“Bu yerda chet eldagiga qaraganda koʻproq pul topayapman”

12:34 23 Yanvar 2025 Jamiyat
158 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Shuhrat Ergashev Buxoro shahridagi Ibn Sino mahallasida yashaydi. Suhbatlashsangiz bir zumda roʻparangizda yaxshi-yomonning farqiga boradigan, halol luqma bilan roʻzgʻor tebratishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan yigit turganini payqaysiz. Shu yurtdoshimiz falakning gardishi bilan sovuq oʻlkalarga rizq-roʻz topgani bordi.

— Xorijda atigi qirq kun boʻldim, — deya eslaydi u. — Qarasam, topish-tutishda baraka yoʻq. Na ishning, na yotib-turishning tayini bor. Buyoqda bir-biridan shirin bolalarimni sogʻinaman, deng. Oʻz-oʻzimga “Ey, Shuhrat, qoʻlingda gulday hunaring bor. Yurtingda hunarni ishga solsang, bu yerdagidan ikki hissa koʻp pul topasan-ku”, dedim. Shu tariqa ortga qaytdim.

Bor-yoʻgʻi oʻrta maktabni tugatgan kishining qanday hunari bor ekan, deya qiziqishingiz mumkin. Shuhrat yaxshigina haykaltarosh. Boz ustiga tabiat shaydosi. Oʻzi aytmoqchi, Murod aka ismli hunarmandga shogird tushdi-yu iqtidori yuzaga chiqdi. Zehni oʻtkir emasmi, kitoblarda yoki yon-atrofda koʻrganlarini haykal shakliga keltira oladi. Xususan, ertak qahramonlari haykalini yasashni joyiga qoʻyadi.

— Shu tariqa oʻz-oʻzimni band qildim, — deydi u. — Buyurtma koʻp. Turmush oʻrtogʻim, farzandlarim qavatimga kirishgan. Oyiga oʻrtacha 8-10 million soʻm atrofida daromad qilyapman. Yaqinda Jondor tumanidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan biri buyurtmasiga koʻra, umumiy narxi 25 million soʻmlik ertak qahramonlari haykallarini tayyorlab berdik. Kiyiklar-u tuyalar, turna, laylak haykallari bolajonlarimizga bir olam zavq-u shavq ulashayotganini koʻrib oʻzim ham rohatlanaman.

Shuhrat ishni asosan payvandlash orqali bajaradi. Armatura, sement, qolip kabi materiallar, turli boʻyoqlardan foydalanadi. Yaqinda haykaltaroshning ish faoliyati bilan tanishgan bank muassasasi unga 25 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratdi. Buyurtmalar koʻpaygan pallada bu sarmoya hunarmandga asqatadi, albatta.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер