Malinachilik mahalla drayveriga aylanadi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Jomboy tumanida yillar davomida anʼanaviy dehqonchilik ekinlari parvarishlangan boʻlsa, bugungi kunda yangi turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Brokolli karami, soya, gulkaram, luk pari, malina shular jumlasidandir.
Ayniqsa, malina yetishtirish jomboyliklar uchun serdaromad yumushlardan biriga aylandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
— Mahallamiz malinachilik drayver sifatida belgilangan, — deydi “Nayman” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sanjar Karimov. — Uch yildan buyon hokim yordamchisi bilan birga aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib boryapmiz. Hozir 200 dan ziyod xonadon malina yetishtirish bilan shugʻullanadi va ularning safi yil sayin koʻpayib bormoqda.
Mahallada malinachilik keng yoyilishiga Oʻtkir Abdullayev oilasi sababchi boʻlgan. U dastlab tomorqasidagi 3-4 sotix yerda malina yetishtirib, bu ishning hadisini olgach, oʻzi va oila aʼzolari uchun ijaraga yer olib, 3 gektar maydonda malinazor tashkil etgan.
— Darhaqiqat, hovlimizda, tomorqamizda 200 dona koʻchat ekish bilan ishni boshlaganmiz. Sekin-asta koʻpaytirib, gektarga aylantirdik, — deydi Oʻ.Abdullayev. — Avvallari bizda hech kim malina koʻchatini ekmagan. Bundan oʻn yilcha oldin Janubiy Koreya, Rossiya davlatlariga borib ishlash jarayonida shu ekin parvarishi bilan qiziqib, keyin uni hovlimizda ekib koʻrdim.
Malina koʻp suv talab qiladigan ekin, har uch kunda sugʻorib turish, havo harorati ham juda issiq boʻlmasligi kerak. Bizning yerlarimiz Zarafshon daryosi va Mirzaariqqa yaqin boʻlgani uchun malina yetishtirishga qulay ekan. Yaxshi hosil beradi. Birinchi yili gektaridan 1 tonnagacha hosil olish mumkin. Toʻrtinchi yildan esa 8-10 tonnagacha yetadi. Oʻrta hisobda 200 million soʻm sof daromad olinsa, shuning 30 foizi ishchilarga beriladi, chunki mavsum davomida 35-40 nafar ayol malina teradi. Umuman, bir gektar malinasi bor dehqon 15-20 kishini ish bilan taʼminlaydi. Iyundan dekabrga qadar malina terish mumkin.
Bugun Nayman mahallasida malina parvarishlayotgan oilalar koʻp. Hatto shu yoʻnalishda dehqon xoʻjaliklari tashkil etilib, malina plantatsiyasi yaratilgan.
— Hozir mahallamizda 200 ga yaqin xonadan malinachilik bilan shugʻullanyapti, — deydi Oʻ.Abdullayev. — Ulardan qariyb 100 tasiga oʻzim koʻchat berganman. Men dastlab malina yetishtirganimda “kim oladi buni, hech kim yemaydi-ku” deganlar ham boʻldi. Toʻgʻri, ilgari malinani asosan shaharda boshqa millat vakillari xarid qilardi. Mana, endi oʻzimizning xalqimiz ham malinaning foydali, shifobaxsh neʼmat ekanligini angladi. Muhimi, mahsulotga xaridor izlamaymiz. Mahallamizdan kelib olib ketishadi. Ayni paytda Samarqanddan tashqari, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlaridan xaridorlarimiz bor, Toshkentga ham yetkazib beramiz.
Malinachilikning yana bir foydali jihati — koʻchat yetishtirib sotish. Malina urugʻidan yoki qalamchasidan koʻpaytirilmaydi, yonidan oʻsib chiqadi. Har yili ularni olib, koʻchat sifatida sotamiz. Bu ham hech qanday ortiqcha xarajat, mehnat talab qilmaydi. Faqatgina fevral oyida, malina uygʻonishidan oldin koʻchatni kovlab olib, sotish kerak. Boshqa paytda ham koʻchatni olish, ekish mumkin. Lekin koʻchatlarning barchasi amal olishi qiyin. Fevralda esa barcha koʻchatlar toʻliq koʻkarishiga amin boʻlganmiz.
Malina shoxlarini qancha siyrak qilib qoldirsangiz shuncha koʻp hosil olasiz. Eng muhimi, malina koʻchati ekilgan yilidayoq hosilga kirib, xarajatlaringizni qoplaydi, daromad ham beradi. Qishlogʻimizdan bir qoʻshnimiz shu yil boshida mendan 22 million soʻmga koʻchat sotib olib, malinazor yaratgandi. Aytishicha, shu paytgacha 30 million soʻmlik mahsulot sotibdi.
Birniki mingga, mingniki tumanga, degan gap bor xalqimizda. Naymanda Oʻtkir Abdullayev boshlagan malinachilik bugun butun mahalla ahlining asosiy daromad manbaiga aylandi.
— Mahallalarda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish yoʻlga qoʻyilganda biz malinachilikni tanlaganmiz, — deydi Nayman mahallasidagi hokim yordamchisi Yorqin Mardonqulov. — Chunki 200 dan ortiq xonadonda malina parvarishlanadi va bir sotixdan 4-5 million soʻm daromad qilinadi. Har bir xoʻjalikda oʻrtacha 5-6 sotixdan tomorqa borligini hisobga olsak, shu yerdan bir yilda 25-30 million soʻmgacha daromad qilish mumkin. Mehnati unchalik ogʻir emas, xarajat talab qilmaydi.
2026-yilga borib Nayman mahallasini toʻliq malinachilikka ixtisoslashtirish rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring