Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari jangovar salohiyati yanada oshiriladi

14:50 26 Dekabr 2025 Siyosat
218 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, mutanosib ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyat davom ettiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida aytib oʻtdi.

Yaqin qoʻshnilarimiz bilan koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Bu jarayonda mintaqamiz davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlik yanada chuqurlashtiriladi.

Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish asosiy maqsadlarimizdan biri boʻlib qoladi.

Asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, Oʻmon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan keyin ham eʼtibor markazida boʻladi.

Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yoʻnalishlarda manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yoʻnalishlardan biri boʻladi.

Prezidentimiz bugungi anjumanda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning elchilariga Oʻzbekiston bilan aloqalarni kengaytirib, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishimizni faol qoʻllab-quvvatlayotgani uchun mamlakatlarining hukumatlariga alohida tashakkur bildirdi.

Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlik yangi bosqichga olib chiqiladi.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida anʼanaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalari yanada kengaytiriladi.

“Bunday ulugʻvor vazifalar bizdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʻstlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi. Buning uchun biz barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz”, dedi Prezidentimiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?