“Milliy tiklanish”ning uchta taklifi ham inobatga olindi

18:03 30 Noyabr 2020 Siyosat
855 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasiga bergan uchta taklifi ham amalda oʻz ifodasini topdi. Fraksiyaning bugun boʻlib oʻtgan yigʻilishida bu haqda maʼlum qilindi.

Fraksiya tomonidan ushbu qonun loyihasiga birinchi oʻqishda partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda uchta taklif ilgari surilgan edi.

Bular Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” fondi uchun byudjetdan ajratiladigan mablagʻni oshirish, maktabgacha taʼlim tizimida xizmat qilayotgan pedagoglarning mavqeini koʻtarish va ularning ish haqlarini koʻpaytirish hamda davlat-xususiy sherikchilik asosida barcha maktablarda oshxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va bu faoliyat bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar berish takliflari edi.

Fraksiya yigʻilishida bu takliflarning barchasi inobatga olingani taʼkidlandi. Xususan, “El-yurt umidi” fondi uchun kelasi yili ajratiladigan mablagʻ ikki barobarga oshiriladi. Yaʼni, jamgʻarmaga 2021-yil byudjetidan hukumat taklif qilganidek 30 mlrd.soʻm emas, 62.5 mlrd.soʻm ajratiladi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida kelajagimiz poydevori shakllanayotgani eʼtiborga olinib, pedagoglarning maoshi 2021-yilda 20 foizgacha oshiriladi.

Shuningdek, kelasi yilda Davlat byudjetidan taʼlim obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun qariyb 1,8 trln.soʻm ajratish belgilangan va bunda maktablarda zamonaviy shart-sharoitga ega boʻlgan oshxona va sport zallarini qurish va mavjudlarini taʼmirlash ham koʻzda tutilgani maʼlum qilindi. Yigʻilishda ushbu faoliyat bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarga maktab oshxonalarini 10 yilgacha nol foizda ijaraga berish ham koʻzda tutilgani taʼkidlandi.

– Prezidentimiz uygʻonish davrining ostonasi maktabdan boshlanishini koʻp bora taʼkidlayotgani bejiz emas, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov. – Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya, ilm-fan sohasidagi islohotlarga katta eʼtibor qaratilayotgani Oʻzbekistonning buguni emas, ertangi farovon kelajagini taʼminlash maqsadi bilan bogʻliq. Shu maʼnoda, fraksiyamizning 2021-yilgi davlat byudjetida oʻz aksini topgan uchta taklifi ham aynan farovon kelajagimiz bilan bogʻliqdir.

Yigʻilishda deputatlar Davlat byudjeti ijrosiga doir maʼlumotlar vazirlik va idoralar tomonidan oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinmagan taqdirda masʼul rahbarlarga jarima qoʻllash taklif qilinayotgani byudjet shaffofligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻlishini taʼkidladilar.

Shundan soʻng, deputatlar “2021-yil uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar. Prezidentimizning 2017-yil 13-sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida»gi qarori mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qildi. Buning natijasida nashriyotlar soni 140 tadan, kitob doʻkonlari esa 450 tadan oshdi.

– Ammo 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan 544-sonli Qonuning 4-moddasiga asosan joriy yilning 1-aprelidan boshlab bosma mahsulotlar, ommaviy axborot vositalari va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi joriy qilindi va bu matbaa mahsulotlari, jumladan, kitob savdosi hajmining tushib ketishiga sabab boʻldi, – dedi fraksiya aʼzosi Nodirbek Tilavoldiyev. – Partiya fraksiyasi tomonidan aynan kitobxonlik bilan bogʻliq xizmatlar uchun joriy qilingan QQSni bekor qilish taklifi ilgari surilgan edi va bu masala hamon hal qilinmadi.

Moliya vazirligi vakili bu masalaga javob berar ekan, soha vakillari bilan boʻlgan uchrashuvlarda matbaa mahsulotlari narxining oshishiga QQS emas, asosan qogʻoz narxining keskin koʻtarilayotgani sabab boʻlayotgani maʼlum qilingani, bu masalada “Milliy tiklanish” partiyasi bilan alohida uchrashuv tashkil qilish zarurligini bildirdi.

Maʼlumotlarga qaraganda, 31 ta davlatda QQS umuman qoʻllanilmaydi va yana 30 dan ortiq davlatda kitoblar uchun maxsus joriy etilgan QQS stavkasi amaldagi stavkalardan kam etib belgilangan. 17 ta davlatda esa kitoblar uchun QQS stavkasi amaldagi stavkalar bilan bir xil etib belgilangan.

Yigʻilishda deputatlar kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalarini ham muhokama qilib, tegishli qarorlar qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер