Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi

18:31 12 Mart 2025 Iqtisodiyot
627 0

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti QS reytingida TOP–500 talikdan joy oldi. Joriy yilning 12-mart kuni QS xalqaro reyting agentligi tomonidan “QS by subject–2025” xalqaro universitetlar reytingi natijalari rasman eʼlon qilindi.

Ushbu reytingda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ilk bor “Ijtimoiy fanlar va menejment” yoʻnalishi boʻyicha “Iqtisodiyot va ekonometrika” (Economics and Econometrics) sohasida jahonning nufuzli TOP–500 universitetlari orasida 401–450-pogʻonalarda qayd etildi.

Shu bilan birga, TDIU QS reytingining mazkur yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi va hozircha yagona universitet hisoblanadi.

Bu muvaffaqiyat – universitetning ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish, xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish va taʼlim sifati boʻyicha uzoq muddatli strategiyasining samarali natijasidir. Ushbu yutuq TDIUning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, universitet jamoasi uchun yangi marralar sari dadil qadam tashlashga katta ragʻbat va imkoniyat boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti milliy va xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni qayd etib kelmoqda, xususan, universitet “QS Stars” reytingida 5 yulduz olgan Markaziy Osiyoda ikkinchi va Oʻzbekistonda birinchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

QS (Quacquarelli Symonds) – bu dunyodagi eng nufuzli taʼlim reytinglarini tuzuvchi xalqaro tashkilotlardan biri. U asosan oliy taʼlim muassasalarini baholash bilan shugʻullanadi. QS reytinglari tadqiqotchilar va professor-oʻqituvchilar fikri asosida akademik obroʻ, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlari boʻyicha ish beruvchilarning fikri, talabalar va oʻqituvchilar nisbati, ilmiy maqolalar va iqtiboslar soni xalqaro talabalar va professor-oʻqituvchilar ulushi kabi turli mezonlarga asoslanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер