Agrar universiteti hududidagi yongʻin yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

13:12 01 Oktyabr 2024 Jamiyat
249 0

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Kecha, 30-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yirik yongʻin sodir boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat IIBB axborot xizmati rahbari Bobur Toʻlaganovning maʼlum qilishicha, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

FVV matbuot xizmatiga koʻra, 30-sentyabr kuni soat 20:10 da Toshkent davlat agrar universiteti hududidagi binoda yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida FVBga xabar tushgan.

Yongʻin-qutqaruv ekipajlari soat 20:17 da hodisa joyiga yetib borib, yongʻin soat 21:36 da qurshab olingan va soat 22:10 da batamom oʻchirilgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushmagan.

Yongʻinni bartaraf etish jarayonini Favqudodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.X.Qoʻldoshev bevosita joyidan boshqarib borgan.

Universitet matbuot xizmati dastlab yongʻin universitet hududidagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi binosida sodir boʻlganini maʼlum qildi. Biroq ushbu post biroz vaqtdan keyin universitet Telegram kanalidan oʻchirib yuborildi.

Oʻz navbatida, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi yongʻin agentlik binosida sodir boʻlganini rad etdi, deya xabar berdi OʻzA.

“Oʻrmon xoʻjaligi agentligi binosi yonib ketdi, deya ayrim ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Toʻgʻri, suv purkalishi evaziga binoning tom qismiga qisman zarar yetgan, lekin bu ham aytarli darajada emas”, deyiladi rasmiy izohda.

Agentlik binosi katta talafot koʻrmagani, yongʻin chiqqan universitet binolariga esa birmuncha ziyon yetkazilgani qayd etilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?