Oʻzbekistonda suvli-botqoqli yerlarni muhofaza qilish boʻyicha Milliy strategiya ishlab chiqiladi
Samarqandda boʻlib oʻtayotgan CMS COP14 xalqaro konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Suvli-botqoqli hududlar toʻgʻrisidagi “Ramsar” konvensiyasi bosh kotibi Musonda Mumba bilan uchrashdi.
Vazir yuqori martabali mehmonga Samarqandga tashrifi va Yovvoyi tabiatning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishidagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston, xususan, Samarqand global ekologik muloqotlar markaziga aylanayotgani, xususan, yaqinda BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CRIC-21) oʻtkazilgani va aprel oyida Samarqand Iqlim boʻyicha xalqaro forumga mezbonlik qilishi taʼkidlandi.
“Atrof-muhitni muhofaza qilish Oʻzbekiston hukumati uchun chinakam ustuvor vazifaga aylandi. Mamlakat Prezidentining Dubayda boʻlib oʻtgan COP28 iqlim sammitidagi ishtiroki ham fikrimizning isbotidir. Davlatimiz rahbari tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish mexanizmlarini yanada qattiqroq qoʻllash, muqobil energiya manbalariga oʻtish va ekologik taʼlimni kuchaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — Biz Markaziy Osiyo mintaqasi global iqlim muammolarini bartaraf etish, umumiy farovonlik yoʻlida birlashishi tarafdorimiz”.
Uchrashuv davomida “Ramsar” konvensiyasi bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi. Vazir “Jiltirbas” koʻli xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvli-botqoqli yerlar roʻyxatiga kiritilgani uchun tashakkur bildirdi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekistonning 5 ta hududi “Ramsar” konvensiyasi roʻyxatiga kiritildi. Bular: “Dengizkoʻl” koʻli (2001), Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi (2008), “Toʻdakoʻl” va Quyimozor suv havzalari, Sudochye (2023) hamda “Jiltirbas” (2024).
“Jiltirbas koʻlining xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvli-botqoqli hududlar roʻyxatiga kiritilishi biz uchun ushbu hududda tabiatni muhofaza qilish choralarini yanada kuchaytirish uchun qonuniy asos boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda ekoturizmni rivojlanish uchun imkoniyat yaratadi”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Uchrashuvda, shuningdek, GIZ tashkiloti bilan hamkorlikda “Sudochye” koʻli hududini boshqarish, suvli-botqoqli yerlarni muhofaza qilish boʻyicha Milliy strategiya ishlab chiqish rejalashtirilayotganligi qayd etildi. Bu strategiya “Ramsar” obyektlarini qamrab oladi va suvli-botqoqli yerlar hamda suv havzalarini muhofaza qilishni kuchaytirishga zamin yaratadi.
Uchrashuv davomida Musonda Mumba ekologiya sohasidagi fidoiy xizmatlari uchun “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Aziz Abduhakimov “Ramsar” bosh kotibiga atrof-muhitni muhofaza qilishga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Yakunida atrof-muhit va suvli-botqoqli yerlarni asrashga qaratilgan amaliy ishlar va tashabbuslarni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda, shuningdek, mintaqaviy miqyosda — Markaziy Osiyoda “Ramsar” obyektlari tarmogʻini rivojlantirish va suv qushlari turlarini transchegaraviy saqlash, “Ramsar” obyektlarida turizm imkoniyatlarini oʻrganish, jamoatchilik va yoshlarni jalb qilish borasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring