21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni

Hech shubhasiz, xalqning oʻzligini namoyon etuvchi qadriyatlaridan biri uning milliy tilidir. Til millatning yashashi va ravnaq topishining kafolati, kerak boʻlsa asosiy sharti hisoblanadi. Zotan, bugungi tahlikali davrda har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash maqsadida, avvalo, oʻz ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiy.
Bugun, Bosh prokuraturada “Til yashasa, millat yashaydi” shiori ostida koʻtarinki ruhda oʻtkazilgan tadbir ham ayni shu masalalarga bagʻishlandi.
Videoselektor shaklida oʻtkazilgan ushbu tantanali tadbirda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi masʼul xodimlari ishtirok etishdi.
Shuningdek, mazkur tadbirda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodirjon Xolboʻtayev, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Qudratxoʻja, Oʻzbekiston xalq yozuvchilari Iqbol Mirzo va Mahmud Toir, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Lola Eltoyeva, Behzod Muhammadkarimov, Zuxra Ashurova, parlament aʼzolari va boshqa taniqli madaniyat, sanʼat va adabiyot namoyondalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham qatnashishdi.
Bayram tadbirini Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev kirish soʻzi bilan ochib, 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan barchani muborakbod etdi hamda yurtimizda oʻzbek tiliga berilayotgan eʼtibor va amalga oshirilayotgan muhim islohotlarga toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va mavqeini mustahkamlash borasida chinakam yangi davr boshlanganligi, ona tilimizning jamiyatning barcha sohalarida faol qoʻllanilishiga erishish, yosh avlodni tilimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlab oʻtildi.
Ayniqsa, taraqqiyotimizning yangi bosqichida ona tilimizning rivojiga xizmat qiluvchi ulkan qadamlar tashlanganligi, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini tubdan oshirishga qaratilgan aniq va manzilli chora-tadbirlar koʻrilganligi, ayniqsa, 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni deb belgilanganligi tarixiy voqelik boʻlganligiga alohida urgʻu berildi.
Shu bilan birga, Bosh prokuror davlat tiliga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosini soʻzsiz taʼminlashda prokuratura organlari xodimlarining masʼuliyatini yanada oshirish, avvalo, tizimning oʻzida davlat tiliga yuksak eʼtibor va hurmat ruhini shakllantirish masalalariga ham toʻxtalib, bu borada prokuratura organlari oldingi saflarda boʻlishi lozimligini eʼtiborga oldi.
Jumladan, prokurorlar imzolaydigan har qanday hujjat davlat tilining ustuvor qoidalariga toʻliq mos kelishi, har bir xodim davlat tilida yozma va ogʻzaki tarzda oʻz fikrini toʻgʻri ifodalay olish mahoratini egallashi, umuman, til haqidagi bilim va koʻnikmalarni boyitib borish, ona tilimizni har qanday tajovuzdan, qonun buzilishidan himoyalash prokuratura xodimlarining kundalik ishining bir qismiga aylanishi shartligi xodimlarga qatʼiy uqtirildi.
Bu borada prokuratura organlarining har qanday tekshirishida, yaʼni qaysi qonun ijrosi tekshirilishidan qatʼi nazar, tekshirilayotgan idorada davlat tili toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ahvolini majburiy ravishda oʻrganish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirda bayram munosabati bilan prokuratura xodimlari oʻrtasida tahliliy ish, savodxonlik va sheʼriyat yoʻnalishlarida oʻtkazilgan tanlov gʻolib va sovrindorlari diplom va sertifikatlar hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Tadbirda soʻz olgan taniqli sanʼatkor, olim, yozuvchi va shoirlar ham davlat tilining oʻrni va ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirishdi hamda bayram munosabati bilan barchani tabriklab, tegishli tavsiya va takliflari bilan oʻrtoqlashishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring