Malayziya kompaniyasi Oʻzbekistonda uy xoʻjaligi buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganmoqda

22:45 04 Oktyabr 2023 Jamiyat
390 0

Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi xodimlari Malayziyaning “Evershine Group of Companies” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Jun Lyu Xor bilan uchrashuv oʻtkazishdi.

Muloqot avvalida “Evershine Group of Companies”ning ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishish jarayonida kompaniya vakillari korxona tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar va ularning eksport bozorlari toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazishdi.

Oʻzbekiston diplomatlari, oʻz navbatida, Malayziya tomoniga 2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash, xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning huquqiy asoslari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdilar.

Tadbir davomida xorij tomoni bilan mamlakatimizda zanglamaydigan poʻlatdan keng turdagi uy xoʻjaligi buyumlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.

Muzokaralar natijasida “Evershine Group of Companies” kompaniyasi vakillari va mamlakatimizning salohiyatli tadbirkorlari oʻrtasida joriy yilning oktyabr oyida onlayn uchrashuv oʻtkazish hamda uning natijalariga koʻra xorij tomonining mamlakatimizga safarini tashkil etishga kelishib olindi.

“Evershine Group of Companies” kompaniyasi 1991-yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi zanglamaydigan poʻlatdan uy xoʻjaligi buyumlari va qurilish sohasida foydalaniladigan turli shakldagi panjaralar, oʻrindiqlar, dekorativ shakllar yasashga ixtisoslashgan. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar AQSH, Avstraliya, BAA va Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?