Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi

19:07 17 Yanvar 2026 Madaniyat
160 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida taniqli adib Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” tarixiy romani taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda adabiy jamoatchilik vakillari, professor-oʻqituvchilar, yosh tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Taqdimot davomida “Yaldo kechasi” romani zamonaviy oʻzbek adabiyotidagi muhim badiiy-estetik hodisa sifatida baholanib, uning gʻoyaviy mazmuni, tarixiy asoslari va badiiy yechimlari atroflicha tahlil qilindi. Asarda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanida boshlangan tarixiy-milliy tafakkur yoʻli mantiqiy va badiiy jihatdan davom ettirilgani, uch avlod taqdiri misolida shoʻro mustamlakachiligi davridagi millat fojiasi, ozodlik hamda maʼrifat uchun kurash jarayonlari chuqur ochib berilgani taʼkidlandi.

Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov romanni milliy nasrimizdagi yirik epik asarlardan biri sifatida baholab, muallifning katta tarixiy masʼuliyatini zimmasiga olgan holda keng koʻlamli arxiv materiallari, jadid matbuoti va tarixiy manbalarga tayanganini alohida qayd etdi. Taʼkidlanishicha, yozuvchi uch avlod obrazlari orqali xalq va Vatan boshidan kechirgan tarixiy sinovlarni badiiy mantiq asosida, tirik va ishonarli qahramonlar taqdiri orqali gavdalantira olgan.

Tadbir doirasida taniqli adib va adabiyotshunoslarning roman haqidagi baholari ham eʼtirof etildi. Jumladan, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov “Yaldo kechasi”ni oʻzbek adabiyotida badiiy jasorat namunasi sifatida baholab, asar Abdulla Qodiriy uslubiga ijodiy yondashuv asosida yozilgani, adabiy mistifikatsiya orqali mutlaqo yangi badiiy hodisa yuzaga kelganini taʼkidladi. Adabiyotshunos Xondamir Qodiriy esa roman bugungi avlod uchun maʼnaviy, tarixiy va axloqiy tarbiya berish salohiyatiga ega asar ekanini qayd etdi.

Taqdimotda yosh tadqiqotchilar va ijodkorlarning chiqishlarida romanning maʼrifatparvarlik gʻoyasi, milliy ongni uygʻotishdagi oʻrni, til va uslub masalalaridagi yuksak badiiy mahorati alohida eʼtirof etildi. Qahramonlar nutqining individualligi tarixiy davr ruhiga mos til birliklaridan mohirona foydalanilishi, ramziy qatlamning boyligi asarning estetik taʼsir kuchini yanada oshirishi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Yaldo kechasi” romanining yoshlar maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirish, vatanparvarlik va tarixiy xotirani mustahkamlashdagi ahamiyatiga toʻxtalib, ushbu asar nafaqat adabiy, balki maʼnaviy-maʼrifiy manba ekanini taʼkidladi. Universitet ilmiy-pedagogik jamoasi tashabbusi bilan Xayriddin Sulton adabiyot va maʼrifat rivojiga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun “Alisher Navoiy” medali bilan taqdirlandi.

Mazkur adabiy uchrashuv milliy adabiyotimizning uzviy davomiyligini anglash, tarixiy tafakkurni badiiy idrok orqali teranlashtirish hamda ijodkor va yosh avlod oʻrtasidagi maʼnaviy muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?