Nega bugun milliy jurnalistikamiz oqsamoqda?

13:34 25 Noyabr 2021 Madaniyat
396 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Nukus shahridagi Yoshlar markazida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamkorligida oʻtkazilgan mintaqaviy seminarda ana shu savol qizgʻin muhokama markazida boʻldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda yurtimizda jurnalistika sohasi rivojiga toʻsiq boʻlayotgan omillar, shuningdek, bosma nashrlar haqida fikr yuritildi.

— Internet nashrlar faollashdi, buning aksi oʻlaroq bosma nashrlarimiz qiyin ahvolga kelib qoldi, - deydi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov. — Nashrlar adadi tushib ketdi. Lekin biz bosma nashrlardan voz kecha olmaymiz. Internet bepul boʻlgan davlatlarda ham gazetalar chiqyapti va oʻqilyapti.

O. Oʻsarov oʻz mulohazalarini bayon etar ekan, “Biz ham bosma nashrlarni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Jurnalistikaning oqsashiga sabab birdamlikning yoʻqligidir”, degan fikrni ilgari surdi.

— Jurnalistlar zimmasida yuklangan vazifa, maqsad bir, yaʼni xolis, haqqoniy axborotni yetkazishdir. Lekin baʼzan ijtimoiy tarmoqlarda oʻqiyman, elektron nashrlar obuna ishlarini boshlanishi bilan bosma nashrlarga “hujum” qilib qolishadi. Yoki elektron nashrlarda biron holat boʻlib qolsa, bosma nashrlar ularga “hujum”ga oʻtadi. Agar biz shu holatda davom etsak, jurnalistikamiz rivojlanmaydi. Jurnalistikamizning oqsashiga sabab boʻlayotgan jihat ham shu, yaʼni birdamlikning yoʻqligidir. Qachonki, biz yaxlit jurnalistika sifatida shakllansak, koʻzlangan maqsadga erishish, rivojlanish mumkin. Elektron nashrlar Yevropa davlatlarida ham bor, lekin ularda bizdagi kabi tafovutlar yoʻq, - deydi Olimjon Oʻsarov.

Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidan taniqli jurnalistlar jurnalistika sohasini rivojlantirish oid maʼruzalari hamda nuroniy jurnalistlar takliflari tinglandi. Jurnalistikani rivojlantirish uchun hududlarda “Ustoz-shogird” anʼanalarini yoʻlga qoʻyish, mahorat maktablari tashkil qilish zarurligi aytildi. Shuningdek, ushbu mahorat maktablari faoliyat yuritishlari uchun Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan moliyaviy koʻmak berilishi taʼkidlandi.

Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillariga aʼzolik guvohnomasi va koʻkrak nishonlari topshirildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida faoliyat olib borayotgan 18 ta bosma nashrga “Yurida-Orfo” dasturi sertifikatlari Uyushma tomonidan begʻaraz yordam sifatida taqdim etildi. Ushbu dastur kirill alifbosida ijod qilayotgan katta avlod jurnalistlari matnlarini lotin grafikasiga oʻtkazish va gazeta sahifalariga joylash imkonini beradi.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?