Endi sugʻurta shartnomalari davlat tilida boʻladi

09:23 03 Iyun 2021 Jamiyat
638 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda intellektual salohiyatdan foydalanish va himoya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Intellektual mulk agentligi tomonidan 2018-yilda 5 749 ta obyekt roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, 2019-yilda bu koʻrsatkich 6 331 tani tashkil qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida deputatlar intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasini yana-da takomillashtirish boʻyicha tayyorlangan qonuni loyihasini muhokama qilib, roʻyxatga olinayotgan intellektual mulk obyektlari soni yildan yilga oshayotgan boʻlsada, ularni roʻyxatdan oʻtkazish muddati tobora ortga surilayotganini taʼkidladilar.

Jumladan, tovar belgilarni roʻyxatdan oʻtkazish 8 oyga, ixtirolarni qayd etish esa 4 yilga choʻzilmoqda. Bu esa, koʻplab eʼtiroz va muammolarni keltirib chiqaryapti.

Yangi qonun loyihasida intellektual mulklarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga tezkor ekspertizani joriy etish, roʻyxatdan oʻtkazish muddatini qisqartirish, mulkiy huquqlar himoya muddatini uzaytirish, yetkazilgan zarar uchun tovon miqdorining belgilanishi kabi masalalar oʻz ifodasini topgan. Shuningdek, muallif vafotidan keyin mualliflik huquqlari himoya muddatini 50 yildan 70 yilga oshirish toʻgʻrisidagi meʼyorlar kiritilgan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida mualliflik huquqi, intellektual mulk va ularga boʻlgan huquqni himoya qilish, asosiy elektorati boʻlgan ziyo ahlini qadrlash, ham moddiy, ham maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilagan. Shundan kelib chiqib, fraksiya aʼzolari mazkur qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda maʼqulladilar.

Shundan soʻng “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi”gi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Loyihada Sugʻurta kompaniyalari xodimlari sugʻurta agenti sifatida faoliyat koʻrsatishi taʼqiqlanmoqda. Jismoniy shaxs boʻlgan sugʻurta agenti oʻz nomiga, yaqin qarindoshlari nomiga sugʻurta shartnomasi yozish, tuzish, ish yuritish taʼqiqlanadi. Shuningdek, sugʻurtani elektron shaklda tuzish mumkinligi belgilanmoqda.

– Eng muhimi, endi sugʻurta shartnomalari davlat tilida boʻladi, – dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. – Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xalqaro sugʻurta tashkilotlari esa Davlat tilidagi tarjimasini ilova qilish sharti bilan tegishli chet tilida shartnoma tuzishi mumkinligi belgilanmoqda.

Fraksiya yigʻilishida partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqilgan holda boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер