Mahallalar obodligi — yurt koʻrki

12:56 12 Avgust 2024 Jamiyat
105 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi Fargʻona viloyatida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy qilish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha faol ish olib bormoqda.

Aytish joizki, ishchi guruh tomonidan Qoʻqon shahrining 19 ta mahallasida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish va hal etish, bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish hamda mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan amaliy ishlarni boshlab yuborishdi.

Oʻrganishlar davomida aholi tomonidan 1,1 mingdan ziyod masala boʻyicha murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning deyarli 50 foizga yaqini qisqa muddatlarda bartaraf etildi.

Jumladan, murojaatlardan kelib chiqqan holda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 13 ta ijtimoiy soha obyekti atroflicha oʻrganildi. Aniqlangan muammoli 16 ta masala boʻyicha taʼmirlash va obodonlashtirish ishlariga kirishildi.

Bundan tashqari, ichki yoʻllar holatini yaxshilash maqsadida 2 km masofa asfaltlashtirilib, 10 kmga yaqini shagʻallashtirildi. Xonadonlarning elektr taʼminotini yaxshilash uchun 1 ta yangi TP oʻrnatilib, 3 tasi taʼmirlandi, 8 km yoʻl boʻyiga yangi temir-beton tayanchlar oʻrnatildi.

Mahalla yettiliklari bilan hamkorlikda “Sayxunobod tajribasi” asosida 5 ta mikroloyiha amalga oshirildi, natijada yuzga yaqin fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi.

Prezident Xalq qabulxonasi va mahalla yettiligi tavsiyasi bilan “Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash”, “Oilaviy tadbirkorlik” hamda “Biznesga birinchi qadam” dasturlari doirasida 73 nafar fuqaroga 1.4 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kredit va mikroqarzlar ajratib berildi.

Oʻrganishlar davomida aniqlangan 509 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordamlar koʻrsatildi. Xususan, 4 nafar ogʻir sharoitda yashayotgan fuqaroning xonadoni taʼmirlab berilmoqda, 350 dan ziyod ogʻir sharoitda yashayotgan fuqarolarga moddiy yordamlar koʻrsatildi.

Shu bilan birga, Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 130 nafar fuqaroga bepul dori-darmonlar, 14 nafariga nogironlik aravachalari yetkazildi, 39 nafariga davolanish uchun bepul order berildi.

Respublika ishchi masʼullari va mahalla yettiligi ishtirokida 59 ta ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish choralari koʻrildi, 50 ta notinch oilalardagi nizolarga barham berildi, 10 nafar fuqaroga tazyiq va zoʻravonlikdan himoya orderi berildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер