Buxoro biyennalesi: oʻtmish va bugun uygʻunlashgan lahzalar

Polshaning Krakov shahrida istiqomat qiluvchi Klara Lavdonskayaning yurtimiz boʻylab sayohati Buxoroi sharifda xalqaro sanʼat biyennalesi tashkil etilgan kunlarga toʻgʻri keldi.
— Oʻzbekistonga ilk bor kelishim, — deydi u. — Ammo unutilmas taassurotlar ogʻushidaman. Buxoro, Samarqand shaharlari haqida koʻp eshitgandim. Endi bu tarixiy kentlarni oʻz koʻzim bilan koʻrish baxtiga muyassar boʻlib turibman. Kasbim tarjimonlik. Shuning uchun boʻlsa kerak, madaniy turizmga qiziqishim boʻlakcha. Buxoro biyennalesini tomosha qilish menga bir dunyo quvonch bagʻishladi. Qadimiy yodgorliklar bagʻrida bugungi kun ruhini baxsh etib turgan sermazmun eksponatlarni koʻrishning oʻzgacha gashti bor. Biyennale ishiga omad tilayman. Salomat boʻling.
Eʼtiborlisi, Klara xonim soʻnggi soʻzini sof oʻzbek tilida aytdi. Biz buni xorijiy sayyohning ona tilimizga, yurtimizga boʻlgan hurmati ifodasi sifatida qabul qildik.
Bevosita biyennalega qaytadigan boʻlsak, u YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan koʻplab osori atiqalar joylashgan hududda davom etmoqda. Eʼtiborlisi, bu yerdagi ayrim yodgorliklar uzoq yillardan soʻng ilk bor sayyohlar uchun oʻz eshigini ochdi. Ana shunday meʼmoriy yodgorliklardan biri — Xoʻja Kalon masjidi. Mazkur masjid 1573 – 1579-yillarda barpo etilgan. U Xoʻja Gavkushon majmuasining tarkibiy qismi sanaladi. Bu yerda Gavkushon madrasasi va shu nomdagi minora ham qad rostlagan. Dafʼatan mashhur Poyi Kalon ansamblini eslatuvchi bu goʻshadagi Xoʻja Kalon masjidi vaqt, tashqi taʼsirlar va eʼtiborsizlik oqibatida abgor holga tushayozgandi. U hamda hozir biyennele oʻtayotgan oʻndan ziyod madaniy meros obyektida restavratsiya ishlari amalga oshirildi.
Xalqaro koʻrgazmaning har bir eksponati oʻziga xosligi, ramziy maʼnolar kasb etishi bilan diqqatni tortmoqda. Bugina emas, dunyoning turli davlatlaridan kelgan musavvirlar, hunarmandlar, dizaynerlar, sanʼatkorlar, soha mutaxassislari uchun Buxoro biyennalesi muloqot maydonchasi vazifasini ham oʻtyapti. Ayollar hunarmandchiligiga bagʻishlab tashkil etilgan uchrashuvni bunga misol tariqasida keltirishimiz mumkin.
— Yurtimiz xotin-qizlarining qoʻli gul, — deydi bir necha tilni chuqur egallagan, ayni damda fotosanʼati sohasida ijod qilayotgan Zilola Saidova. — Muloqotda qadimiy anʼanalarni bugungi kun ruhi bilan boyitish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada toʻplangan tajriba baham koʻrildi.
— Buxoroga maʼlum bir maqsad bilan kelganmiz, — deydi yana bir suhbatdoshimiz qozogʻistonlik Saule Suleymanova. — Menga “Shiru shakar” ansamblining chiqishlari manzur boʻldi. Shu folklor dastasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Xalq ogʻzaki ijodi namunalarini maromiga keltirib kuylaydigan bu ansamblni biyennale sabab butun dunyoga tanitish niyatidamiz.
Buxoro biyennalesining har bir kuni ana shunday maroqli uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar, koʻngilochar kechalar bilan oʻtmoqda. Oʻtmish va bugunni oʻzida uygʻunlashtirgan koʻhna shahar madaniyatlar, anʼana va urf-odatlar kesishgan chorrahaga aylanyapti.
Sayyohlar koʻngil va koʻz uza olmayotgan Buxoroga marhamat!
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring