Oʻzbekiston delegatsiyasi 10-Xalqaro Osiyo kongressida ishtirok etdi

16:25 20 May 2023 Siyosat
1026 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori A.Saidov Oʻzbekistonning Varshavadagi Elchixonasi koʻmagida 2023-yil 18-may kuni Torun shahrida “Qarashlar, oʻziga xosliklar, jamoalar” mavzusida har yili oʻtkaziladigan 10-Xalqaro Osiyo Kongressida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.

Forumning asosiy maqsadi – Markaziy Yevropa va Osiyo davlatlari diplomatlari, olimlar, ekspertlar oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, fikr va tajriba almashish uchun platforma yaratish, ushbu hududlar oʻrtasida turli sohalarda ekspertlar hamjamiyati va ishbilarmon doira vakillarining oʻzaro aloqalarini mustahkamlash boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Kongressda Osiyo mintaqasining bir qator davlatlarining Varshavada akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Polsha parlamenti deputatlari va senatorlari, Kuyav-Pomeraniya voyevodeligi va Torun shahri meriyasi rahbarlari, vazirlik va idoralar, Osiyo mamlakatlari boʻyicha olimlar va ekspertlar, Polshaning qator universitetlari rektorlari, jurnalistlar, ishbilarmon doira vakillarining maʼruzalari tinglandi.

Ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar ushbu tadbir koʻplab qiziqarli munozaralarga sabab boʻlishiga, natijada ilmiy jamoatchilik uchun muhim nashrlar paydo boʻlishiga ishonch bildirdi. Odatda har yili anjuman ishida faol ishtirok etayotgan Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Indoneziya, Hindiston, Qozogʻiston, Tailand, Malayziya, Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari vakillariga samimiy minnatdorlik bildirdilar.

Oʻz navbatida, A.Saidov tadbir ishtirokchilariga Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi, yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish boʻyicha 30-aprel kuni oʻtkazilgan umumxalq referendumi hamda 9-iyul kuni muddatidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berdi.

Shuningdek, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.

Polsha ishbilarmon va rasmiy doira vakillari Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatdagi tub ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi.

“Marshalek-Xolding” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi A.Marshalek 30-aprel kuni Oʻzbekistonda oʻtkazilgan umumxalq referendumida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini faxr-iftixor bilan taʼkidlab, bu tadbir unda chuqur taassurot qoldirganini bildirdi. U taʼlim, madaniy-gumanitar, turizm va nashriyot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini yana bir bor qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston — Polsha Markaziy Osiyo va Markaziy-Sharqiy Yevropaning asosiy va muhim davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida oʻziga xos “xab” vazifasini bajaradi.

Polsha Tashqi ishlar vazirligi Osiyo va Tinch Okeani departamenti direktori B.Shimanovska fikriga koʻra, Oʻzbekiston davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirishda chuqur va izchil oʻzgarishlarni amalga oshirish boʻyicha muhim tajribaga ega boʻlganligi bilan ajralib turmoqda. “Mamlakatni rivojlantirishda yangi bosqichning ustuvor yoʻnalishlari keng koʻlamda amalga oshirilishi ijobiy natijalarini bermoqda. Ushbu islohotlarni hayotga tatbiq etishda Polsha tomoni Oʻzbekiston hukumatini qoʻllab-quvvatlashga tayyor. Ishonchim komilki, 9-iyul kuni rejalashtirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik ruhda va muvaffaqiyatli oʻtkaziladi”, — dedi u.

Xalqaro Osiyo kongressi Ilmiy kengashi raisi, professor Yo.Marshalek-Kava Oʻzbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat kelajagi va xalq farovonligi uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Uning fikriga koʻra, ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan taʼlim sohasidagi tamoyillar davlatning kelajagi uchun muhim poydevor hisoblanadi.

“Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi taʼlim va ilmiy-akademik sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotgani bizni bagʻoyat quvontiradi. Joriy yil aprel oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkazilgan ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rektorlarining forumi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. N.Kopernik nomidagi Torun universiteti va Samarqand davlat universiteti oʻrtasida shekriklik aloqalari oʻrnatishdan manfaatdormiz”, — dedi u.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер