Sanʼat soxtalikni yoqtirmaydi, rost gapirishni oʻrganaylik, xalqqa xizmat qilaylik — Zulfiqor Musoqov
Surat Zulfiqor Musoqovning shaxsiy arxividan
2022-yil yakunida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamda Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Oltin Humo” milliy kinotaqdimotida nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Unda ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Zulfiqor Musoqovning “Hayrat”, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Fotih Jalolovning “Muqimiy” filmlari uchta nominatsiya boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Shu munosabat bilan biz uch yoʻnalish boʻyicha gʻolib boʻlgan “Hayrat” filmi rejissyori, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Zulfiqor Musoqovdan intervyu uyushtirishga muvaffaq boʻldik.
— Avvalo, gʻoliblik muborak boʻlsin! Yakunlangan yil qanday omad, yutuq va xatolar bilan xotirangizda qoladi?
— Faqat xafa boʻlmasangiz, tez-tez va qisqa savol-javob qilamiz, maylimi? Oʻzi hayot shundoq ham qisqa, hamma narsaga ulgurishimiz kerak. Endi, savolingizga kelsak, Rahmat. Xudoga shukur, 2022-yil yaxshi oʻtdi. Bu savolga toʻliq javobni 12 soat oʻtganidan keyin beraman...
— Siz uchun kino nima?
— Ochigʻini aytganda, sal nokamtarinlik, hattoki manmanlik boʻladimi deymanda, oʻz kasbim haqida gapirish... Kino men uchun butun borligʻim, hayotimning mazmuni. Menda hatto “xobbi” yoʻq. Kechayu kunduz oʻy-xayolim ana shular bilan. Yoki kichkina nevaram bilan andarmon boʻlaman. Kattasi oʻzini-oʻzi eplaydi. Ochigʻini aytganda, koʻp gapirishni yomon koʻraman, nazariya haqida safsata sotishga ham boʻshroqman... Aniq savollaringiz boʻlsa, qisqacha javob berishga harakat qilaman.
— Kino va biznes. Bu siz uchun qanaqa tushunchalar?
— Ijodkorlar bilan uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Oʻzbek kinosining xalqimizga va ayniqsa oʻsib kelayotgan yoshlarga tarbiyaviy, madaniy va maʼnaviy ahamiyati Mudofaa vazirligi bilan teng, baʼzida undan ham muhim”, degan edi. Sanʼatda biznes degan tushunchaga yoʻl qoʻyilmasligini taʼkidlagan edi. Ana shu fikr menga juda maʼqul kelgandi. Chunki sanʼatga biznes aralashsa, kinoning tarbiyaviy roli, ahamiyati yoʻqoladi. Bundan kino sanʼati jabr koʻradi, ommaning saviyasini tushiradigan, qoʻpol boʻlsa ham aytay, beor va shallaqilar oʻzini namoyish qiladigan maydonga aylanib qoladi, nazarimda. Bu, albatta, mening shaxsiy fikrim.
— Ijodiy faoliyatingiz davomida 30 ga yaqin film suratga olgansiz. Boy boʻlib ketmadingizmi?
— Agar boy boʻlib ketganimda, bu yerda oʻtirmasdim. Qaysidir Kanar orollaridamiyey, “Oltin qum”damiyey, issiqqinada dam olib yurgan boʻlardim. Mening hashamatli saroyga oʻxshagan ikki qavatli uyim va hovlim yoʻq. Oddiy uch xonali kvartirada 40 yildan beri yashayman. Nolimayman, mendan yomon yashaydigan odamlar ham bor...
Lekin agar ishonsangiz, ana shu olingan filmlarimdan bor-yoʻgʻi ikkitasigina foyda keltirgan. “Osmondagi bolalar —1” toʻqqiz yarim oy, “Osmondagi bolalar — 2” asarim olti yarim oy kinoteatrda qoʻyilgan. Ochigʻini aytsam, boshqa birorta filmim bu qadar “uzoq” muddat kinoteatrda qoʻyilmagan. Yaxshiyam televideniye bor, hamma filmlarimni qayta-qayta “aylantirib” yotishibdi. Bundan xursandman va bu bilan kerak boʻlsa, ich-ichimdan faxrlanaman. Puli ham kerak emas. Lekin telekanallar filmlarimni oʻrtasidan “kesib”, uning oʻrniga reklama joylashtirib, pul ishlagani meni ranjitadi.
— Nima, kino daromadli soha emasmi?
— Agar kino daromadli soha boʻlganida, hamma oʻzini shunga urgan boʻlardi. Lekin bizning mamlakatimizda davlat yordamisiz kino “oʻlishi” aniq. Dunyoda faqat uchta mamlakatdagina kino davlat yordamiga muhtoj emas. Bu AQSH, Hindiston va Nigeriya. Boshqa davlatlar, masalan, Angliya, Germaniya, Fransiyada davlat oʻz milliy kinolarini Amerika kinolari ekspansiyasidan qutqarish maqsadida kinochilarga yordam beradi. Lekin shunga yarasha, davlat qaysidir ikkita-uchta mansabdorga emas, avvalambor tajribali ekspertlarning xolis xulosasiga tayanib, yuksak badiiylikka javob beradigan asar yaratayotgan zahmatkash kinorejissyorlarga mablagʻ ajratadi. Bizda ham ana shunday xolislik qaror topishini istayman xolos. Bizning ijodiy guruh ana shu talablarga javob beradigan asarlar yaratishga harakat qiladi. Boshqalar uchun javob bera olmayman...
— Siz «Oʻzbekfilm» studiyasi binosi ostonasidan birinchi bor 45 yil oldin aktyor sifatida hatlab oʻtgansiz, 35 yildan beri rejissyor sifatida ijod qilib kelyapsiz. Shu davr ichida rahbarlarning 12 tasini koʻrdingiz. Sizningcha, oʻzbek kinosiga nima yetishmaydi?
— Birinchidan, bu savolni shu sohaga javob beradigan rahbarlarga berishingiz kerak, deb oʻylayman. Ular oʻz madaniyati, kino ishlab chiqarish boʻyicha tajribasi va layoqati, shu sohada oʻzlashtirgan bilimidan, farosati va eng muhimi, iymonidan kelib chiqib, sizga bafurja javob berishi mumkin.
— Siz hech qachon sohangiz boʻyicha biror marotaba ham rahbarlik lavozimida oʻzingizni namoyon qilmagansiz. Nima, rahbar boʻlishni xohlamaysizmi yoki bunga sabab nimada?
— Rahbar boʻlish uchun inson oʻziga qoʻyilgan talablarga javob bera olishi kerak. Mening esa nuqsonlarim koʻp...
— Masalan?
— Yolgʻon gapira olmayman. Xoʻjakoʻrsinga ishlolmayman, oʻzimni-oʻzim maqtay olmayman. Biror narsadan norozi boʻlsam, boshliqlarning yuziga ichimdagi bor gaplarni shartta aytish kasalligim bor.
— Bu aytgan fazilatlaringiz ijobiyku?
— Balki sizga shunday tuyular, lekin boshqalarga bu “kamchiliklarim” yoqmasligi aniq. Aslida, rahbarlikka hech qachon havasim boʻlmagan. Qolaversa, mana shu tanlagan kasbim bilan yaxshi kinolar ishlab, xalqimizning rahmatini olsam, men uchun eng oliy martaba oʻsha boʻladi. Moskvada oʻqiganimda, Oliy rejissyorlik kurslarida mashhur kinorejissyor Frensis Ford Koppola (“Choʻqintirgan ota” filmi rejissyori) bizga 12 kunlik master-klass oʻtgan paytida shunday degan edi: “Har bir yaxshi ishning ham, yomon ishning ham oʻz ssenariy muallifi va rejissyori boʻladi”. Qarang, bu fikrni koʻchma maʼnoda oladigan boʻlsak, davlatimiz tomonidan keyingi yillarda kino sanʼatiga alohida eʼtibor berilayotgani, Prezidentimiz ana shu ishlarning boshida turib, ssenariy muallifi va rejissyori boʻlayotgani meni quvontiradi.
— Sohada qanday ijobiy oʻzgarishlar boʻlganiga misollar bilan aniqlik kiritsangiz?
— Men oʻzim guvoh boʻlgan jarayonlarni sanab oʻtishim mumkin. Mana, masalan, hozir “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan yoshlarga katta eʼtibor berilyapti. Yurtimizda «S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali ochildi. Bu savobli ish. «Oʻzbekfilm» kinokonserni binosining qayta qurilishida studiyaning sobiq direktori Fotih Jalolovning xizmati juda katta. Bu istiqbolli aktyorni “Bomba” filmida ilk bor suratga olgan edik 1995-yilda. Shundan keyin koʻpchilikning nazariga tushdi, ijodi gullab-yashnadi. Oʻzi yaxshi yigit. Yana bir inkor qilib boʻlmaydigan fakt: barcha qiyinchiliklarga qaramay, aynan «Oʻzbekfilm»da 1991-yildan 2019-yilgacha 51 ta toʻla metrajli filmlar yaratildi. Shulardan 20 dan ortiq filmlarni oʻzim olganimdan, oʻtgan umrim besamar ketmaganidan xursand boʻlaman.
Nihoyat, pensiyaga chiqqanimdan keyin boʻlsa ham, «Oʻzbekfilm»da ham odam oʻtirsa boʻladigan mebel va odam kirsa bahra oladigan xonalarni koʻrib, xursand boʻlaman. Yangi yuksak texnologik kameralar olindi, xronikaga yangi kompyuter xarid qilindi. Bularning hammasi asalariday mehnatkash boʻlgan operatorlarning ishini yengillashtiradi, ularni charchatmaydi. Umuman, «Oʻzbekfilm» va “Oʻzbekkino”ning hamkorligi qanchalik mustahkam boʻlsa, bundan faqat kino sanʼati foyda koʻradi.
— Bugun jamiyatimizda qiziq bir holat kuzatilayotir. Baʼzi bir amaldorlar qabuliga kelgan fuqarolar bilan maʼlum bir mavzuda suhbatlashayotganida, xalq tili bilan aytganda, «qovun tushirib qoʻyishayapti» va bular ijtimoiy tarmoqqa chiqib ketayapti. Bu kabi holatlarni kinoga koʻchirsa boʻladimi? Shunga munosabatingiz qanday?
— Bu savolingizga javob tayyor. Siz bizning ijodiy guruhimiz tomonidan yaqindagina yaratilgan “Kasallik tarixi” filmini bir koʻring. Unda ana shu savollaringizga atroflicha javob topasiz. XX va XXI asrning ulugʻ donishmandlaridan biri – Shuhrat Abbosovning shoh asari boʻlgan “Toshkent – non shahri” badiiy filmi ssenariynavisi Andrey Konchalovskiy: “Har bir xalqning taqdirini uning madaniyati hal qiladi”, deb aytgan edi. Afsuski, jamiyatimizda falakning gardishi bilan tasodifan turli-tuman mansabchalarga ega boʻlib qolgan koʻpgina amaldorlarida shu oddiygina madaniyat yetishmasligi juda achinarli hol. Baʼzan ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketayotgan qoʻpollik, hatto soʻkinish holatlariga ham guvohi boʻlyapmiz! Ishdan boʻshatilganidan keyin yigʻlab yuradi, darrov “odam” boʻlib qoladi, uyalmaydi, kechirim ham soʻrab qoʻyadi. Shuning uchun muloqot odobi, oʻzaro hurmat odobi madaniyatiga jiddiy qarashimiz, bu borada jamiyatda jamoatchilik fikrini shakllantirishimiz juda zarur va shart deb oʻylayman. Bu siz — matbuot xodimlariga alohida taalluqli mavzu. Har bir amaldorning oʻtirish-turishi nazoratda boʻlishi, qilgan ishlari shaffof yoki shaffof emasligini aniq aytish kerak, xalq shulardan oʻrnak oladi. Chunki xalqni aldab boʻlmaydi. Menga keladigan boʻlsak, bu masalaga javob topish uchun jamoamiz bilan birgalikda ishlagan “Dadam betob” deb nomlangan filmimizni yana bir marta koʻrib chiqishingizni tavsiya qilaman.
— Yosh kinoijodkorlar kengashi haqida nima deysiz?
— Meni shartaki deb tushunmang, toʻgʻrisini aytaman. Men ularning rahbarlarini tanimayman. Qayerdan kelganini ham bilmayman.
— Yaqinda tuzilgan “Oskar” qoʻmitasining oʻzbek kinosiga qanchalik foydasi bor?
— Oʻzbekiston “Oskar” qoʻmitasiga aʼzolar Kinoarboblar ijodiy uyushmasining majlisida ochiq saylanishi kerak edi, lekin bunday boʻlmadi. Mantiqan va adolat nuqtayi nazaridan bu yerda kino sanʼatiga ulkan hissa qoʻshgan munosib insonlar boʻlishi kerak edi. 2007-yilda “Vatan” nomli oʻzbek filmi Kuala-Lumpurda Osiyo va Okeaniya xalqaro kinofestivalida eng yaxshi beshlikka kirganidan soʻng, UPS pochtasidan «Oʻzbekfilm»ga oʻsha Oskar kinoakademiyasi saralash qoʻmitasidan filmning diskini yuborish haqida rasmiy taklifnoma keldi. Ikkita qatʼiy shart: film ikki hafta prokatda namoyish etilgan boʻlishi, undan keyin ikkinchi sharti – mamlakat kinoakademiyasi yoki Kinochilar ittifoqidan kino sanʼatiga katta hissa qoʻshgan 12 kishining tavsiyanomasi kerak edi.
Men ana shu 12 ta tavsiyanomani ham olib, ularga joʻnatdim. Lekin keyingi kelgan rasmiy xatda “Vatan”ning Oskar tanlovida qatnashishi rad etilgan edi. Bunga sabab qilib, Los-Anjelesdagi Oskar kinokademiyasida davlatimizning bayonnomasi yoʻqligi aytilgandi va mamlakatimizda inson huquqlari bilan bogʻliq muammolar borligi asosiy sabab qilib koʻrsatilgandi. Mana sizga bor haqiqat. Umuman olganda, hech boʻlmasa ana shu Oʻzbekistondagi “Oskar” qoʻmitasiga xolis ekspertlar qaytadan tanlab olinishi kerak, deb oʻylayman. Axir ular Oʻzbekistonday bir davlatni dunyoga namoyon qiladigan mutaxassislarku!
— “Vatan” filmi ayni chogʻda Zulfiqor Musoqovning ijodidagi siljish, yangi mavzu va badiiy talqinlar topish, jiddiy kino uslubini kasb etish yoʻlidagi samarali tajribasi, desak boʻladimi?
— Bilmadim, bu tomoshabin va vaqtga havola. Qanaqasiga oʻz filmim haqida gapirishim mumkin? Mening maqsadim bitta edi: filmni pishitish, qiyomiga yetkazish uchun ancha ter toʻkish, har bitta detaliga “jon kirgizish”, ular nimagadir xizmat qilishi lozim, deb hisobladim.
Asar har bir insonning yuragiga kirib borishi, ularning koʻngil torlarini qaysidir darajada cherta olishi kerak edi. Kino shu vazifani bajarmasa, unda bunday asarning kimga keragi bor? Ana shu maʼnoda, oldimga qoʻygan maqsadlarimga qandaydir darajada yetdim, deb oʻylayman. Vatanni anglamoq uchun minbardan baqirish oʻrniga Vatan ogʻriqlarini oʻz qalbidan oʻtkazgan oddiy bir insonning ichki tuygʻularini, hislarini ana shu asarda aks ettirmoqchi edik...
— Kinoda musiqaning ishtiroki qay darajada muhim deb hisoblaysiz?
— Bilasizmi, keng maʼnoda men baxtli odamman. Aytdimku, musiqada bironta notani bilmayman, lekin biz yaratgan filmlarda yurtimizning yetuk bastakorlari – Mirxalil Mahmudov, Anor Nazarov, Anvar Ergashevlar bilan yelkama-yelka ishlaganimdan baxtliman. Oxirgi filmlarimga qizim Mariya musiqalar bastalagan.
Hayotim davomida keng maʼnoda juda ulugʻ insonlar bilan muloqotda boʻlganim yoki birga ishlaganim bilan faxrlanaman, shundan oʻzimni baxtli his qilaman. Fazoviy darajadagi tafakkur sohibi, ulugʻ inson Chingiz Aytmatov, Viktor Astafev, ustozlarim Vladimir Menshov, Galina Volchek, Vim Venlers, Andjey Vayda, Shoxey Imamura, vatandoshlarimiz Hojiakbar Nurmatov, Toʻti Yusupova, Toʻychi Oripov, Rimma Ahmedova, Bahodir Yoʻldoshev, Rixsivoy Muhammadjonov, Obid Yunusov, Fathulla Maʼsudov, Shirin Azizova, Husan Sharipov, Dias Rahmatov, Sadriddin Ziyomuhamedov... ularni unutib boʻladimi? Ularning har biri bir olam edi! Afsuski..., hozir oʻzimni yetim qolgan boladay his qilaman. Ular bilan birga hamkorlik qilganlarimni, hamsuhbat boʻlganlarimni eslasam, yuragim yorilay deydi, hayot tushga aylanib qolganday boʻladi.
— Kino va teatr maktabi tashkil etgan ekansiz.— Men emas, qizim Mariya ochgan. Bu “Focus” kino va teatr maktabi deb ataladi. Bu yerda badiiy filmlar rejissyorligiga oʻqishga qabul yiliga bir marta amalga oshiriladi va respublikaning barcha hududlaridan oʻquvchilar qabul qilinadi. Ushbu sohada maxsus taʼlim olmaganlar ham oʻqish uchun ariza topshirishlari mumkin
Focus kino va teatr maktabi dunyoning 39 mamlakati mutaxassislari bilan hamkorlik qiladi. koʻplab xalqaro treninglarning hamkori va ishtirokchisi hisoblanadi. Focus maktabining asosiy hamkori — Toshkentdagi Shveysariya Konfederatsiyasi elchixonasi hisoblanadi. Asl maqsad – yoshlar ichidan isteʼdodlarni topish, ularga koʻmak berish, kerak boʻlsa, ustozlik qilib, pishiq-puxta, dunyo miriqib tomosha qiladigan asarlar yaratilishiga yordam berishdan iborat. Hozir mana shu maktabni biritgan 15 nafar yigit-qiz «S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filialida tahsil olyapti.
— Ayrim xususiy kinostudiyalar tomonidan filmlarni ssenariysiz suratga olish hollari mavjudligi haqida gap-soʻzlar yuribdi. Bunga nima deysiz?
— Uni oʻsha tegishli idoradan soʻrang. Men bilmayman.
— “Osmondagi bolalar-3” nima boʻldi?
— “Odamlar mendan: «Osmondagi bolalar-3”ni qachon suratga olasiz, deya koʻp soʻraydi. Tasvirga oldik, men tayyorlagan ssenariy boʻyicha. “Osmondagi bolalar-3” (film nomi “Yerdagi otalar”) nomli filmda avvalgi qahramonlarning farzandlari hayoti haqida hikoya qilinadi. Hozir bu ssenariyni suratga olish ishlari tugadi. Agar moliyalashtirish paysalga solinmasa, xudo xohlasa, yanvar oyidan montaj qilishga kirishamiz.
— 2002-2021-yillar mobaynida yosh avlod “Osmondagi bolalar”, “Vatan”, “Novda” kabi filmlarni koʻrib ulgʻaydi. Mazkur filmlar ssenariysidagi dialoglar muxlislar sevgan iboralarga aylandi. Hozir ularning birortasidan soʻrab koʻring, Zulfiqor Musoqov suratga olgan filmlarni koʻrganmisan, deng, kamida ikkitasini koʻrganini aytadi. Bu sizni quvontiradimi?
— Ha albatta! Agar baʼzi shovvozlar bundan keyin ana shu filmlarga oʻxshatma qilib reklama roliklarini ishlashmasa...
— Bugungi “Oltin Humo” tanlovida munosib taqdirlangan “Hayrat” filmiga oʻtsak.
— Film 2021-yilning yanvarida ilk bor “Oʻzbekkino” Milliy agentligi binosida jurnalistlar, bloger, yozuvchi, shoir, rejissyor, talaba va umuman, ziyoli qatlamdan iborat bir guruh tomoshabinlarga namoyish etildi. Ular bu filmdan hayratlanganlarini yashirishmadi.
Chunki, undagi personajlarning boyi ham, olibsotari ham, kursidagisi ham, kursisi yoʻgʻi ham bor. Bosh qahramonning esa boyligi, kursisi ham yoʻq. Pul topishi oʻrtacha va hatto texnikaga yaqinligi ham hamin qadar. Ssenariyni ham mashinkada yozadi. Boshqasini bilmaydi. Shuning uchun uning ikkinchi nomi “Alvido, ssenarist” deb ataladi
Aslini olganda, ijodimda reallik va sirlilik simbiozi ustun turadi. Kim haqida hikoya qilmay, bir qarashda oddiy va joʻn koʻringan voqealarni murakkab syujetlar qorishuvida tasvirlayman. Oʻzimni ham ana shu rakursda namoyon etishga harakat qildim.
Asarning ilk koʻrigi boʻlib oʻtgach, koʻpchilik ekranda xuddi mening hayotimni koʻrgandek boʻlishdi. Baʼzi birovlar film qahramoni qiyofasida insonga xos boʻlgan qusur va fazilatlarni koʻrdi. Bu, albatta, tabiiy. Muhabbat va nafrat, sadoqat va xiyonat, rost va yolgʻon — bular inson zotining ruhiyatiga xos xususiyat. Qisqa qilib aytganda, men mana shu mazkur film orqali juda koʻp fikrlarimni ayta oldim, ayblarimni tan oldim, fazilatlarim bilan tomoshabinni hayratga solishni istadim. Ular bu filmimdan bahra olgan, uni tabiiy, har qanday soxtalikdan xoli qabul qilgan boʻlsa, bundan xursandman.
— Joylarda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda qatnashib turasizmi?
— Bir marta borgan edim, lekin uning tashkilotchilaridan ancha koʻnglim qoldi. Chunki deng, “Hayrat” filmi namoyishiga birinchi sinf oʻquvchilarini olib kelishibdi. Ularni multfilm tomosha qilishga olib kelish kerak, jiddiy filmlarga emas. Ular film mantigʻini anglab oladigan yoshda emasda axir! Bularning hammasi xoʻjakoʻrsinga tashkil etilayotganday boʻlyapti, xalqni qoniqtirmayapti. Shuning uchun targʻibot-tashviqot ishlarining xalq yuragiga yaqinroq boʻlgan uslublarini ishlab chiqish lozim, deb oʻylayman. Hozirgi qilinayotgan ishlar rus tilida aytganda, «pokazuxa» deyiladi. Afsus...
— Oʻtgan yili Prezidentimiz «Oʻzbekfilm»ga tashrifi chogʻida soha vakillari bilan uchrashgan edi.
— Har galgidek meni oʻsha uchrashuvga chaqirishmagan. Chunki tilim yomonda...
— 2023 yildagi rejalaringiz, tilaklaringiz?
— Rejalashtirgan niyatlarim koʻp. “Osmondagi bolalar — 3” filmimizni tezroq kinotomoshabinlar ekranlariga yetib borishiga harakat qilyapmiz. Tilaklarim, bir-birimizdan koʻzimizni olib qochmay, rost gapirishni oʻrganaylik, Prezidentimiz aytganiday, xalqqa xizmat qilaylik. Yangi yilimiz yaxshi kelsin, yurtimizga, dasturxonimizga xayr-baraka bersin. Xalqimiz sogʻ-omon boʻlsin.
Soʻngsoʻz oʻrnida: Intervyu boshida berilgan savolga Z. Musoqov: “Xudoga shukur, bu yil yaxshi oʻtyapti. Bu savolga javobni 12 soat oʻtganidan keyin, suhbatimizning yakunida aytaman», degan edi. Kinorejissyor vaʼdasiga vafo qilib, savolga quyidagicha javob yoʻlladi:
— Savol-javobimizning boshida bergan savolingizga 12 soatdan keyin javob beraman, degan edim. Gap shundaki, oʻsha paytda oʻgʻlim samolyotda, havoda edi. Xudoga shukur, eson-omon uchib keldi. U jamoamiz bilan Nyu-Yorkda “Osmondagi bolalar — 3” filmining oxirgi kadrlarini rejissyor sifatida suratga olayotgan edi. Men borishim kerak edi, lekin samolyotda ucha olmayman — qoʻrqaman...
Endi birinchi savolga toʻla-toʻkis javob bersam boʻladi: 2022-yil shaxsan men va bizning ijodiy guruhimizga muvaffaqiyatlar yili boʻldi, ancha yaxshi oʻtdi, desam boʻladi. Butunlay yangicha rakursda va yondashuvda suratga olingan “Kasallik tarixi” filmini oʻz kuchimizga tayanib, tanish-bilishlarimizdan qarz-qavola qilib ishlagan edik. Filmni tasvirga olish jarayoni yarmiga kelganida, mablagʻ yetmay qolgandi. Kinematografiyani rivojlantirish markazi asarning xomaki materiallarini oʻqib koʻrib, yordam bervorishdi. Yaqinda film premyerasini qilish niyatidamiz.
Yana bir yaxshi voqea — “Osmondagi bolalar-3” filmiga nihoyat pul ajratildi, suratga olish jarayonidagi barcha xarajatlarni nihoyat qoplash uchun imkon yaratildi. Endi uni montaj qilamiz, agar yana paysalga solib, rezina qilib choʻzishmasa. Hammaga tinchlik va sogʻlik tilab qolaman.
Nurulloh OSTONOV
(Xalq soʻzi) yozib oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring