Fargʻona jamoat transportida yangi tizim joriy etilmoqda

15:26 05 Avgust 2024 Jamiyat
247 0

Fargʻona va Qoʻqon shahri vodiyning turizm va tadbirkorlik markazi sifatida tanilgan. Bu ikki shahar hamisha mahalliy va xorijlik mehmonlar bilan gavjum.

Davlatimiz rahbarining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatda jamoat transportida naqd pulsiz toʻlov tizimini qoʻllash, mazkur tizimdan foydalanishda yoʻlovchilarni keng jalb qilish ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Avtobusda odatdagi 2 ming soʻm yoʻl haqi oʻrniga, elektron shaklda toʻlangan toʻlovlarga (transport kartasi, ATTO, bank kartalari) bir nafar yoʻlovchi uchun bir martalik ragʻbatlantiruvchi yoʻl haqi taʼrifi 1600 soʻm etib belgilangan.

Ayni paytda viloyatda 386 ta yoʻlovchi tashish yoʻnalishlari mavjud. Avtobus yoʻnalishlari 109 ta, taksi yoʻnalishlari 277 tani tashkil etadi. Jamoat transportida yoʻl kira haqini toʻlashning avtomatlashtirilgan tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha “Avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi operatori” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan davrda Qoʻqonda faoliyat yuritayotgan 11 ta avtokorxona tizimida boʻlgan (23 ta shahar ichi avtobus yoʻnalishlari) 170 dona hamda Fargʻona shahrida faoliyat yuritayotgan 3 ta avtokorxonaning (6 ta shahar ichi avtobus yoʻnalishlari) 70 dona “ISUZU NPSAZ” rusumli avtobuslari elektron validatorlar va tegishli qurilmalar bilan toʻliq jihozlandi. Hozirda toʻliq tizimga bogʻlangan holda aholiga naqd pulsiz shaklda xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi operatori” MCHJ bilan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ Fargʻona viloyat boʻlimi oʻrtasida rasmiylashtirilgan shartnomaga koʻra, Qoʻqon shahri hududida 6 ta hamda Fargʻona shahar hududida 11 ta tarqatish maskanlarida elektron toʻlov kartalari sotuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Jamoat transporti tizimini takomillashtirish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ga asosan Fargʻona shahrining transport Bosh rejasi ishlab chiqildi. Bosh rejaga muvofiq shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan taʼriflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha viloyat transport boshqarmasi tomonidan 11 ta avtobus yoʻnalishlaridan iborat “Yoʻnalishlarni elektron tenderga chiqarish jadvali” ishlab chiqildi. Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan reja boʻyicha Fargʻona shahridagi tashuvchilar tomonidan imtiyozli kreditlar asosida bosqichma-bosqich Xitoyda ishlab chiqarilgan 77 dona “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransport vositalari xarid qilinmoqda.

Hozirgi kunda Fargʻona shahrida faoliyat yuritayotgan “Fargʻona avtotrans xizmat” MCHJ tomonidan yangi xarid qilingan “Asia Star” rusumli 6 dona avtobuslar shahar ichi yoʻnalishlarida yoʻlovchi tashish faoliyatini boshladi. Tadbirkor tomonidan xarid qilingan qoʻshimcha 8 ta avtobus hozirgi kunda yurtimiz bojxona omborlariga yetib kelgan. Tez kunda mazkur avtobuslar yoʻnalishlarga joylashtiriladi. Shu bilan birga, 3 ta tashuvchi korxonalar tomonidan bank kreditlari evaziga sotib olingan avtobuslarni Xitoydan Fargʻona shahriga olib kelish boʻyicha kerakli hujjatlar toʻliq shakllantirildi. Yaqin kunlarda Fargʻona va Qoʻqon shahrida zamonaviy avtobuslar qatnovi soni tobora koʻpayib boradi.

Shu orqali viloyatdagi avtobuslar parkini yangilash va kengaytirish barobarida shohbekatlarda davr talabi asosida sharoit yaratish, avtobus bekatlarida yoʻlovchilar uchun qulaylik hozirlash, elektron toʻlov tizimi salmogʻini oshirib borish orqali “soya”dagi iqtisodiyotga barham berish koʻzda tutilgan. Bu jamoat transportida harakatlanishda xavfsizlikni taʼminlash, tirbandliklarning oldini olish hamda yoʻlovchilarni oʻz manziliga tez va ishonchli yetkazishga xizmat qiladi.

Shamsurbek MAHMUDOV,

Fargʻona viloyati transport boshqarmasi bosh mutaxassisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер