Erkak oʻqituvchilar maktabga qaytishyaptimi?

14:29 08 Iyun 2021 Jamiyat
1350 0

Bolaligimizni yaxshi eslayman. Toshqul Qayumov degan adabiyot muallimimiz boʻlardi. Basavlat. Boʻydor. Talabchan. Bilimli. Madaniyatli. Darsga kira solib, izohli mashq yozdirardi: “Avval gʻishtin qiyshiq qoʻyarkan meʼmor, Yulduzga yetsa ham qular bu devor”.

Muallim shu tariqa har safar Mirzo Bedil, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Umar Xayyom kabi buyuk shoirlarning ibratomuz baytlaridan yozdirar va ikki-uch daqiqa ichida ongu shuurimizni nurga chulgʻantirib yuborar, beixtiyor dunyoni boshqacha idrok eta boshlardik.

Koʻzlarida ustozu otalarga xos mehru muhabbat chaqnab turgan, har soʻzini yetti oʻylab keyin aytguchi bu muallimni hammamiz hurmat qilardik. Yoʻlda uchratib qolsak, hurmat saqlab turardik. Salobati bosardi. Oʻta shoʻx, yerga ursa, osmonga sapchiydigan ayrim tengqurlarimiz ham uning oldida qoʻydek yuvosh tortib qolishganini yaxshi eslayman.

...Falakning gardishini qarang, oradan 40—45 yil bir zumda oʻtib ketdi. Yaqinda oʻzim oʻqigan maktabda hozir erkak adabiyot muallimi bormikan, deb qiziqib koʻrdim. Yoʻq, deyishdi. Oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilarining barchasi xotin-qizlar ekan. Buning hech bir ziyoni yoʻq, albatta. Oʻqituvchilikdek mashaqqatli kasb etagidan tutgan ayollarni har qancha eʼzozlasak arziydi.

Shunday deymizu ammo hayotning yozilmagan qonunlaridan ham koʻz yuma olmaymiz. Xuddi oilada boʻlganidek, maktabda ham erkak oʻqituvchining oʻz oʻrni bor. Undagi vazminlik, bosiqlik, qattiqqoʻllik, talabchanlik, joʻmardlik bolaning shaxs sifatida kamol topishida muhim rol oʻynaydi.

— Yashirib nima qildik, yaqin-yaqingacha “majburiy mehnat” degan narsa muallimning yozilmagan ish rejasidan oʻrin olgandi, — deydi Buxoro viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Iroda Oripova. — Paxta yigʻim-terimidan tortib, obodonchilik ishlarigacha oʻqituvchilarni yollashar edi. Muallimning obroʻyi, shaʼni, qadri haminqadar baholangani tufayli koʻplab oʻqituvchilar boshqa sohalarga oʻtib ketishdi. Juda koʻp erkak muallimlar zamona zayli bilan tizimni tark etishdi.

Shu oʻrinda bir dalilga eʼtiborni qaratmoqchimiz.2016-yilda viloyatdagi 536 ta maktabda 22871 nafar pedagog kadrlar asosiy shtatda, 687 nafari esa oʻrindoshlik asosida ishlagan. Tizimda erkak oʻqituvchilar soni atigi 5486 nafarni tashkil etgan.

— Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan oʻqituvchi mehnatini qadrlash, muallimlarni jamiyatimizning obroʻli, nufuzli vakillariga aylantirish yoʻlida katta ishlar amalga oshirildi, — deydi viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi D. Mustafoyeva. — Yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar tufayli viloyat xalq taʼlimi tizimida erkak oʻqituvchilarning soni 2020-yilda 2016-yildagiga nisbatan 1612 nafarga oshib, 7079 nafarga yetdi. Bu koʻrsatkich umumiy oʻqituvchilar soniga nisbatan 24,8 foizni tashkil etmoqda.

Ha, erkak oʻqituvchilar maktabga asta-sekin qaytishmoqda. “Ertaga oʻqituvchi boʻlaman”, deya oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirayotgan yigitlar soni ham koʻpaymoqda.

— Buni men yaxshilikka yoʻyaman, — deydi bir umr maktabda ishlagan, ayni damda keksalik gashtini surayotgan muallimlardan biri Hakim Rajabov.—Shaxsan oʻzim nevaralarimga ayol oʻqituvchilar qatorida erkak muallimlar ham saboq berishini juda-juda istayman. Bu ularning ham oila, ham jamiyat uchun kerakli inson boʻlib yetishishlarida asqatadi.

Haq gap. Shunday ekan, har bir maktabning oʻz Qayumovlari boʻlganiga nima yetsin?!

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер