2024-yilning eng yaxshi turizm qishlogʻi Ormana nimasi bilan mashhur?
Turk Riviyerasining yuragi Antaliyadagi Toros togʻlari etagida joylashgan Ormana qishlogʻi Butunjahon turizm tashkiloti tomonidan “2024-yilning eng yaxshi turizm qishloqlari” roʻyxatiga kiritildi.
Shu tariqa uning tarixiy tuzilishi, betakror tabiiy goʻzalligi, barqaror turizm va qishloq taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda.
Ormana Mustafopasha va Tarakli (2021), Birgi (2022) va Shirinje (2023)dan keyin ushbu roʻyxatga kiritilgan Turkiyaning 5-qishlogʻi hisoblanadi.
Ormana Ibradi tumanidagi qadimiy koʻchmanchi turkiy xalqlarning qishlogʻi boʻlib, Manavgat daryosiga quyiladigan soylar orasida, Antaliya markazidan atigi 2,5 soatlik masofada joylashgan. Xushmanzara qishloq uzoq yillardan buyon tabiat qoʻynida sokin hordiq chiqaradigan yashirin marvariddir. Ellinizm davridan beri aholi punkti boʻlgan qishloq madaniy va tarixiy ajoyibotlari bilan ham ajralib turadi. Hozirgi kunda 600 nafar aholiga ega Ormana, ayniqsa, yaxshi saqlanib qolgan xalq meʼmorchiligi va 57-yil davomida nishonlanib kelinayotgan uzum festivali bilan haqiqiy tajribasevar sayohatchilarni oʻziga jalb qilmoqda.
350-yillik arxitektura durdonasi: tugmali uylar
Ormana koʻp asrlik tarix, madaniyat va tabiatni oʻzida mujassam etgan. Turkiyadagi mahalliy arxitekturaning eng barqaror namunalaridan biri — ohaksiz, faqat tosh va kedr yogʻochidan qurilgan “tugmali uylar”dir. Uylarning qurilishi oʻziga xos boʻlsa-da, uning yana bir eʼtiborli jihati — chidamliligidadir. Ularning toshlari tuproqdagi har qanday tebranish vaqtida moslashuvchan tarzda harakatlana oladi va qalin devorlari ichki makonni qishda issiq va yozda salqin boʻlishini taʼminlaydi. Soʻnggi yillarda bu noyob uylar qayta tiklandi va Toros togʻlari etagidagi Ormana qishlogʻi barqaror sayohat yoʻnalishi sifatida sayyohlarni maftun qilmoqda. Qayta tiklangan baʼzi tugmali uylar hatto butik, mehmonxonalarga aylantirildi.
Barqaror sarguzashtlar
Ormana oʻzining noyob arxitekturasidan tashqari, koʻplab tarixiy va tabiiy boyliklarga egaligi hamda yovvoyi tabiatni kuzatish va fotosafarlardan tortib qadimiy gʻorlarni kashf qilish va trekkinggacha boʻlgan turli xil qiziqarli mashgʻulotlari bilan eʼtiborga molikdir. Ushbu tajribalari tufayli bu yer Turkiyaning qishloq landshaftlari va anʼanaviy turmush tarzini oʻrganishga qiziquvchilar uchun eng yaxshi manzilga aylandi. Tashrif buyuruvchilarni kuzatuv ayvonlaridan koʻk va yashil ranglarning goʻzal jozibasini aks ettiruvchi qishloqning benazir manzarasi qarshi oladi. Tugmali uy mehmonxonasidan joy band qilgandan soʻng, mahalliy qahvaxonalarda qishloq aholisining kundalik suhbatlaridan bahramand boʻlish yoki tor koʻchalarda kezib, tinchlik va osoyishtalikdan bahra olish mumkin.
Ormana va uning atrofida diqqatga sazovor joylardan Oltinbeshik gʻori va Eynif tekisligi bor. Turkiyaning eng katta yer osti koʻli va Yevropaning uchinchi yirik koʻli joylashgan Oltinbeshik gʻorining son sanoqsiz moʻjizalari kashf etilishini kutmoqda. U yerda ajabtovur yer osti manzarasini yaratadigan ajoyib travertin, stalaktit va stalagmit (gʻorlar va boshqa yer osti karst boʻshliqlari tubidagi ustunsimon, konussimon va boshqa shaklli tomchi hosilalar) tuzilmalari, shubhasiz, har bir insonni qoyil qoldiradi.
Turkiyadagi birinchi va yagona milliy gʻor bogʻi Oltinbeshikka tutash hududda 90.000 gektarlik Eynif tekisligi joylashgan. Tekislik tarixiy Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan boʻlib, bu yerda yuzlab yovvoyi otlar yashaydi. Tekislikda Saljuqiylar davriga oid Tol Inn (Tol Xon) va Rim davriga oid Erimna qadimiy shaharlari joylashgan.
Bundan tashqari, Ormana uzumzorlari bilan ham mashhur. Sayyohlar uzumzorlarga tashrif buyurib, mahalliy echki sutidan tayyorlangan pishloq va uzumning ajoyib navlaridan tatib koʻrishlari mumkin. Bu yerda sentyabr oyida “chavush” uzumini nishonlash uchun har yili uzum festivali oʻtkaziladi. Sentyabr oyida Ormanaga tashrif buyurganlar festivalda ishtirok etishlari, uning mashhur uzumlarini tatib koʻrishlari va mintaqadagi uzumchilik haqida kerakli maʼlumotga ega boʻlishlari mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring