Xotin-qizlar daromadli ish bilan taʼminlanmoqda
Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Inson hamisha oʻz mehnati bilan qadrlanadi. Halol peshona teri evaziga oilasiga, xonadoniga qut-baraka, farovonlik kiradi. Prezident Xalq qabulxonalarining tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish faoliyati ham ayni shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bu borada Jizzax viloyatida qator ibratli ishlar yoʻlga qoʻyilishi natijasida koʻplab yoshlar va xotin-qizlar daromadli ish oʻrinlariga ega boʻlmoqda.
Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi 75 nafar xotin-qizlarga Xalq qabulxonasi hisobidan tikuv mashinalari va elektr pechlari olib berilib, ularning ishlab daromad topishi, biri ikki, roʻzgʻori but boʻlishi uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratildi. Shuningdek, tomorqadan samarali foydalanish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalari boqish yoʻnalishlarida ish boshlab, bugungi kunda roʻzgʻoriga yaxshigina daromad keltirayotganini alohida eʼtirof etish lozim.
— Faoliyat olib borayotgan “sektorlar”, “yettilik”lar Xalq qabulxonalari xodimlari bilan birgalikda mahallalarda uyma-uy yurishi natijasida aholidan tushgan murojaatlar tahlil qilindi. “Murojaatdan daromadgacha” gʻoyasi asosida tumanda 75 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuv mashinalari berilib, ularning bandligi taʼminlandi. Shu bilan birga, 22 nafar tadbirkorlarga biriktirilib, kunlik daromad olishi yoʻlga qoʻyildi. Bu masalani yanada kengaytirish sektor rahbarlari, joylardagi “yettilik” aʼzolari va bizning kundalik vazifamiz sifatida belgilab olingan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Baxmal tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Furqat Muxtorov.
Tikuv mashinasi berilgan 75 nafar xotin-qizlar va chevarchilik sohasida boy tajribaga, eng muhimi, oʻz xaridorlariga ega boʻlgan tadbirkorlar hisobiga kichik kooperatsiyalar tashkil qilingan.
Xususan, “Navroʻz” qishlogʻida yashovchi Zulayho Yoʻldosheva oʻzi va mahalladagi xotin-qizlar mehnati orqali tikilgan kiyim-kechaklarni poytaxt bozorlariga yetkazib, daromadini oshirib bormoqda. Buyurtmasi kundan-kun koʻpayib borayotgan bu oilaviy korxonaga yana 9 nafar yangi tikuv mashinasi berilgan xotin-qizlar biriktirilib, ishchilar soni 22 nafarga yetkazildi. Bu ayni paytda moddiy imkoniyatlarning ham koʻpayishiga xizmat qilmoqda.
– Tikuvchilik seximiz ochilganiga 6 oy boʻldi. Shunga qaramasdan hozirda koʻplab xotin-qizlar ishli boʻlishdi. Mehnatimizga qarab haftalik, oʻn besh kunlik, oylik maosh olyapmiz. Bir oylik maoshimiz oʻrtacha uch million soʻmni tashkil qiladi. Buning natijasida roʻzgʻorimizga ham ancha baraka kirdi. Oʻzimning uch nafar farzandim bor. Ularning kiyim-kechaklari, yeb-ichishlari uchun ancha yordam boʻlyapti, — deydi tikuvchi Muborak Eshbekova.
Tumandagi “Baxmal” mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkor Manzura Astonova ham yangi tikuv mashinasi berilgan xotin-qizlarga oʻrgatuvchi sifatida biriktirilgan. Hozirda bu chekka mahallada ham koʻplab xotin-qizlar mehnati ortidan daromadga ega boʻlmoqda.
—Oʻzim asosan uy sharoitida tikuvchilik qilar edim. Bir dona tikuv mashinam bor edi. Keyin kredit asosida qoʻshimcha 3-4 ta oldim. Mahallamiz tomonidan ishsiz ayollarni shu sohaga oʻrgatish boʻyicha sharoit yaratib berildi. Mana, hozir shuning ortidan yana bir qancha ish izlagan qoʻni-qoʻshnilarimiz daromadga ham kirib qolishdi. Endilikda yosh qizlar va kelinchaklar uchun ham oʻquv markazlarini yoʻlga qoʻydik. Ushbu kurslarni bitirganlarga maxsus sertifikat beriladi. Demak, ular ham kelajakda oʻz mahallalarida faoliyat olib borib, kafolatli daromad qiladi. Muhimi, ular hech kimga muhtoj boʻlmaydi, – deydi tadbirkor Manzura Astonova.
“Davlat” mahallasida ham xuddi shunday tikuvchilik jamoasi shakllantirilgan. Hozirda ularning ham oʻz mahallasiga nafi tegmoqda. Uy roʻzgʻor buyumlari, toʻy-marosimlarda mahalladoshlarining ehtiyoji uchun xizmat qilayotgan mehnat jamoasi moddiy imkoniyatlarini ham tobora oshirib boryapti. Ayollar liboslari, bolalar kiyimlari, koʻrpa-yostiq, ayniqsa, yosh kelinlar uchun buyurtmalar oʻz oʻrnida mahalladagi yosh qizlarning ham chevarchilikka qiziqishini oshirmoqda.
Tuman Xalq qabulxonasi tomonidan “Murojaatdan daromadgacha” loyihasi asosida sektor rahbarlari, Xalq qabulxonasi hamda “Mahalla yettiligi” bilan birgalikda uyma-uy yurish, ommaviy qabullarda aniqlangan murojaatlarni oʻrganish barobarida, hozirgi kunda ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash 75 nafardan 133 nafarga yetkazildi. Lider tadbirkorlar roʻyxati ham 22 tadan 45 taga oshgan.
Oʻzining amaliy tasdigʻini topgan xalq bilan muloqotning bunday yangi tizimi ana shunday mexanizm asosida bosqichma-bosqich kengaytirib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring