʻrsatkichlar oʻlchanadigan, yaʼni, son shaklida (foiz, ulush, daraja, hajm, nisbat, ball, indeks) boʻlishi qatʼiy belgilandi. Hisoblab yoki baholab boʻlmaydigan, umumiy vazifa, topshiriq va “shior” koʻrinishidagi koʻrsatkichlar chiqarib tashlandi (bunday bandlar 130 ta);
Uchinchidan, barcha samaradorlik koʻrsatkichlarining bajarilishi 2030-yilgacha yilma yil belgilandi. Yaʼni, har bir ijobiy oʻzgarishni yillar kesimida koʻrish imkoniyati yaratildi;
Toʻrtinchidan, Strategiyada har bir vazirlik va idora oʻz oʻrnini topdi. Xususan, loyihaga koʻra, 60 taga yaqin davlat organlariga tegishli samaradorlik koʻrsatkichi belgilandi;
Beshinchidan, har bir samaradorlik koʻrsatkichiga erishilishini taʼminlaydigan moliyaviy manbalar aniq koʻrsatildi;
Oltinchidan, endi soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiya va strategiyalari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq holda ishlab chiqilishi qatʼiy belgilanadi. Jumladan, keyingi yil 50 tadan ziyod shunday konsepsiya (4 ta), soha va tarmoqlarni rivojlantirish strategiyalari (38ta) hamda har bir hududni rivojlantirish strategiyalarini (14 ta) qabul qilish rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, Strategiyada belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish barcha darajadagi tashkilotlar uchun ustuvor vazifa hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq, yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor boʻlgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi.
Shunga koʻra, Strategiya loyihasi bugun uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi. Mazkur jarayonda ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni chuqur tahlil qilish, ularning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka xolis va atroflicha yetkazishda OAVning masʼuliyati va roli yanada ortishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring