“Adabiyot dunyosi” — oʻzbek adabiyotining sinchi olimidan muhtasham majmua
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim Gʻafurovning “Adabiyot dunyosi” deb nomlangan 8 jildlik kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirga ijodkorning yaqin doʻstlari, oila aʼzolari, adabiyot va Ibrohim Gʻafurov muxlislari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.
Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid olib bordi. Taqdimot davomida akademik Akmal Saidov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Sharifa Salimovalar soʻzga chiqib Ibrohim Gʻafurovning shonli hayot yoʻli, ijodi, tarjimalari haqida alohida toʻxtalishdi.
— Ibrohim Gʻafurov naqd yarim asrdan beri oʻzbek adabiyotidagi jarayonlarni teran tahlil, tadqiq va talqin etib kelayotgan jonkuyarlardan biridir. — dedi yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad. — Badiiyatda haqqoniylik va insoniylik, adolat va milliy oʻziga xoslik, ilmiylik va xolislik tamoyillarining namoyon holatlarini kuzatadi. Bugungi chop etilgan kitoblar ijodkor umridan soʻzlovchi muhtasham majmua desak mubolagʻa emas.
Mazkur majmua “Joziba”, “Yurak — alanga”, “Sheʼriyat — izlanish demak”, “Dil erkinligi”, “Hayo — xaloskor”, “Mangu latofat”, “Oltin qoziq” deb nomlangan 8 jilddan iborat boʻlib, ularning har birida olimning umri davomida yozgan tanqidiy-tahliliy maqolalari oʻrin olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, Ibrohim Gʻafurov “oʻz huzur-halovatidan kechib, bir umr odamlarga ilmu ziyo, maʼrifat ulashib kelayotgan hassos soʻz sanʼatkoridir”.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, hozirda Ibrohim Gʻafurovning 4 jildlik “Asarlar”i nashrga tayyorlanmoqda.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring