Mumtoz navolar sehriga oshufta Registon
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali doirasida oʻtkazilgan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 32 ta davlatdan 50 nafardan ziyod musiqashunos, madaniyatshunos va sanʼatshunos olimlar, nufuzli oliy taʼlim muassasalari masʼullari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari ishtirok etdi.
Anjumanda musiqiy meros, musiqa madaniyati, milliy va zamonaviy musiqa sanʼatshunosligi muammolari, bugungi kundagi oʻzbek milliy musiqa sanʼati targʻiboti hamda dunyo hamjamiyati eʼtiborini oʻzbek musiqa madaniyatiga jalb qilishning innovatsion usullari mavzusida maʼruzalar tinglandi.
Xitoy, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Gambiya, Ummon va Iordaniya davlatlaridagi oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, konferensiya materiallari toʻplami taqdimoti hamda oʻzbek musiqa va maqom sanʼati, musiqiy meros tarixi hamda tadqiqiga oid kitoblar koʻrgazmasi, mahorat darslari, davra suhbati tashkil etilib, yakunda rezolyutsiya qabul qilindi.
Unga koʻra, Sharq xalqlari musiqa sanʼati anʼanalarini asrash va rivojlantirish, oʻzbek milliy musiqa va maqom sanʼatini yanada keng targʻib qilish, insoniy qadriyatlarni tarannum etadigan sanʼat bayramlari, adabiy davralar, ijodiy tanlovlar uyushtirish, bu maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga maktab yaratgan sanʼatkorlarni taklif qilish, xalqaro miqyosda ilmiy-ijodiy aloqalar doirasini kengaytirish kabi qator vazifalar belgilab olindi.

Anjuman yakunida ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirildi.
28-avgust kuni Registon maydonidagi asosiy sahnaga yurtdoshlarimiz Sherzod Mardonov, Asqar Temirov hamda Mirshod Quvondiqov juftligi chiqdi. Shuningdek, Fransiya, Mali, Rossiya, Vengriya, Yaponiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Liviya, Armaniston, Indoneziya, Pokiston, Xitoy, Misr, Kolumbiya hamda Nigeriya mamlakatlari vakillari oʻz mahoratini namoyish etib, barchaning olqishiga sazovor boʻldi.
— Samarqandga sayohat uchun kelgandim, — deydi xitoylik Pan Hong Yi. — Xalqaro festival oʻtkazilayotganini, turli davlat musiqalari ijro etilayotganini eshitib xursand boʻldim. Festival menda ajoyib taassurot qoldirmoqda. Ushbu maydonda turib, musiqa durdonalarini tinglash imkoniga ega boʻlganimdan mamnunman.
Festival qatnashchilari Registon maydonidagi asosiy sahnadan tashqari Samarqand shahri va bir qator tumanlarda ham oʻz konsert dasturlarini namoyish etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring