“Qamchiq” dovonida fuqarolarga yordam koʻrsatilmoqda. Qoʻshimcha poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgan

23:53 07 Mart 2025 Jamiyat
602 0

Foto: FVV

FVV muvofiqlashtirishida, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va boshqa FVDT tarkibiga kiruvchi tashkilotlar hamkorligida “Qamchiq” dovonida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, noqulay ob-havo sharoiti sabab dovonda qolib ketgan qariyb ming kishi mehmonxonaga joylashtirildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Xabaringiz bor, bugun, 7-mart kuni qalin qor yoqqanligi sababli “Qamchiq” dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi.

Videodan kadr

FVV, YPX va “Qamchiqavtoyoʻl” IYFUK xodimlari hamkorligida yoʻlni qordan tozalash, muzlamalar hosil boʻlishining oldini olish va qum-tuz aralashmasini sepish ishlari olib borilmoqda. FVV qutqaruvchilari tomonidan nazorat tadbirlari olib borilib, yoʻlda qolib ketgan haydovchi va ularning avtotransport vositalariga yordam koʻrsatilmoqda.

Videodan kadr
Videodan kadr

Qolaversa, dovonda noqulay sharoitda qolgan yoʻlovchilar uchun FVV tomonidan isinish maskanlari ham tashkil etilgan.

Videodan kadr

Qayd etilishicha, umumiy 958 kishi: 790 nafar erkak, 130 nafar ayol va 38 nafar bolaga Angren shahridagi 19 ta oshxona, 4 ta mehmonxona xizmat koʻrsatmoqda.

Videodan kadr

YHXXga koʻra, “Qamchiq” davonida transport vositalar harakati toʻxtatilgani sababli “Angren-Qoʻqon” yoʻnalishida bepul poyezd tashkil etilgan. Poyezd 21:00 da Angren temiryoʻl shox bekatidan harakatlangan.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” ham Toshkent va Andijon oʻrtasida qoʻshimcha temiryoʻl yoʻnalishi tashkil etilganini maʼlum qildi.

Bildirilishicha, 732-sonli poyezd Koʻl, Temiryoʻlobod, Qoʻn va Qoʻshminor bekatlarida rejadan tashqari toʻxtaydi.

Poyezd Ohangaron, Angren, Koʻl, Orzu, Chodak, Temiryoʻlobod, Qoʻn, Qoʻshminor, Pop bekatlarida toʻxtab, soʻngra Qoʻqonga yoʻl oladi. Dovon orqali oʻtadigan barcha poyezdlar ham koʻrsatilgan stansiyalarda toʻxtab oʻtadi.

Foto: FVV

FVVning qoʻshimcha qilishicha, vodiy viloyatlariga borishni rejalashtirgan fuqarolar uchun “Ohangaron” va “Angren” vokzallarida jadvaldan tashqari qoʻshimcha 9 vagondan iborat temiryoʻl reysi amalga oshirilgan.

Foto: FVV

Hozirda poyezd “Ohangaron” temiryoʻl vokzalidan 115 nafar yoʻlovchilar bilan “Angren” temiryoʻl vokzali tomon harakatlangan. Taʼkidlanishicha, temiryoʻl reysining vodiy viloyatlaridan Toshkent shahri tomon harakati ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер