Alisher Navoiy — huquqshunos

09:54 09 Fevral 2021 Madaniyat
2224 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, butun turk dunyosi hazrat Alisher Navoiyni “shams ul-millat”, yaʼni “millat quyoshi” deb eʼzozlab keladi. Buyuk bobokalonimiz umrini turkiy til mavqeyini koʻtarish, adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tanitish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bagʻishlagan.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mutafakkir bobomizning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki dunyo adabiyoti rivojida alohida oʻrin tutishini, asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalar, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, millionlab kitobxonlar qalbidan mustahkam oʻrin egallab kelayotganini taʼkidladilar.

Qayd etish lozim, soʻnggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, oʻlmas asarlarini yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu borada amalga oshirilayotgan ishlarimiz yana-da faollashdi. Xususan, bobomiz tugʻilgan qutlugʻ 9-fevral sanasini har yili adabiyot va maʼrifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash anʼanasi qaror topdi. Asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar tashkil qilinmoqda.

Shu oʻrinda, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari oʻrnatilgani, asarlar toʻplami toʻliq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulugʻ bobomizning muazzam meʼmoriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylanganini qayd etish lozim.

Taʼkidlanganidek, ulugʻ mutafakkir bobomiz davlat arbobi, temuriylar saroyining dongdor vakili, oʻz jamiyatining ilgʻor vakili, davlat ishlarining jonkuyari, halol huquqshunos va qonun ijodkori sifatida ham faoliyat yuritgan. Inson qalbining quvonchu qaygʻusini, ezgulik va hayot mazmunini, huquq va adolatning maʼno-mohiyatini Alisher Navoiydek teran ifoda etgan ijodkor jahon adabiyoti tarixida kam topiladi. Hazrat Navoiyning tarix va bashariyat oldidagi ulugʻ xizmatlaridan biri shundaki, ul zot adolat tuygʻusini har bir inson, har qaysi xalq va millat intilib yashaydigan oliy mezon darajasiga koʻtargan hamda odamzodni hayotda adolatni qaror toptirishga, uni asrab-avaylashga chorlab oʻtadi.

Tadbirda soʻzga chiqqan navoiyshunos olimlar buyuk davlat arbobining mazkur jihatlariga eʼtibor qaratdilar. Jumladan, Alisher Navoiyning davlat ishlaridagi faoliyatida adolat va qonuniy jamiyatga doir qarashlari alohida ajralib turgan. Ilmiy-badiiy asarlarida doimo davlatning halol, vijdonli kishilari, obroʻ-eʼtiborga loyiq ulamolar, arboblari ulugʻlanib kelingan. Siyosat adolat asosiga qurilgandagina davlat mustahkamlanishi, mazlumlar himoya qilinsa, yomonlar jazolansa, bu boshqalarga ibrat boʻlishini taʼkidlab kelganlar.

Navoiy oʻzining “Xamsa”sida davlatchilik asoslari, taraqqiyotga yuz tutgan jamiyat muammolari, inson huquqi masalalariga ham chuqur munosabat bildirgan. “Xamsa”ning birinchi dostoni – «Hayrat ul-abror»da jamiyat farovon, hukumat adolatli, inson baxtli boʻlmogʻi uchun nimalar lozim ekani xususida fikr yuritib, baxtli yashashni istagan inson uchun zarur boʻlgan fazilatlar bayon qilingan.

Navoiy bobomiz taʼkidlaganlaridek, adolat nafaqat shohlar, balki oddiy kishilarning ham ziynatidir. Adolatni shior qilgan shohga boshqa biron bir shoh tenglasha olmaydi. Yaʼni, huquqiy davlatning asosiy belgisi – barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligini taʼminlanishiga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratganidir.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni maʼnaviy kamol toptirishda Navoiyning milliy davlatchilikka oid qarashlari katta ahamiyatga ega. Zero, bugungi yoshlarimiz kelajakda davlat xizmatchilari, Vatanning chinakam vorislari boʻladi. Navoiyning davlat va jamiyat boshqaruvidagi hayotiy-falsafiy asarlari esa bunda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻyib, yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratayotgan bugungi kunda mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер