10 000 dan ortiq hindistonlik sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurdi

23:05 20 May 2025 Jamiyat
58 0

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonga Hindistondan keluvchi sayyohlar soni sezilarli darajada oshdi va 2024-yilning shu davriga nisbatan 47,4 foizga ko‘payib, 10 300 nafarni tashkil etdi. Umumiy keluvchilar sonidan 5 310 kishi turizm maqsadida sayohat qilgan, 3 065 nafari biznes maqsadida tashrif buyurgan.

O‘tgan yilga nisbatan hindistonlik sayyohlarning 3 300 nafarga ko‘payishi viza olish tartibining osonlashtirilgani, havo qatnovining yaxshilangani va xalqaro turizm tadbirlarida faol targ‘ibotning olib borilgani sababli O‘zbekiston jozibadorligi oshib borayotgani bilan izohlanadi. 

O‘zbekiston hukumati iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shish salohiyatini tan olgan holda turizm sanoatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Hukumatimiz vakillari Hindiston kabi yirik mamlakatlar bozorlarini nishonga olib, xalqaro turizm ko‘rgazmalari va savdo yarmarkalarida faol ishtirok etmoqda. Janubiy Osiyodagi eng yirik turizm yarmarkasi bo‘lgan Dehlidagi “SATTE — 2025” ning 32 tadbirlarida ham O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi va unda O‘zbekiston faxriy mehmon bo‘ldi.  

 Hukumat "O‘zbekiston - 2030" konsepsiyasi doirasida turizmni yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va ish o‘rinlarini yaratishga e’tiborni qaratmoqda. Hindistonlik sayyohlar uchun sayohat talablarini soddalashtirish ushbu katta maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynaydi. Dehlidagi tadbirlarda 2030-yilga qadar O‘zbekistonga keluvchi hindistonlik sayyohlar sonini uch baravarga oshirish haqida optimistik fikrlar bildirildi.

Hindiston pasportlari sohiblari hozirda O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun elektron viza olishlari mumkin va hindistonlik sayohatchilarga vizasiz kirish huquqini berish imkoniyati bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Vizasiz siyosatning joriy etilishi Hindistondan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshishiga, ishbilarmonlar va talabalarning Markaziy Osiyo mamlakatiga tashrif buyurishini osonlashtirishi mumkin. Ayni paytda Hindistonning yirik shaharlari va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirilmoqda, biroq turizm rasmiylari sayohatni yanada qulay va arzon qilish maqsadida yangi yo‘nalishlarni joriy etish ustida ishlamoqda.

Kamoliddin ERGASHEV,

O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?