Yer — xalq mulki, bebaho boylik

16:29 07 Aprel 2020 Jamiyat
1707 0

Illyustrativ foto

Yer-bebaho boylik. Undan oqilona va samarali foydalanish bugungi kunda ayniqsa, muxim axamiyat kasb etmoqda. Biroq barcha boyliklarimiz manbai boʻlgan yerdan foydalanishda pala-partishlikka yoʻl qoʻyilayotganligi xosildor yerlarimiz ayrim shaxslar tomonidan talon-toraj qilinayotganligi xolatlari ham mavjudligi, bu hol bilan aslo kelishib boʻlmaydi.Prezidentimizning 2017-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida sektor Sirdaryo viloyati Guliston shahri rahbarlari boshchiligida Ishchi guruhlari tuzilib, ularga hududlardagi yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish yuzasidan zarur vazifalar belgilab berildi.

Ishchi guruhlari tomonidan bugungi kunga qadar oʻtkazilgan xatlovlar davomida viloyat boʻyicha 850 ta holatda 280,2 gektar yer maydonlari fuqaro va yuridik shaxslar tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olinganlik, noqonuniy qurilmalar qurib olish holatlari aniqlandi.

Hozirda noqonuniy qurib olingan qurilmalardan 96 ta holatda 18 gektar yer maydonlaridagi bino-inshootlar buzib tashlanishi taʼminlandi. Xususan, Boyovut tumani, “Dehqonobod” SIU hududida dehqon xoʻjaligi uchun ajratilgan 16 sotix yer maydonlarida 4 nafar fuqaro oʻzboshimchalik bilan bino va inshootlar qurib olinganligi aniqlanib, ushbu inshootlar buzib tashlandi. Yoki Mirzaobod tumani, M.Ulugʻbek SIU hududidagi ekin yerlardan 
9 nafar fuqarolarga dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun noqonuniy yer ajratilgan jami 2 gektar maydonga noqonuniy qurilgan uy-joylar xam ixtiyoriy ravishda buzdirilishi taʼminlandi.

Shuningdek, oʻtkazilgan monitoringlar davomida aniqlangan noqonuniy qurilmalarni buzdirish choralarini koʻrish yuzasidan tuman hokimlariga taqdimnomalar kiritildi.

Jumladan, Sayxunobod tuman prokuraturasi ishchi guruhi tomonidan aniqlangan 55 ta holatda 22,8 gektar yer maydonlarga oʻzboshimchalik bilan noqonuniy qurilmalar qurib olish holatlari aniqlanib, ushbu 22,8 gektardagi bino va inshootlarni buzdirish hamda bunday qonun buzilishlariga kelgusida yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida tuman hokimi nomiga taqdimnoma kiritildi.

Oʻtkazilgan monitoringlarda fuqaro va yuridik shaxslarga tuman hokimlarining asossiz qarorlari bilan 921,5 gektar yer maydonlari ajratib berilganligi aniqlanib, ushbu qarorlarni bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish haqida protestlar keltirildi.

Xususan, Xovos tuman hokimining tegishli qarori bilan “Azizbek Abdurasul bogʻi” fermer xoʻjaligiga Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktyabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 12, 13-bandlari talablariga zid ravishda, gʻallachilik va sabzavotchilik yoʻnalishida foydalanish uchun tumanning “Shirin” SIU hududidan 30,7 gektar yer maydoni noqonuniy ajratilganligi aniqlandi va ushbu qarorni bekor qilish haqida protest keltirilib, yer maydoni hokimlik zaxirasiga qaytarildi.

Oqoltin tuman hokimining qarori bilan D.Kucharovaga ham yuqorida qayd etilgan talablariga zid ravishda, parrandachilik yoʻnalishida foydalanish uchun tumanning “Andijon” SIU hududidan 4,5 gektar yer maydoni noqonuniy ajratilganligi aniqlanib, ushbu qarorni bekor qilish haqida protest keltirildi.

Sayxunobod tuman hokimining qarori bilan “Sayxunobod Fishermen” MCHJga Yer kodeksining 44-45-moddalari talablariga zid ravishda baliqchilik yoʻnalishida foydalanish uchun tumanning Oʻzbekiston SIU hududidan 50,1 gektar yer maydoni noqonuniy ajratilganligi aniqlanib, ushbu qarorni bekor qilish haqida protest keltirildi.

Ishchi guruhlar tomonidan qishloq xoʻjaligi ekin yerlaridan oʻzboshimchalik bilan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlandi, Aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilib, javobgarlikka tortildi.

Jumladan, Guliston tuman hokimligi zahirasidagi tumanning “Bogʻishamol” SIU hududidagi 12,1 gektar sugʻoriladigan ekin yer maydoniga “Sirdaryo fishermen” MCHJ rahbari Gʻ.Ismoilovga nisbatan oʻzboshimchalik bilan noqonuniy tarzda baliq havzasi qazib barpo etayotganligi holati boʻyicha
tuman prokuraturasi tomonidan MJtKning 65-moddasiga koʻra maʼmuriy javobgarlik ishi qoʻzgʻatildi.

Monitoringlar davomida ayrim mansabdor shaxslarga qayd etilgan Farmon talablarini bajarmagani ham ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondoshganliklari uchun intizomiy choralar koʻrildi.

Xususan, Boyovut tuman Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi rahbari Sh.Ibragimovga nisbatan Farmon talablarini bajarmasdan, oʻz xizmat vazifasiga masʼuliyatsizlik va sustkashlik bilan munosabatda boʻlganligi uchun tuman prokuraturasi tomonidan 2020-yil 4-fevral kuni intizomiy javobgarlik ishi qoʻzgʻatildi.

Xatlov davomida fuqaro va yuridik shaxslarga fermer, dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun ajratilgan qishloq xoʻjaligi, ayniqsa sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalar qurib olish holatlari aniqlanib, bunday bino-inshootlarni buzdirish toʻgʻrisida sudlarga daʼvo arizalari kiritilmoqda.

Jumladan, Mirzaobod tuman hokimining 2010-yil 6-iyul kungi qarori bilan tumanning “Bahor” xoʻjaligi hududidan fuqaro M.Azizboyevaga 
0,3 gektar yer maydoni dehqon xoʻjaligi yoʻnalishida foydlanish uchun ajratilgan boʻlsada, ushbu maydonga oʻzboshimchalik bilan beton-gʻisht ishlab chiqarish sexi qurib olinganligi aniqlandi, ushbu noqonuniy inshootni majburiy tartibda buzdirish haqida 2020-yil 4-fevral kuni sudga daʼvo arizasi kiritildi.

Ayrim holatlarda dehqon xoʻjaligi uchun ajratilgan yerlar fuqarolarga uy-joy qurish uchun noqonuniy ravishda sotilganligi aniqlanib, bunday qoʻpol qonun buzilishlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xususan, Boyovut tumanida yashovchi “Siroj” va “Xumoyun” ismli shaxslar firibgarlik yoʻli bilan fuqaro D.Ibragimovnig ishonchiga kirib, unga oʻzlarini Boyovut tumani, “Yermulkkadastr” DUK boʻlimida ishlashlarini aytib, tuman hokimining 2017-yil 11-noyabr kuni qarori bilan N.Axmatovaga dehqon xoʻjaligi uchun tumanning “Qaropchi” MFY hududidan ajratilgan 5 sotix yer uchastkasini 3.500 AQSH dollariga sotganligi holati boʻyicha 2020-yil 2-fevral kuni Boyovut tuman prokuraturasi tomonidan JKning 
168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda ish boʻyicha Boyovut tuman ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasida tergov harakatlari oʻtkazilmoqda. 

Yoki, F.Mirboboyev va B.Eshonqulovlar firibgarlik yoʻli bilan fuqaro I.Turdimurodovning ishonchiga kirib, tumani xokimining 2012-yil 23-yanvar kungi 44-sonli soxta qarorini tayyorlab, Boyovut tumani, A.Navoiy SIU hududida joylashgan 6 sotix yer uchastkasini 9 mln. soʻmga sotganligi aniqlanib, ushbu holat yuzasidan 2020-yil 2-fevral kuni tuman prokuraturasi tomonidan JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va hozirda ish boʻyicha Boyovut tuman ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasida tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Bugungi kunga qadar mazkur yoʻnalishda oʻtkazilgan monitoringlar davomida, mansabdor shaxslar nomiga 12 ta taqdimnomalar kiritildi, hokimlarning asossiz 139 ta qarorlariga protestlar keltirilib, 924 gektar yer maydonlari zahiraga qaytarildi, 11 nafar mansabdor shaxslar maʼmuriy va intizomiy javobgarlikka tortilib, 96 ta holatda 18 gektar maydonlarga noqonuniy qurib olingan qurilmalar buzdirilishi taʼminlandi, noqonuniy qurilgan bino-inshootlarni buzdirish haqida sudlarga 17 ta daʼvo arizalari kiritilib, qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 3 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.

Qisqasi, hozirda mazkur yoʻnalishda ishchi guruhlar tomonidan jiddiy monitoring tadbirlari nazorat ostida oʻtkazilmoqda.

Ravshan MASHARIPOV,

Sirdaryo viloyat prokurori,

adliya katta maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?