Kambagʻallikni qisqartirishda xalq vakilalarining oʻrni muhim

12:17 18 Dekabr 2024 Jamiyat
105 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yil 18-noyabr kuni oʻtkazilgan saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq soʻzladi. Davlat rahbari deputatlarni bunday sharafli maqomga sazovor boʻlganliklari bilan qutlar ekan, ularga oʻz vazifalarini bajarishda faol boʻlishlarini taʼkidladi.

Davlat rahbari nutqida, avvalo jamiyatdagi muhim masalalar yechimiga alohida eʼtibor qaratilishi kerakligini eʼtirof etib, bajarilishi zarur boʻlgan dolzarb masalalar va strategik vazifalar boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi. Xususan, deputatlarni mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish masalasida oʻz okruglarida eng faol ishtirokchi va targʻibotchi boʻlishga chaqirdi.

Kambagʻallikni qisqartirishda deputatlarning oʻrni juda muhim boʻlib, ularning faoliyati mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy tenglikni taʼminlash uchun katta ahamiyatga ega. Bu chaqiriq, ayni paytda, mamlakatimizda ijtimoiy adolatni taʼminlash va aholining turmush farovonligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida ahamiyatlidir.

Kambagʻallikni qisqartirish masalasi faqatgina iqtisodiy yoki moliyaviy muammo emas, balki jamiyatimizdagi har bir fuqaroning qadrini ulugʻlash, ularning hayot sifatini yaxshilash bilan bogʻliq muhim ijtimoiy vazifadir. Bu vazifa deputatlarning faoliyatida ham alohida oʻrin egallashi lozim. Ular nafaqat qonun chiqaruvchi, balki oʻz okruglarida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amaliy ishlarni ham tashkil etuvchi shaxslar boʻlishlari lozim.

Taʼkidlanganidek, yaqinda tasdiqlangan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka erishish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu dasturning muvaffaqiyatida deputatlarning faol ishtiroki hal qiluvchi omil hisoblanadi. Ular oʻz okruglarida islohotlarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etishi, shuningdek, aholi oʻrtasida dasturning ahamiyatini tushuntirishda yetakchi targʻibotchilar boʻlishi zarur.

Aytish lozimki, 2020-yildan boshlab kambagʻallik bilan kurashish mamlakat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shu yilda “Koʻp oʻlchovli kambagʻallik indeksi” standartlari va xalqaro tajriba oʻrganilib, bu borada Oʻzbekiston metodi ishlab chiqildi hamda kambagʻallik darajasini aniqlashning Minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash usuli joriy etildi.

Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar natijasida mehnatga layoqatli aholi oʻrtasida ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5%dan 2024-yil boshiga kelib 6,8%ga tushdi. Kambagʻallik darajasi 2021-yildagi 17%dan 2024-yil boshiga kelib 11%ga tushganligini alohida eʼtirof etish lozim. Bundan tashqari shu davrda 3,5 million odam daromadli boʻldi.

Kambagʻallikka qarshi kurashish masalasi uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etadi. Prezident taʼkidlaganidek, har bir deputat oʻz okrugida kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida amaliy ishlarni olib borishi uchun mahalliy aholi bilan yaqindan hamkorlik qilishlari kerak. Bu borada, ayni paytda, har bir oila bilan individual yondashuv, ularning ehtiyojlarini oʻrganish va ularga zarur yordam koʻrsatish muhim ahamiyat kasb etadi. Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun davlat tomonidan koʻrsatilayotgan imtiyoz va subsidiyalardan samarali foydalanish, yangi ish oʻrinlari yaratish deputatlarning amaliy faoliyatida ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlishi kerak.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunga kelib, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida kambagʻal aholini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga soliq, bojxona imtiyozlari berildi. Buning natijasida, 460 ming kambagʻal aholi kasbga oʻqitilib, bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari kambagʻallikni qisqartirishda Xitoy tajribasi oʻrganilib amaliyotga joriy etildi, ikki ehtiyoj – oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan taʼminlash, uch kafolat – sifatli oʻrta taʼlim, tibbiy xizmatlar va boshpana bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi.

Deputatlarning mahalliy aholi bilan bevosita muloqot qilishi, ularning muammolarini oʻrganib, ularga yechim topish uchun masʼuliyatni zimmasiga olishi, shuningdek, davlat va mahalliy boshqaruv organlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtashi lozim. Prezident Mirziyoyev taʼkidlaganidek, kambagʻallik darajasiga tushib qolgan odamlarning ongini oʻzgartirish, ularda ertangi kunga ishonch va kelajakka intilishni qoʻllab-quvvatlaydigan siyosiy kuch, albatta, avvalo, deputatlar boʻlishi zarur.

Deputatlarning aholi bilan bevosita muloqoti, ularning muammolarini eshitish va yechim topishga qaratilgan faoliyati kambagʻallikni qisqartirishda katta rol oʻynaydi. Prezident taʼkidlaganidek, har bir deputat oʻz okrugidagi fuqarolar bilan yaqin aloqada boʻlib, ularning hayot sifatini yaxshilash uchun bor kuch-gʻayratini sarflashi zarur. Buning uchun ular mahalliy darajadagi muammolarni hal qilishda faollik koʻrsatib, xalq ishonchini oqlashlari lozim.

Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat siyosati samaradorligini oshirish uchun deputatlar oʻz okruglaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan yaqindan ishlashlari, ularning muammolarini oʻrganib, ularga amaliy yordam koʻrsatishlari kerak. Shuningdek, kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan turli davlat dasturlari va tashabbuslarining amalga oshirilishida deputatlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oʻrinda sohadagi mavjud muammolarni adolatli hal etishning yangi va oʻziga xos tizimi yaratilib, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani bugun ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga xizmat qilayotganligi taʼkidlash lozim.

Deputatlar, shuningdek, oʻz okruglarida aholini kasb-hunarga oʻqitish, ularning bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda faollik koʻrsatishlari lozim. Bu borada mahalliy hokimliklar, tadbirkorlar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlash, aholiga biznes yuritish uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratishni tashkil etish ham muhimdir. Ular oʻz okruglarida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amaliy qadamlar qoʻyib, aholining hayot sifatini yaxshilashga koʻmaklashishlari lozim. Bu borada deputatlar oʻz bilim va tajribalarini, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni toʻlaqonli amalga oshirishlari zarur.

Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 18-noyabrdagi nutqida deputatlarga katta masʼuliyat yukladi. Kambagʻallikni qisqartirish, aholining turmush farovonligini oshirish va ijtimoiy adolatni taʼminlash borasida deputatlar oʻz okruglarida eng faol ishtirokchi va targʻibotchi boʻlishlari lozim. Bu esa, oʻz navbatida, xalqimiz turmush darajasini yanada yaxshilashga, mamlakatimizdagi ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

I.M. Xakimova,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?