Gʻijduvonning aholi tomorqalaridan samarali foydalanish tajribasi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Gʻijduvon tumanidagi “Gulistonobod” mahallasida istiqomat qilayotgan Azim Boʻronovga musofirchilikdan soʻz ochmang. Sovuq oʻlkalarga rizq-roʻz topaman, deb ketgan yigit boshidan qanday qiyinchiliklarni oʻtkazgani yolgʻiz Yaratganga ayon. Insonning oʻz ona yurti, oilasi, jigargoʻshalaridan olisda yashashi aytishga oson.
— “Oʻz uyim – oʻlan toʻshagim”, deganlari bejiz emas, — deydi qahramonimiz. — Muhojirlikda tugʻilgan qishlogʻing, yaqinlaring, el-yurt qadri juda bilinadi. Men oʻtgan yilning dekabrida uyga qaytdim. Endi nima ish qilsam ekan, degan oʻylar girdobida yurganimda 1-sektor rahbarlari kutilmaganda xonadonimizga kirib keldi…
Bu Azimning hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Gap shundaki, oilaning turmush tarzi, yashash sharoiti, tomorqasining holati bilan yaqindan tanishgan masʼullar oʻzaro muloqot chogʻida Azim Boʻronovning asalari parvarishi boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega ekanini payqashdi. Qolaversa, hovlida parranda va chorva mollari boqish uchun ham imkoniyat mavjudligiga eʼtibor qaratildi. Pirovardida bu oilaga bankning imtiyozli kreditlari va homiylar mablagʻlari hisobidan 100 quti asalari oilasi, 10 bosh qoʻy va 30 ta tovuq ajratildi. Oila bekasining tikuvchilikka qiziqishi borligini ham nazardan chetda qolmadi. Unga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi olib berildi.
Intilish, ishtiyoq boʻlsa har qanday kam taʼminlangan oilani kambagʻallikdan xalos etish imkoni mavjud. Azim Boʻronov misolida masʼullar xuddi shunga ishonch hosil qilishdi. Natijaga amaliy ishlarga kirishildi. Tumandagi 75 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga bank xodimlari biriktirildi. Xonadonlar xatlov qilib chiqildi. Oʻrganishlar davomida tomorqadan risoladagiday foydalanmayotgan 1 ming 465 ta xonadon hamda umuman ekin ekmagan 89 ta oila aniqlandi. Bu oilalar sohiblari bilan hamkorlikda tomorqada ikki va undan ortiq hosil beradigan ekinlar ekish yoʻlga qoʻyildi.
Bank xodimlari va hokim yordamchilari tomonidan kam daromadli 803 ta xonadon tanlab olindi. Ularga umumiy miqdori 18,7 milliard soʻmlik loyiha paketlari taqdim qilindi. Biz bu oʻrinda parranda, chorva mollari, asalari parvarishi bilan bogʻliq oʻziga xos kichik biznes loyihalarini nazarda tutayapmiz. Birgina asalarichilik yoʻnalishida mazkur xonadonlarga 1,2 ming quti asalari oilasi yetkazildi.
Bundan tashqari, 290 ta xonadonga issiqxonalar qurildi. 45 tasiga esa motoroller va motokultivatorlar taqdim etildi. Shuningdek, 282 nafar xotin-qizga tikuv dastgohlari berildi. Shu xonadonlarga imtiyozli kredit, homiylik mablagʻlari ham ajratildi. Bu kabi ishlarning amalga oshirilishi natijasida 1470 nafar kishining bandligi taʼminlandi. Yil yakuniga qadar yana 664 nafar kam taʼminlangan fuqaroning daromadlarini oshirish rejalashtirilgan.
Maqolamiz boshida tilga olingan Azim Boʻronovga kelsak, endi uning rizq-nasiba izlab, sovuq oʻlkalarga ishlagani borishiga zigʻircha hojat yoʻq. Ish bilganga ming tanga, deganlaridek, hozir oliy oʻquv yurtida tahsil olayotgan farzandlarining shirin tashvishlarini qilyapti. Oilaning ham dasti uzun boʻlib qoldi. Asalarichilik, parrandachilik, tikuvchilik ortidan moʻmay daromad topmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring