Hukumat hisoboti: Davlat dasturining yarim yillikdagi ijrosi koʻrib chiqildi
“Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, Bosh vazir Hukumat aʼzolari bilan birgalikda har chorakda Qonunchilik palatasiga tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etib kelmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qaror topgan mazkur yangi institut parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
2020-yil 22-iyul kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yil birinchi yarim yillikda bajarilishining borishi toʻgʻrisida”gi hisoboti muhokama qilindi.
Xalq vakillari taʼkidlaganlaridek, istiqbolda bajarilishi nazarda tutilgan va Davlat dasturida oʻz aksini topgan vazifalar, rejalar yil boshida – hayotimiz osuda va barqaror kechayotgan pallada tasdiqlangan edi. Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish surʼatlariga taʼsir koʻrsatib, ishlab chiqarish jarayonlarini susaytirdi, qator rejalarga oʻzgartishlar kiritishga majbur qildi. Mamlakatimizda bunday sharoitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tadbirkorlik subyektlarini samarali qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisining daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilinishi, oʻz navbatida, pandemiya oqibatlarini yumshatish hamda iqtisodiyot tarmoqlaridagi oʻsish surʼatlari keskin pasayib ketmasligida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Pandemiya asoratlarini yumshatishga qaratilgan mazkur hujjatlarning joylarda ijro etilishiga koʻmaklashish maqsadida deputatlar bir necha marotaba, xususan 15-25-iyun kunlari mamlakatimiz hududlarida boʻlib, xalq bilan muloqot qilish asnosida tadbirkorlarga berilgan imtiyozlardan qay darajada foydalanilayotgani, pandemiya davrida aholini ijtimoiy muhofazalash, kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandilar. Mazkur yoʻnalishda mahalliy boshqaruv organlari va sektorlar ishtirokida olib borilgan chuqur tahlillarda joylarda Davlat dasturi doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh boʻldilar.
Hukumat tomonidan parlamentga taqdim etilgan hisobotda keltirilishicha, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha amalga oshirilgan samarali chora-tadbirlar hisobiga joriy yilning I yarim yilligida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulotning oʻsishi100,2 foizni, uning tarkibida sanoat – 98,1 foizni, xizmatlar – 99,3 foizni, qishloq xoʻjaligi – 102,8 foizni tashkil qilgan.
Hisobot davrida investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimiz turli tarmoqlariga kiritilgan 3,86 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirildi hamda jami eksport hajmi respublika boʻyicha 6 mlrd. 285 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.
Umuman, 2020-yil I yarim yilligida jami 284 ta banddan iborat Davlat dasturining 118 ta bandi ijrosini taʼminlash belgilangan. Mazkur topshiriqlardan 64 ta band toʻliq bajarilgan va 15 ta bandning muddati obyektiv sabablarga binoan belgilangan tartibda uzaytirilgan, 36 tabandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari koʻrib chiqilmoqda, 3 ta bandning ijrosini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobot, unda keltirilgan har bir raqam va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi. Ayniqsa, siyosiy partiyalar fraksiyalarining yigʻilishlarida Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati xalq vakillarining jonli, qizgʻin muhokamalariga sabab boʻldi.
Parlament aʼzolari amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, pandemiya sharoitida yuzaga kelgan obyektiv sabablar tufayli Davlat dasturi ayrim bandlarining bajarilishi kechikayotgani, baʼzi vazifalar ijrosi hozirda taʼminlanmaganini qayd etdilar.
Davlat dasturida belgilangan telekommunikatsiya sohasi, davlat xizmatlarini koʻrsatish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, sogʻliqni saqlash, davlat kadastri va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etishni nazarda tutuvchi “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturi hamda 2020-yil uchun aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish davlat dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash kechikayotganini taʼkidladilar.
Davlat dasturining joriy yil birinchi yarim yilligidagi ijrosiga oid hisobot yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi oʻz nuqtayi nazarini, fikr-mulohaza va takliflarini bayon qildi. Hukumatga Davlat dasturi ijrosini toʻla taʼminlash boʻyicha takliflarini ilgari surdi.
Xususan, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari Davlat dasturidagi mamlakatni innovatsion rivojlantirish, “raqamli iqtisodiyot” ni shakllantirish hamda Oʻzbekistonning biznes yuritish va investitsiyalar uchun jozibador boʻlgan davlatlar qatoriga kirishida muhim ahamiyatga boʻlgan bandlarning ijrosi boʻyicha qilingan ishlarni eʼtirof etdilar.
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi vakillari oliy taʼlim sohasida oʻz yechimini kutib turgan masalalarni zudlik bilan hal etish, dasturda koʻzda tutilgan, taʼlim-tarbiyaning asosiy boʻgʻini hisoblangan maktablarning qurilish-montaj ishlarini tahlil qilgan holda, bu boradagi harakatlarni jonlantirish lozimligini qayd etdilar.
Oʻzbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolarining fikricha, bugungi murakkab sharoitda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish, aholi salomatligi va sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-markazlari ishini tubdan qayta koʻrib chiqish va samarali tashkil etish, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish zarurligini qayd etib oʻtdilar.
Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari pandemiyaga qarshi kurashish va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish, “Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida”gi qonunni hamda “yashirin iqtisodiyot” ga qarshi kurashish dasturini keng muhokamalar asosida tezroq tasdiqlash zarurligiga eʼtiborni qaratdilar.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan majlisda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga eʼtiborni kuchaytirish, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarni yangilash muhimligi qayd etildi.
Palatadagi barcha fraksiya rahbarlarining hisobot yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari eshitilgach, qizgʻin, amaliy va tanqidiy ruhda kechgan savol-javoblardan soʻng deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini maʼqulladilar hamda Hukumatning tegishli faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan qaror qabul qildilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring