Iqtisodiyot va moliya vaziri BMT Bosh assambleyasida nutq soʻzladi

12:08 21 Iyul 2023 Siyosat
833 0

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev AQSHning Nyu-York shahrida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (ECOSOC) yuqori darajadagi siyosiy forumi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) Sammiti sari jadallik” mavzusidagi umumiy munozaralarda nutq soʻzladi.

Nutqda Oʻzbekistonda BRM sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mamlakat oldida turgan dolzarb chaqiruvlarga toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatni rivojlanishning keyingi bosqichiga olib chiqqani taʼkidlandi. Strategiyaning “Inson qadri” tamoyili BRMning “Hech kimni ortda qoldirmaymiz” shiori bilan hamohangligiga alohida eʼtibor qaratildi.

“Soʻnggi 6 yil davomida Oʻzbekiston iqtisodiyotining real oʻsishi darajasi 1,4 barobarni tashkil etdi. Bu davrda maktabgacha taʼlim qamrovi 3 barobar, oliy taʼlim qamrovi esa 4 barobar oshdi. 200 mingdan ortiq yangi kichik va oʻrta korxonalar oʻz biznesini boshladi. 2020-yilda Oʻzbekistonda birinchi bor kambagʻallikni qisqartirish davlat siyosati kun tartibining muhim qismi deb eʼlon qilindi”, — dedi Sh.Kudbiyev.

Nutq davomida yangi qabul qilingan Konstitutsiyaga “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tushunchasining kiritilgani muhim qadam boʻlgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

Bundan tashqari, “yashil oʻsish”, suvdan oqilona foydalanish kabi yoʻnalishlarda aniq harakatlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Maʼlumot uchun, munozaralarda BMTga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlariga Bosh assambleya minbarida 4 daqiqalik chiqish imkoniyati taqdim etildi. Oʻzbekiston delegatsiyasi 17-iyul kuni soʻzga chiqqan 36 davlat vakillaridan biri boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер