“Insoniyatga iymondan keyin salomatlikdan koʻra yaxshiroq neʼmat berilmagan!”
Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Bugun insoniyat boshiga koronavirus degan bir ofat jiddiy xavf solib turgan bir paytda ushbu hujjatning ahamiyati naqadar muhimligini taʼkidlash lozim.
“Insoniyatga iymondan keyin salomatlikdan koʻra yaxshiroq neʼmat berilmagan!” deya taʼkidlanadi hadisi shariflarda va bu bejiz emas. Haqiqatan ham, sogʻliq, salomatlik eng buyuk neʼmatlardan biridir. Ayniqsa, shu kunlarda uning qadrini har qachongidan koʻra koʻproq his qilyapmiz. Koʻzga koʻrinmas virus dunyo boʻylab tarqalib, insoniyatni oyoqqa qalqitdi, hushyorlikka chorladi. Inson salomatligining chinakam posboni hisoblangan shifokorlarga boʻlgan ehtiyoj esa borgan sari oshib boryapti. Shifokorlar haqiqiy maʼnoda bugun najotkorga, qahramonga aylandi.
Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shubhasiz, bugunning eng muhim vazifasiga aylandi. Bunda tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Farmonga koʻra, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Tibbiy xizmat sifati va qamrovini oshirish maqsadida 2021-2022-yillarda 20 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi. Joriy yil 1-avgustga qadar oʻrta tibbiyot xodimlari maqomini oshirish nuqtayi nazaridan ularning malaka talablari, vazifalari, vakolatlari, javobgarligi, ixtisoslik yoʻnalishlari kengaytiriladi. Lavozimlari, oʻquv dastur va rejalarini toʻliq qayta koʻrib chiqqan holda, oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirish tizimi takomillashtiriladi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab hamshiralik ishi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar roʻyxatiga kiritiladi va farmonda ularga qoʻyiladigan talablar belgilandi. Nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyat turlari yana-da kengaytiriladi. 2021-yil 1-noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimini axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda joriy etiladi. Bunda ehtiyojmand oilalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanadi. Shuningdek, farmonda Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi tashkil etilishi hamda uning moliyalashtirish manbalari belgilandi.
Albatta, farmonning ahamiyati va muhim jihatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin shu oʻrinda barchamiz bir haqiqatni anglamogʻimiz lozim. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tasnificha, inson salomatligining 10-15 foizi ekologiya, 10-15 foizi genetika, 10-12 foizi tibbiyot tizimi darajasi, qolgan 55-60 foizi esa turmush tarziga bogʻliq. Demak, sogʻligʻimiz uchun avvalo oʻzimiz qaygʻurishimiz lozim. Yaʼni, toʻgʻri ovqatlansak, jismoniy faol, zararli odatlardan xoli, kun tartibimizni toʻgʻri tashkil qila olsakkina sogʻlom boʻla olamiz. Aks holda, barcha saʼy-harakatlar samarasiz yakunlanaveradi. Sogʻligʻimiz esa avvalo oʻzimiz uchun kerak.
Jumanazar ATOJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring