Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazildi

14:21 12 Iyul 2024 Jamiyat
169 0

Joriy yilning 9-11-iyul kunlari Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida bakalavriatning “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Abituriyentlar ijtimoiy fanlar va chet tilidan gapirish boʻyicha imtihonni topshirdi.

Imtihon jarayonlaridan avval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon oʻtkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, oʻsha vaqtning oʻzida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda oʻtkazilish maqsadida onlayn translyatsiya qilindi.

Akademiya hovlisida esa abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish va imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish uchun maxsus joylar tashkil etildi.

Shuningdek, imtihon paytida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlarining vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, Toʻlabek (Qaldirgʻochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi masʼul xodimlari mehmonlarga mashhur allomalar haqida maʼlumot berishdi.

Shu yerning oʻzida allomalar xotirasi yod etilib, Qurʼon tilovat qilindi.

Bundan tashqari, imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus xonalar tashkil etilib, imtihon topshirishlari uchun sharoit yaratildi.

Imtihon jarayonlarini Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi masʼul xodimlari adolatli va shaffof oʻtishini nazorat qilib bordi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер