Fargʻona viloyatining investitsiyaviy salohiyati eʼtirof etildi

13:36 17 Dekabr 2024 Jamiyat
123 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhiti, xorijlik sarmoyadorlar uchun joriy etilgan keng qamrovli imtiyoz va kafolatlar oʻz samarasini berib, jahon hamjamiyati uchun investitsiyaviy jozibadorligi oshib bormoqda.

Bu borada Fargʻona viloyatidagi yangilanish va oʻzgarishlar ham xalqaro maydonda eʼtirof etilayotir. Xususan, joriy yilning dekabr oyida S&P Global Rating tomonidan eʼlon qilingan reyting koʻrsatkichida Fargʻona viloyatining yuksak salohiyati alohida eʼtirof etildi. Shu tariqa viloyatning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati dunyoning eng nufuzli “S&P Global Rating” (AQSH) xalqaro reyting agentligi tomonidan mustahkam moliyaviy indikatorlari “B+”, yaʼni “barqaror” darajasida qayta tasdiqlandi.

Yangi hisobotda qayd etilishicha, Fargʻona viloyati byudjetining yuqori oʻsish koʻrsatkichlari taʼminlanyapti hamda tijoriy qarzdorlik mavjud emas. Qarzdorlik darajasi nolga teng ekanligi natijasida viloyatning likvidlik koʻrsatkichlari yuqori barqarorlikni saqlab qolmoqda.

Aytish joiz, xalqaro reyting koʻrsatkichi barqarorligiga erishishda viloyatda faol oʻzlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi va tashqi savdo dinamikasidagi oʻsish ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Boisi Fargʻona viloyatiga jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi yildan-yilga oshib borib, joriy yilning 10 oyida xorijiy investitsiyalar hajmi 1,5 milliard dollarni hamda eksport koʻrsatkichi 910 million dollarni tashkil etdi.

Shu maʼnoda aytganda, S&P Global Rating xalqaro reyting agentligi tomonidan Fargʻona viloyatiga berilgan B+, yaʼni “barqaror” kredit reytingi darajasi investorlar, moliyaviy tuzilmalarni keng jalb qilish orqali investitsiyalar oqimini yanada koʻpaytirish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?