Kimga hasham, kimga sitam TOʻY
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand deganda koʻz oʻngimizda salobatli minoralar, maqbaralar gavdalanadi. Mashhur Siyob bozorining rastalardagi chiroyli nonlar, holvalar, turfa noz-neʼmatlarga hayrat bilan qaraymiz. Keyingi paytda Samarqanddagi dabdabali toʻylar keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab boʻlayotgani kishini ajablantiradi. Aslida mohiyatan bir-biriga oʻxshash bunday illatlar yurtimizning deyarli barcha joylarida kuzatiladi. Ammo internat tarmoqlarida Samarqandning Registon maydonidagi Ulugʻbek madrasasida toʻy oʻtkazilishi bilan bogʻliq video katta munozaralarga sabab boʻlgandi. Tarixiy obidaning ichida toʻy oʻtkazish mumkinmi? Toʻy qilaman desa qancha muhtasham restoranlar bor-ku, deya yurtdoshlarimiz oʻz fikr-mulohazalarini bildirgandi. Shundan keyin ham Samarqanddagi toʻylarda oʻzini “koʻz-koʻz” qilish uchun pachkalab pul sochayotgan “boyvachcha”lar-u pirotexnika vositalaridan foydalanib, xavfli harakatlar sodir etayotganlar aqlimizni shoshirib qoʻymoqda. Toʻyda dunyoning istalgan davlatidan meva-cheva, noyob matohlar keltirayotganlardan tashqari akvariumda tirik baliqqacha qoʻyganlarni koʻrib bir kulging kelsa, bir yigʻlaging keladi. Nima bu, toʻqlikka shoʻxlikmi? Yoki pul topib aql topmaganlarning ishimi? Bunday toʻqchilik qancha bemaʼni qiliqlarni keltirib chiqarayotgani achinarli, albatta.
Turizm markazida boʻlib oʻtgan bir hashamatli toʻyda kelin-kuyov mehmonlar qarshisiga kemada suzib kelgani, sahna uchun eng qimmat dekoratsiyalar qilinib, sanʼatkorlar xorijdan chaqirtirilganiga oid videolavhalar ham ozmuncha muhokama boʻldimi? Kishilarning shuncha imkoniyati, mablagʻi borakan, qandini ursin, deyishingiz mumkin. Ammo kishi toʻy qilaman deb butun umr boshi qarzdan chiqmasa, bu qarzdorlik toʻyda chiroyli kiyinib yurgan toʻy egalarining boshini bir umrga ham qilib qoʻysa, bu hech kimga xursandchilik olib kelmaydi.
Toʻyning qanday oʻtgani kim necha doshqozon osh damlagani, qancha spirtli ichimlik qoʻygani, qaysi mashhur sanʼatkorni olib kelgani, qancha pul sochgani bilan oʻlchanmasligi kerak. Afsuski, keyingi paytlarda dabdabaga berilish, pul sochish kabi holatlar toʻylarimizni azaliy qadriyat darajasidan tushib “kimoʻzar”ga aylanib qolganini anglatadi.
— Bugun barcha istagandek toʻy qilishi mumkin. Lekin hech qachon bunday isrof va shoʻxlik bilan uzoqqa borolmaymiz, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Dilshod Ismoilov. — Toʻylarni ixcham va mazmuni oʻtkazish uchun qancha targʻibot ishlarini olib boryapmiz. Hatto mahalladagi kayvonilarni ham aralashtirib tushuntirdik. Bu boradagi illatlar kamayish oʻrniga koʻpaymoqda. Toʻylarni dabdaba va isrofgarchilik bilan oʻtkazish nomaqbul ish. Shunday ezgu ishni “kimoʻzar”ga aylantirish xalqimizga yarashmaydi. Alloh bergan neʼmatlarning savol-javobidan qoʻrqish kerak.
Toʻylarni obroʻ olish musobaqasiga aylantirmaslik, ularni ixchamlashtirish hamda tartibga solish maqsadida joylarda qator targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. Ularga viloyat hokimligi, madaniyat boshqarmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, viloyat IIB va soliq boshqarmasi masʼullari, imom-xatiblar hamda sanʼatkorlar, toʻy va marosimlar oʻtkaziladigan bazmgohlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari jalb etilmoqda. Bunday tadbirlar oʻzining ijobiy samarasini beryapti ham. Oxirgi yillarda deyarli barcha toʻy, maʼraka va marosimlar fuqarolarning oʻz xonadonida, milliy qadriyatlarimizga mos shaklda oʻtkazayotgan mahalla ham bor. Qiziq tomoni, bu mahalla chekka bir tumanda emas, balki bir-biridan hashamatli toʻyxonalari boʻlgan Samarqand shahrida joylashgan.
— Eski shahar hududidagi Bekho mahallasiga rais etib saylanganimga uch yil boʻlyapti, — deydi Abduvoiz Doʻstov. — Ishni boshlaganimda fuqarolardan biri oʻgʻlini uylantirmoqchi ekanini, ammo qoʻli kaltalik qilayotgani aytib maslahat soʻradi. Odatda toʻylarni qisqartirish haqida koʻp gapirganmiz-u lekin buni qanday amalga oshirish haqida jiddiy oʻylab koʻrmaymiz. Kimdir kamroq mehmon chaqirishni maslahat beradi, boshqasi shahardan tashqaridagi arzonroq toʻyxonani tavsiya etadi. Oʻzim shahardagi bir nechta bazmgohlarga borib, ulardagi narx-navo, xizmat koʻrsatish tartibini oʻrgandim. Keyin faollar bilan kengashib, uyda oʻtkaziladigan toʻyga ketadigan xarajatlarni hisoblab chiqdim. Uchga bir hisobda arzonroq tusharkan. Buni toʻy boshlamoqchi boʻlgan fuqaroga tushuntirdik. U boshida qarindosh-urugʻi, qoʻshnilari norozi boʻlishidan, ovoragarchilik koʻpayishidan xavotirga tushdi. Toʻyning boshida oʻzim turishimni aytib koʻndirdim. Toʻy ixcham va milliy qadriyatlarimizga mos tarzda chiroyli oʻtdi. Boshqalar ham bundan ibrat olmoqda.
— Ungacha bir qizim va oʻgʻlimning toʻyini toʻyxonada oʻtkazganman, — deydi Rahmat Hamdamov. — Biz xalqqa toʻy berishning asosiy maqsadini unutib qoʻygan ekanmiz. Dabdaba, sarpobozlik, oxiri yoʻq marosimlar oʻzimizga ham yoqmaydi. Ikkinchi oʻgʻlimning toʻyi uyda ixcham oʻtgan boʻlsa-da, unda butun mahallamiz ishtirok etdi. Muhimi, yoshlar xursand boʻldi.
Maʼlumotga koʻra, bu mahallaning 200 nafarga yaqin fuqarosi xorijda, yaxshi daromadli ishlarda ishlaydi. Bundan tashqari, mansabdor va ishbilarmonlari ham koʻp. Dabdaba desang, koʻpchilikdan orttirib qila oladigan bu odamlar mahalla raisiga quloq tutayotgani, isrofgarchiliklarga chek qoʻygani quvonarli.
— Mahalla raisi namuna, tashabbus koʻrsatish, mahalla ahlini jipslashtirishni bilishi kerak, — deydi Abduvoiz Doʻstov. — Agar barcha hamkasblarim oʻz ishini bilib qilganida, toʻy, marosim va boshqa shunga oʻxshash masalalarda muammolar boʻlmasdi. Mahallamizdagi bu yutuq birgina oʻzimniki emas, “yettilik”, komissiya aʼzolari, faollar bilan hamjihatlikda ishlaymiz. Hozir bizda nikoh toʻylari 170 kishi ishtirokida oʻtkaziladi. Shunday ixcham toʻy oʻtkazganlar orttirib qolgan puliga uy qurmoqda, mashina olmoqda.
Bu mahalladagi kamchiqim toʻylar va ularni oʻtkazayotgan odamlar haqida yana uzoq yozish mumkin. Ammo maqolaning maqsadi kimnidir maqtab, boshqalarni muhokamaga tortish emas. Har yerning oʻz toshu tarozisi bor. Aytmoqchi boʻlganimiz, toʻylarni dabdaba va isrofgarchiliksiz, muhimi, hech kimni norozi qilmasdan ham oʻtkazish mumkin. Bekho mahallasining tajribasi buning isboti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring