“Xalq ishongan deputatning xato qilishga haqqi yoʻq”
Oʻtgan yil oktyabr oyida boʻlgan saylovlarda Sirdaryo viloyatida mahalliy Kengashlarga jami 270 nafar deputat saylangan. Qayd etish lozimki, deputatlar faqat jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi.
Bu galgi saylovlarning oldingi saylovlardan farqi koʻp boʻldi. Ammo bir jihatga eʼtiborni qaratmoqchiman: deputatlarning sifat tarkibi yaxshilandi. Ularning qariyb 90 foizi oliy maʼlumotli, hatto viloyat Kengashga saylangan 40 nafar deputatdan 5 nafari fan doktori ilmiy darajasiga ega. Demak, kelgusi besh yil davomida paydo boʻladigan har qanday murakkab masalalarga yechim topa oladigan ulkan salohiyat bor. Bundan tashqari, deputatlarimiz tarkibida xotin-qizlar ulushi koʻpayib 35 foizga yetdi.
Islohotlar tufayli davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi.
Aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etish uchun chinakam “xalq ovozi” boʻlmish mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berildi. Mahalliy Kengashlarga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilab qoʻyildi. Asosiy Qonunimizning 120-moddasiga muvofiq Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining 1-sessiyasida deputatimiz Pokiza Axmedjanova viloyat Kengashi raisi etib saylandi.
Yangi sharoitda ishni nimadan boshlash kerak, degan savol hammani qiynayotgan edi. 19-noyabr kuni Oliy Majlis Senati 1-yalpi majlisida Yurtboshimiz oldimizga 5 ta vazifani qoʻydi. Bular norma ijodkorligiga yaʼni, yangi qonunlar loyihalari muhokamasida xalqning ishtirokini taʼminlash, qabul qilingan qonunlar va qarorlar mohiyatini saylovchilarga jonli, ishonarli va tushunarli yetkaza olish, hududlarni rivojlantirish dasturlari ijrosida qatʼiy deputatlik nazoratini oʻrnatish, mahalliy byudjet ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash, masʼul rahbarlar hisobotida samaradorlikka erishishdan iborat.
Viloyat Kengashi kotibiyati tomonidan yangicha ishlash formalari, metodikasi ishlab chiqilmoqda. Misol uchun oyning oxirgi 10 kunligi — “mahallabay ishlash” dekadasi deb eʼlon qilindi. Aniqlangan muammolar darajasiga qarab, yaʼni “mahalla — tuman — viloyat — respublika” miqyosida hal qilinadigan boʻldi. Xususan, noyabr-dekabr oylaridagi uchrashuvlarda aholi tomonidan jami 223 ta muammo koʻtarildi. Ularning 55 tasi ichki yoʻl, 36 tasi suv, 50 tasi elektr energiya va tabiiy gaz, 18 tasi qurilishga oid, 43 tasi ijtimoiy soha, 21 tasi shaxsiy masalalarni tashkil etdi. Koʻtarilgan muammolarning 132 tasi mahallaning oʻzida hal boʻldi. 65 tasi Kengash huzuridagi doimiy komissiyalar yigʻilishlarida oʻz yechimini topgan boʻlsa, 26 ta masala Kengashning navbatdagi sessiyalarida muhokama qilinish belgilab olindi.
“Deputatlar faqat qarsak chaladi”, degan fikrdagilarga biz uchun qonunga aylangan Muhtaram Prezidentimizning quyidagi soʻzlarini keltirmoqchiman: “Davlat va xalq xizmatchisining – u senator yoki deputat boʻladimi, hokim yoki vazir boʻladimi – rahbarlik masʼuliyatini oʻz zimmasiga olganidan soʻng begʻam-beparvo, loqayd boʻlib yurishga, huzur-halovatga berilib yashashga maʼnaviy haqqi yoʻq”.
Abdushokir ABDURAHMONOV,
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring