Insonparvarlikning ifodasi har bir xonadondan boʻy koʻrsatmoqda

11:41 18 Noyabr 2024 Jamiyat
219 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-sentyabrda qabul qilingan “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi oʻzining ijobiy samarasini bera boshladi. Bunday markazlar ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish, aholining koʻmakka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

— Ushbu markaz faoliyati men kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirdi, — deydi Izboskan tumanidagi “Istiqlol” MFYda yashovchi Fazliddin Madatov. — Toʻgʻrisi, hayotdan charchab, umidlarim soʻnib boʻlgandi. Ayolim ikkimizning koʻzimiz ojiz boʻlgani uchun imkoniyatlarimiz cheklangan. Tirikchilikka ham, uyda yashash uchun ham qulay sharoit yaratishga kuchimiz yetmay qolgandi. Garchi, nogiron boʻlsak-da, mana, 10-yildirki, nogironlik guruhiga tavsiya qilishmadi. Shu paytgacha birorta masʼul holimizdan xabar olmagandi. Oʻzimizni jamiyatga keraksiz odamdek his qilib, hammasidan koʻnglimiz sovib turgan bir paytda mahallamizga biriktirilgan ijtimoiy xodim uyimizga kelib, sharoitimiz bilan tanishdi. Uning koʻmagi bilan 1-guruh nogironligi tayinlandi. Uyimizda taʼmirlash ishlari bajarildi. Koʻzi ojizlar hassasi bilan taʼminlandik. “Inson” ijtimoiy markazi faoliyati haqiqatan ham insonparvarlikning yaqqol ifodasi ekan.

— Mahallamiz viloyatimizdagi eng katta hududlardan biri boʻlib, yetti ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Istiqlol” mahallasiga biriktirilgan ijtimoiy xodim Saidislom Saydahmedov. — Xonadonbay ishlash tizimi orqali xatlov oʻtkazilganida 235 nafar mahalladoshlar ijtimoiy koʻmakka muhtoj ekanligi aniqlandi. Ulardan kimdir davolanishda muammoga uchragan boʻlsa, yana boshqasi boquvchisi yoʻqligidan aziyat chekmoqda edi. Nogironligi tayinlanmagan nogironlarning, ertasi tugul bugungi kunidan ham umidi soʻnganlarning oramizda mavjudligi menga qattiq taʼsir qildi. Ularga nafaqat moddiy yordam, balki maʼnaviy koʻmak ham zarur. Shu bois amaliy ishlarga kirishdik. Natijada shu kungacha 279 nafar fuqarolarga bir necha turdagi ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Jamiyatdagi oʻz oʻrnini tiklashlari uchun ayrimlari ish bilan taʼminlangan boʻlsa, boshqalariga vasiylik tayinlanishiga erishildi. Bir soʻz bilan aytganda, bu hayotda har kimning oʻz oʻrni borligini faoliyatimiz davomida namoyish etib kelmoqdamiz.

Darhaqiqat, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida koʻrsatish orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda yurtdoshlarimiz ishonchini oqlashga erishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер