Hokim yordamchisi kimga yordamchi?

15:00 26 Dekabr 2025 Jamiyat
886 0

«Xalqimizda koʻrmaganning koʻrgani qursin, degan zoʻr maqol bor. Bu degani ochkoʻz kimsaga amal tegsa tamom: toshning oʻrniga togʻni yutmoqchi, suvning oʻrniga daryoni ichmoqchi boʻladi. Poraxoʻrga amal tegsa joningdan boshqasini olmoqchi boʻladi. Ustoz Abdulla Qahhor aytganidek, bundaylar tipratikonni ham teskari yutadi...”

Bu satrlar yozuvchi va publitsist Ashurali Joʻrayevning “Och boyvachchadan qoch!” hajviy monologidan olindi. Yoʻq, Ashurali Joʻrayev buni yaqinda 2 ming AQSH dollarini olayotib qoʻlga tushgan nurafshonlik poraxoʻr hokim yordamchisi haqida yozmagan. Adib bu fikrlarni 1990-yillarning soʻnggida qogʻozga tushirgan. Lekin Ashurali akaning bu satrlarini oʻsha xabarga shundoqqina koʻchirib qoʻysa ham boʻladi, ayni qolipiga tushadi.

Mahallaga hokim yordamchisi kerakmi?

Qishning ilk kunlaridan birida ommaviy axborot vositalarida tarqalgan bir xabar jamoatchilik eʼtiborini tortib, koʻpchilikni oʻyga toldirdi. Rasmiy axborotlarga koʻra, Nurafshon shahridagi mahalla fuqarolar yigʻini hokim yordamchilaridan biri pora bilan qoʻlga tushgan.

U Toshkent shahrida yashovchi fuqaroni mansabdor boʻlgan tanishi orqali Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Toshkent viloyati boshqarmasiga ishga joylashtirishni vaʼda qilib, evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan. Hokim yordamchisi pulni olayotgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ushlanib, uning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyilgan. Xabarlarda ushbu hokim yordamchisi avval ham bir necha bor sudlangani maʼlum qilinadi. Ayni paytda unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, tergov harakatlari olib borilayotgani maʼlum qilingan.

Aybsizlik prezumpsiyasiga koʻra, poraxoʻrning shaxsi oshkor etilmagan. Bundan avval esa Toshkent viloyatining boshqa bir tumanidagi mahallalarning birida aynan hokim yordamchisi vazifasida mehnat qilayotgan davlat xizmatchisi ham pora bilan hibsga olingan edi. Toʻgʻri, hokim yordamchisining mehnat vazifasiga aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish ham kiradi. Ammo, oʻzgadan pora olib, uning bandligi taʼminlash maqsadga ham, insofga ham muvofiq emas-da...

Yuqoridagi korrupsion holatlar koʻpdan beri jamoatchilikda muhokama qilinayotgan savolni yana kun tartibiga olib chiqdi: hokim yordamchisi lavozimi bugungi maqsad va vazifalarni bajaryaptimi? Ushbu tizimning samaradorligi qay darajada? Hokim yordamchisi aslida kimga yordamchi?

Tizimning maqsadi va real natijalar

Maʼlumki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab mahallalarda hokim yordamchisi instituti joriy etildi. Ularning asosiy vazifasi – aholi bilan bevosita ishlash, kambagʻallikni qisqartirish, muammolarni joyida hal etish, hokimning bevosita mahalladagi vakolatli vakili sifatida xalqqa xizmat qilish edi. Asl maqsad bugun qay darajada amalga oshdi?

Biz barcha hokim yordamchilarini salbiy holatlarda ayblash fikridan uzoqmiz. Lekin guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Mavjud muammolarni yashirish ham toʻgʻri emas, albatta.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga qarang:

• Qiziriq tumanidagi hokim yordamchisi 33 million soʻm kredit olib berish evaziga 4,5 million soʻm pora olayotganida ushlandi.

• Uchtepa tumanidagi hokim yordamchisi tadbirkorga yer maydonini auksion orqali rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, 30 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.

• Peshku tumanidagi hokim yordamchisi yer maydonini onlayn auksion orqali sotib olib berish uchun 6 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.

• Navoiy va Andijonda hokim yordamchilari kredit olib berishni vaʼda qilib, pora talab qilgan holatlar aniqlandi.

• Urgut tumanidagi hokim yordamchisi 2,5 ming AQSH dollari miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda hokim yordamchilari bilan bogʻliq 309 ta korrupsiyaviy jinoyat qayd etilgan. Bu raqamning oʻziyoq ushbu tizimni jiddiy tahlil qilish va qayta koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatadi.

Toʻrt yilda ishimiz besh boʻldimi?

Toshkent viloyatidagi mahallalarda mehnat qilayotgan hokim yordamchilari faoliyatini yoritish maqsadida tez-tez mahallalarda boʻlamiz. Muloqot davomida hokim yordamchilaridan “Faoliyat yuritayotgan mahallangizda kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻyicha soʻnggi toʻrt yil davomida namuna qilib koʻrsatgulik loyihangiz bormi?” – deb soʻraganimizda, shu kunga qadar ular aytarli loyiha bilan maqtana olmaganini qayd etish biz uchun oson emas, albatta.

Toʻgʻrisini aytaylik, “tomorqada issiqxona tashkil etdim”, “chorva uchun kredit berdim”, “mahallamdagi falonchining tomorqasida fevralda sabzi pishdi”, “mahallamda pistonchi guldan falon million daromad oldi” degan gaplarni eʼtiborga olmay turaylik. Chunki, avvalambor issiqxona, chorva, tomorqa bilan shugʻullanuvchilar oldin ham boʻlgan, bundan keyin ham boʻlishi tabiiy. Buning uchun har bir mahallada butun boshli shtat saqlashga zarurat borligi bahsli masala. Qiziqishi, uquvi bor kishi bu ishlarni kreditsiz ham, agar kreditga zarurati boʻlsa hokim yordamchisisiz bank bilan ham hal qilishi mumkin. Zotan, bugungi davr tadbirkorlik uchun barcha imkoniyat va qulayliklarni yaratib qoʻygan.

Hozirgi mezonga asosan xom-choʻt qilinsa, moʻmay ish haqi, ustiga-ustak samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida maoshga qoʻshimcha ustama olgan holda, qariyb toʻrt yillik faoliyati davomida oʻz mahallasini kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantira olmagan hokim yordamchisining faoliyatini qanday baholash mumkin?

Nurafshon shahri hokimi Ilhom Klichxanov 2023-2025-yillarda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida shahar ahliga yoʻllangan murojaatida bir qancha hokim yordamchilari faoliyatiga baho berib, “Dehqonobod”, “Navroʻz”, “Qumariq”, “Maʼrifat”, “Obod”, Oybek, Muqimiy va “Oppoq” mahallalari hokim yordamchilari ishini tanqid qilgan, ularni oxirgi marta ogohlantirgan edi. Kambagʻal oilalar tomonidan mikroloyihalar tashkil etish boʻyicha sustkashlikka yoʻl qoʻygan “Navroʻz” mahallasi hokim yordamchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilib, “Qumariq” mahallasi hokim yordamchisini lavozimidan ozod etish taklifini bergan edi. Oʻrta Chirchiq tumani hokimi Ixtiyor Kasimov esa yaqinda uch nafar hokim yordamchisini faoliyatida yoʻl qoʻygan sustkashliklari uchun vazifasidan ozod etgan edi...

Oʻylab qoladi kishi, odatda, guruch kurmaksiz boʻlmas edi. Bu holatda kurmak guruchli boʻlib ketmayaptimi?

Tizimni tahrir qilish kerakmi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu institut oʻz vaqtida juda muhim vazifani bajardi. Mahallalarda ijtimoiy faollik oshdi, aholi muammolari joyida oʻrganila boshlandi, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tajriba toʻplandi va odamlarda tadbirkorlik koʻnikmalari ortdi. Biroq bugungi davr sharoiti va talablarining oʻzi bu lavozimni davom ettirish yoki uni yangi bosqichga olib chiqish masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda.

Balki toʻrt yillik tajribaga tayangan holda, hokim yordamchilari instituti oʻz oldiga qoʻyilgan vazifani bajardi, deyishning vaqt kelgandir? Yoki uni tubdan isloh qilish, vazifalarni qayta belgilash lozimdir? Axir, shu kungacha asosan kredit uchun xulosa berib kelgan hokim yordamchisining xizmat vazifasini bajarish uchun mahalla tizimida bank xodimi ham mehnat qilyapti-ku.

Siz bunga nima deysiz?

Otabek ISROILOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?