Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori

10:59 11 Oktyabr 2025 Madaniyat
237 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida oʻtgan navbatdagi yigʻilishidagi soʻzida koʻplab dolzarb masalalar qatori kelgusi yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning 585 yilligi hamda ulugʻ Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy tavalludining 885 yilligi keng nishonlanishiga eʼtibor qaratdi. Ana shu mumtoz siymolarning insonparvarlik, oʻzaro doʻstlik va birdamlik haqidagi gʻoyalari, bebaho adabiy merosini keng targʻib etish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi — Turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazishni taklif qildi.

Uchinchi irmoq

Bir qancha ilmiy tadqiqot va moʻtabar manbalarda qadim-qadimdan turkiy xalqlar orasida koʻplab ulugʻ avliyo va allomalar, mutafakkir va shoirlar, fotih va kuragi yerga tegmagan sarkardalar yetishib chiqqani taʼkidlanadi. Ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga mislsiz hissa qoʻshgan ikki Renessans davrida yurtimizdan kamolot choʻqqisiga yetgan olim va mutafakkirlarning ilmiy kashfiyotlari, adabiyot va sanʼat ahli tomonidan yaratilgan betakror ijod namunalari roʻyxatining oʻzi bir necha jildli kitobni tashkil etishi bu haqiqatning oydin dalilidir.

“Har gulning oʻz isi bor” deganlaridek, moziyda oʻtgan olim-u fozillarning har biri ilm-fan, adabiyot va sanʼat olamida oʻz oʻrniga ega, albatta. Ammo ulugʻlarimiz orasida javohirlar shodasida oʻzgacha yogʻdu taratuvchi Koʻhinur olmosidek alohida ajralib turadigan bir siymo borki, u — turkiy xalqlarni birlashtiruvchi maʼnaviy yalovbardor, oʻzbek mumtoz adabiyotining asoschisi hazrat Alisher Navoiydir.

Mavlono Abdurahmon Jomiy “zamon va makonni oʻz izmiga boʻysundirgan zot” deya taʼriflagan, Zahiriddin Muhammad Bobur “benazir shaxs” deya yuksak baho bergan mumtoz shoir bobomizning shaxsiyati va ijodi besh asrdan ziyod muddatda sogʻlom tafakkur sohiblari uchun komillik mayogʻi, mahorat maktabi vazifasini oʻtab kelmoqda. Odatda, davrlar oʻtishi bilan aksar tarixiy siymolar avlodlardan yiroqlashadi. Ammo har bir qoidada istisno bor. Hazrat Navoiy ham vaqt oʻtgani sayin millatimizga yanada yaqinlashib, har jabhada muallimlik qilmoqda. Zotan, uning nurli hayoti, bunyodkorlik ishlari, mamlakat tinchligi va obodligi yoʻlidagi jasorati va himmati, ilm-fan, sanʼat, madaniyat ahliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi qanchalik ibratli boʻlsa, har jihatdan hayratlanarli ulkan ijodiy merosi bugungi kun savollari, kelajak ideallariga javob topishda bebaho sarchashma hisoblanadi.

Milodiy XV asrga qadar Xuroson va Movarounnahr mintaqasida baqamti yashab kelgan xalqlarning mushtarak madaniy-maʼnaviy merosi, asosan, fors va arab tillarida yaratilgan boʻlsa, Alisher Navoiyning amaliy saʼy-harakatlari, barakali ijodi sharofati ila turkiy tilda yaratilgan adabiyot musulmon Sharqi ilm-u irfon dengiziga uchinchi kuchli irmoq boʻlib qoʻshildi. Uning daholigi shundaki, arab va fors adabiyotlarining koʻp asrlik tajribalarini ijodiy oʻzlashtirgan holda yakka oʻzi ushbu adabiyotlarga teng boʻla oladigan muhtasham adabiy obidalar yarata oldi. Mutafakkir bobomiz adabiy-badiiy, diniy-tasavvufiy va ilmiy asarlari bilan oʻzbek adabiyotining oʻzigacha boʻlgan davrdagi kemtiklarini toʻldirib, soʻz sanʼati borasida turkiy til boshqa lisonlardan zarracha kam emasligi, aksincha, oʻziga xos latofat, zarofat va daqiqliklarga ega ekanini amalda isbotladi. Sharq-u Gʻarb olimlari bir ovozdan tan olganidek, Alisher Navoiyning ijodi alohida olib qaralganda mumtozlik darajadagi mukammal bir adabiyot talablariga toʻla-toʻkis javob beradi.

Shoirning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi oʻrnini tasavvur qilmoq uchun ungacha boʻlgan davr hamda keyingi asrlarni qiyoslash kifoya. Turkiylar asrlar davomida musulmon Sharqining siyosiy, iqtisodiy hayotida yetakchi xalqlardan boʻlganiga qaramay, madaniy hayot va ayniqsa, adabiyot sohasida turkiy tilning roli sezilarli darajada emasdi. Ulugʻ ajdodimizning olamshumul asarlari tufayli oʻzbek tili adabiy lison sifatida uzil-kesil shakllanib, bu tilda nainki shoir-u adiblar, balki olim-u fozillar ham turli mavzuda asarlar, ilmiy risolalar yozish imkonini qoʻlga kiritdi.

Daho ijodkorlarning tarixiy xizmati shundaki, ular oʻzlariga qadar hech kim qadam bosmoqqa jurʼat qilmagan yolgʻizoyoq soʻqmoqlardan yurib, xalaflari uchun yangi yoʻllar ochadi. Alisher Navoiydan ulgi olgan, uni oʻzlariga “muallimi avval” deb bilgan boshqa turkiy xalqlar namoyandalari ham oʻz ona tillarida milliy adabiyot yaratishga kamarbasta boʻldi. Alhol, boshqa turkiy xalqlarning adabiyoti ham mumtozlik darajasiga koʻtarildi. Shu maʼnoda, Alisher Navoiy ijodini butun turkiy xalqlarning maʼnaviy bayrogʻi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Vaqtdan gʻolib siymo

Arablarda “Dunyodagi hamma narsa vaqtdan qoʻrqadi, vaqt esa ehromlardan”, degan mazmunda hikmat bor. Bu naqlda ehromlarning asrlar suronidan omon chiqqani, hatto shafqatsiz vaqtdan ham gʻolib kelganiga ishora bor. Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi ham vaqtdan gʻolib qadriyatlar sirasiga kiradi. Xoʻsh, uning ijodi umrboqiyligining siri nimada?

Avvalo, “avliyolar avliyosi” deya taʼriflangan mutafakkir bobomiz ijodi Qurʼoni karim, hadisi sharif kabi boqiy sarchashmalardan suv ichganini alohida taʼkidlash joiz. Har bir satri ilohiy hikmat, insoniy ibratga yoʻgʻrilgan asarlarning zamonlar evrilsa-da, ahamiyatini misqolcha yoʻqotmay kelayotgani bosh sababi shu. Qolaversa, yolgʻondan hazar qilgan bu ulugʻ zot har qanday vaziyatda ham faqat rost soʻzni aytmoqni burchi deb bilgan. Sirasini aytganda, “Soʻzda, Navoiy, ne desang, chin degil”, shiori bilan yashagan haqgoʻy shoir adabiyotda faqat rost soʻz yashashga haqligiga ishonar edi. Oʻz umri davomida hayotning barcha achchiq-chuchugini totib, oddiy navkarlikdan mamlakat siyosatining asosiy ustuni darajasigacha boʻlgan bosqichlarni bosib oʻtdi, taqdirning turli-tuman sinovlariga bardosh berdi. Shu bois mutafakkir shoir haqiqat va adolatning shunchaki kuychisi emas, balki faol kurashchisiga aylandi. Uning asarlarida yuksak tarzda badiiy ifoda topgan xulosa va kuzatuvlar, mushohada va mulohazalar, rost soʻz va raso fikr vobasta boʻlgan hikmatlar haqqoniyligi, hayotiyligi bilan bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas.

Adabiyot atalmish sohir sanʼat paydo boʻlganidan buyon roʻyi zaminda necha yuz minglab shoirlar, adiblar yashab oʻtgandir. Illo, ular orasida Alisher Navoiy kabi jahoniy shuhrat qozongan, nomi insoniyat tarixiga abadiyan muhrlanganlari kam. Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov topib aytganidek, “Lekin, doʻstlar, sheʼr ahli aro jahongiri kam boʻlar, rosti”.

Homer, Firdavsiy, Nizomiy, Dante, Shekspir kabi alp ijodkorlarning moʻjizakor ijod namunalari qatorida hazrat Navoiyning merosi, ayniqsa, bezavol “Xamsa”si ham jahon tamadduni yilnomasining oltin sahifasini tashkil etadi. Abdurahmon Jomiyning “Alisher Navoiy “Xamsa”si — temuriylar saltanatining eng muhim hosilasi”, degan bahosida ulkan hayotiy haqiqat mujassam. Chindan ham, oʻzbek xalqi tafakkuri qomusi oʻlaroq yaratilgan bu asar sohibqiron Amir Temur asos solgan qudratli saltanatda amalga oshirilgan maʼnaviy islohotlarning xulosasi oʻlaroq maydonga chiqdi. Besh xazina — besh dostondan iborat ushbu muazzam asar oʻzbek xalqining maʼnaviy qudrati uning harbiy va siyosiy salohiyatidan aslo kam emasligi, maʼrifat va adolat oʻzbek davlatchiligi, tafakkurining asosini tashkil qilishiga yaqqol dalildir. Jahon siyosati, harb-u zarb tarixini oʻzbek xalqi asos solgan davlatchiliksiz tasavvur etib boʻlmaganidek, dunyo adabiyoti, insoniyat tafakkuri tarixini Alisher Navoiy siymosi va uning qalamiga mansub hayratangiz asarlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Mutafakkir shoirning yuksak badiiy yoʻsinda ifoda etilgan insonparvarlik qarashlari barcha davr-u zamonlarda olam va odam, haqiqat va adolat, toʻgʻrilik, insof, rostgoʻylik, oʻzlikni anglash va shu orqali Yaratganni tanish kabi umrboqiy jumboqlar haqida tafakkur qilish, oqilona xulosalar chiqarishga koʻmakdosh boʻlib kelayotir. Ayniqsa, bugungi tahlikali zamonda “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ, Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish”, deya oʻgit bergan zotning tinchlik va farovonlik, vatanparvarlik va insonsevarlik xususidagi mushohadalari yanada koʻproq ahamiyat kasb etmoqda.

Milliy maʼnaviyatimizning oʻqtomiri

Alisher Navoiyning shaxsiyati va ijodiga qiziqish uning hayotligi davridayoq boshlangani maʼlum. Mutafakkirning hayotidan naql etuvchi ilk tarixiy manba Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼ us-saʼdayn va majmaʼ ul-bahrayn” boʻlsa, adabiy faoliyati haqida birinchi boʻlib boshqa bir samarqandlik olim — Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarida maʼlumot berilgan. Navoiyshunoslikning asl Vatani — bugungi Oʻzbekiston ekanini hisobga olgan holda, milliy davlatchiligimizning maʼnaviy asosi va oʻzligimizni anglash jarayonini ulugʻ bobomizning shaxsiyati, uning ummondek teran, togʻlardek ulkan merosini tadqiq va targʻib etish bilan bogʻliq ravishda amalga oshirishimiz lozim. Negaki, xalqimiz madaniy hayoti va tarixini muazzam bir chinorga oʻxshatsak, hech shubhasiz, hazrat Navoiyning ijodi ushbu azim ogʻochning oʻqtomiridir.

“Lison ut-tayr” dostonida bunday bayt bor:

Odamigʻa yaxshi koʻp avsof erur,

Lek alarning ashrafi insof erur.

Agar shu baytdagi hikmatga amal qilib, insof yuzasidan fikr yuritsak, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Alisher Navoiyning shaxsiyati va bebaho merosini targʻib qilish boʻyicha juda koʻp ishlar va tashabbuslar amalga oshirilganiga amin boʻlamiz. Ayniqsa, mutafakkir bobomizning 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi Prezident qarori jahon navoiyshunosligining yangi sifat bosqichiga koʻtarilishida mustahkam huquqiy asos boʻldi. Dunyo ziyolilari tomonidan “Turkiy xalqlarning Nobel mukofoti” deya eʼtirof etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis qilinishi, oʻttiz jilddan iborat “Istiqlol davri oʻzbek navoiyshunosligi” ilmiy tadqiqotlar majmuasining nashri kabi ezgu ishlar orqali shoir muhiblarining koʻp asrlik orzulari roʻyobga chiqayotir. Koreya Respublikasi, Belarus, Qozogʻiston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston kabi mamlakatlarda Alisher Navoiyning haykal va byustlari oʻrnatilishi ham shundan guvohlik beradiki, olib borilayotgan adolatli va maʼrifatparvar siyosat tufayli jahon hamjamiyati Oʻzbekiston deganda Navoiyni, Navoiy deganda Oʻzbekistonni tasavvur etmoqda.

Turkiyzabon mamlakatlar ichida Alisher Navoiyning ijodini oʻrganish, tarjima va tadqiq etish borasida Iso Habibbeyli, marhum Ramiz Askar, Yashar Qosim, Almaz Binnatova, Bedirxon Ahmedli, Gʻolib Sayilov, Akif Azalp kabi qardosh ozarbayjonlik olimlarning ilgʻor safda turgani bizni alohida quvontiradi. Alisher Navoiyning bezavol “Xamsa”si, “Mahbub ul-qulub” va boshqa nasriy asarlari hamda oʻzbek navoiyshunoslari eng yangi tadqiqotlarining ozarbayjon tiliga tarjima etilishi hamda Navoiy va ozarbayjon adabiyoti masalalarining yoritilishida bu olimlarning xizmati ulugʻ.

Moʻysafid dunyo yana toʻqnashuvlar, manfaatlar ziddiyati, tahlika-yu talvasalarga roʻbaroʻ boʻlmoqda. Kiprikdagi yoshdek qalqib turgan kurrai arzdagi shiddatkor oʻzgarishlarni koʻrib inson yuragiga vahm tushadi. Maʼnaviy jabhadagi xatarlar, koʻz koʻrib quloq eshitmagan tahdidlardan aql shoshadi. Nazarimizda, maʼnaviy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashga bel bogʻlagan bugungi kun ziyolisi Alisher Navoiy asarlari bilan qurollanmogʻi lozim va lobiddir.

Texnokratik inqiloblar zamonida odam farzandining insoniy qiyofasini yoʻqotmay, asli-nasli, ildizidan uzoqlashmay yashashi chin qahramonlik boʻlib qolmoqda. Bunday vaziyatda Alisher Navoiy hamda unga tugʻishgan birodardek boʻlib qolgan boshqa mutafakkirlarning maʼnaviy rahnamoligida yashamoq oqilona yoʻldir.

Olimjon DAVLATOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер