Jurnalistikada nazariya va amaliyot: yosh kadrlar tayyorlashda bunga qanchalik eʼtibor berilmoqda?

21:04 05 Iyul 2021 Jamiyat
1554 0

Har bir soha rivoji malakali kadrlarga bogʻliq. Tezkor va aniq axborotga egalik hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan bugungi globallashuv zamonida jurnalistika hamda ommaviy kommunikatsiyalar sohasida yetuk mutaxassislarning oʻrni tobora oshib bormoqda.

Taʼkidlash kerakki, bugungi jurnalistik taʼlim maqsadi, mazmun-mohiyati bundan 8-10 yil, hatto 3-4 yil oldingidan ham katta farq qiladi. Keyingi yillarda istilohimizga “internet jurnalistika”, “onlayn jurnalistika”, «data jurnalistika», «trevel jurnalistika», “brend jurnalistika”, «dijitalizatsiya», “konvergensiya” singari yangi atamalar kirib kelgani bejiz emas. Ularning har biri koʻrinishi, oʻrni, ahamiyati, oʻziga xosligi bilan alohida mazmun-mohiyat kasb etadi.

Xoʻsh, mamlakatimizda kundan-kunga yangilanib borayotgan soha uchun malakali mutaxassislar qanday tayyorlanyapti? Bu boradagi taʼlim tizimi davr talablariga, zamonaviy jurnalistika tamoyillariga qanchalik javob beradi?

Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika va Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetlaridagi oʻquv jarayonlari bilan tanishdik.

— Hozirgi kunda fakultetimizda uchta yoʻnalish: “Jurnalistika”, «Piar» va “Oʻzbek filologiyasi” yoʻnalishlari boʻyicha talabalar tahsil olmoqda, — deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Mahliyo Mirsoatova. — Ayni vaqtda fakultetimizda 794 talaba boʻlsa, bu yil ularning 93 nafari bitiruvchi sifatida uchirma boʻlishdi. Taʼkidlash joiz, keyingi yillarda fakultetimizda aynan amaliyot orqali yuqori saviyali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Nazariy bilimlarga kelsak, jurnalistika nazariyasi amaliyotdan orqada qolgani ham bor gap. Nazariya orqada qoldi, endi nima qilamiz, degan bilan ish bitmaydi yoki muammomizni boshqa birov chetdan kelib hal qilib bermaydi. Shu maʼnoda, jurnalist kadrlar tayyorlash tizimiga zamonaviy andozalarni joriy etishga harakat qilyapmiz. Asosiy maqsadimiz — professional jurnalistlarni tayyorlash, buning uchun talabalarning nazariy bilimlarini bugungi kun talablariga javob beradigan darajaga olib chiqish, ularni amaliyot bilan muntazam mustahkamlab borish. Shundagina yosh mutaxassis qoʻliga diplomini olgach, oʻz yoʻlini, albatta, topadi.

Bugungi kunda sohada yetarli bilim va malakaga ega boʻlmagan yosh “ijodkorlar”ning ishi, qilmishlari ijtimoiy tarmoqlarda oʻz aksini topayotganligidan koʻpchilik xabardor. Bu, oʻz navbatida, yosh mutaxassislarning nafaqat bilimi, balki amaliy tajribasini ham muntazam oshirish masalasini oldimizga qoʻymoqda. Bu borada fakultetda xorij tajribasidan ulgi olinmoqda, deyish mumkin. Jumladan, talabalarning amaliyot oʻtash jarayonida ularning yozish, eshittirish va koʻrsatuvlar tayyorlash, internetda ishlash koʻnikmalarini hosil qilishining ilgari sinovlardan oʻtgan maqbul yoʻllari hayotga tatbiq etilyapti. Yaʼni, talaba kunning birinchi yarmida oʻzi oʻqiyotgan fakultetda nazariy bilimlarni olish bilan mashgʻul boʻladi, ikkinchi yarmida esa biriktirilgan gazeta, jurnal, nashriyot tahririyatlari, radio, televideniye muharririyatlariga borib, ish oʻrganadi.

Jurnalistika fakulteti poytaxtimizdagi bosma nashrlar, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, nashriyotlar va nodavlat teleradiokanallar bilan shartnoma tuzgan. Shu orqali talabalarning amaliyot oʻtashi uchun barcha sharoit muhayyo etilgan. Fakultetda amaliyot rahbari tomonidan boʻlajak jurnalistlarning amaliyot oʻtash jarayoni muntazam nazorat qilib boriladi. Natijada talaba ham nazariy bilimga ega boʻlyapti, ham oʻqishni bitirib chiqquniga qadar yozishga, eshittirish, koʻrsatuv tayyorlashga koʻnikma hosil qilib, deyarli tayyor mutaxassis boʻlib yetishyapti.

Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimiz kelajagi uchun jurnalist kadrlar tayyorlashdek masʼuliyatli vazifalar haqidagi chiqishlar oʻrganganilganda, turfa xil, bir-biriga oʻxshamaydigan fikrlar bildirilayotganligining guvohi boʻlish mumkin.

Soha ekspertlari, mutaxassislar jurnalistika fakultetiga qabul qilishda ijodkorlikka moyil, qoʻlida qalami bor, matbuotda maqola va xabarlari bilan koʻrinib turadigan yoshlarga alohida eʼtibor berishni, ilmiy-pedagogik jamoani tajribali amaliyotchilar bilan boyitish hisobiga “yangi qon tomirlari” paydo qilishni, oʻquv jarayoni oʻttiz foiz nazariya, yetmish foiz amaliyotdan iborat boʻlsa, maqsadga muvofiq boʻlishini maʼqullaydi.

— Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro jurnalistika fakulteti 1999-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda, — deydi mazkur fakultet dekani, filologiya fanlari nomzodi Amrillo Karimov. — Fakultetimizda “Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar” hamda “Madaniyatlararo kommunikatsiya” yoʻnalishlari mavjud. Bu yerda jami 378 nafar talaba tahsil olmoqda. Joriy yilda “Xalqaro jurnalistika” taʼlim yoʻnalishida 60 nafar talaba oʻqishni yakunladi. Oʻtgan 20 yil mobaynida fakultetda xalqaro jurnalistikaga ixtisoslashgan yagona va salmoqli ilmiy maktab vujudga keldi. Fakultetimiz tomonidan soʻnggi uch yilda 6-marta ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Ularda AQSH, Rossiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Belarus, Qozogʻiston singari davlatlardan vakillar ishtirok etdi. Hozirda ham fakultetimizning xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari jonlanib bormoqda. Jumladan, jahonning kuchli oliy taʼlim muassasalari qatoridagi Sulaymon Demirel nomidagi universitet, Al-Forobiy nomidagi Qozogʻiston Milliy universiteti, Dogʻiston davlat universitetining jurnalistika fakulteti, Oʻsh davlat universiteti, Turkiston davlat universiteti bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. AQSH bilan samarali aloqalar olib borilayotgani bois, fakultetga 50 ming AQSH dollari miqdorida teleradio uskunalari olish uchun grant ajratildi.

Ushbu taʼlim maskanida ham talabalarning amaliy bilimlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratiladi. Maskanda anʼanaviy tarzda “Amaliyot eʼtirofi” tanlovi oʻtkazib kelinadi. Unda matbuot, radio, televideniye, internet nashrlari, korxona va tashkilotlarning axborot xizmatlarida samarali amaliyot oʻtagan talaba-yoshlar ragʻbatlantiriladi. Gʻoliblarni OAV tahririyatlari jurnalistlaridan iborat komissiya aniqlaydi.

Jahon miqyosida biror bir soha boʻyicha mutaxassislar tayyorlash markazlashmagan. Qolaversa, mamlakatimizda axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, yuridik soha mutaxassisliklari bir paytning oʻzida bir nechta oliy taʼlim muassasasida oʻqitilmoqdaki, bunday raqobat sharoiti kadrlarni sifatli tayyorlashga zamin boʻlmoqda. Xalqaro jurnalistika fakulteti jamoasi ham tom maʼnodagi bakalavriat va magistraturada xalqaro jurnalist hamda malakali axborot xizmati mutaxassislarini yetishtirishga bor kuch-gʻayratini safarbar etyapti.

Muxtasar aytganda, jurnalistika fakultetlaridagi taʼlim saviyasini yana-da oshirish soha rivojida tub burilish yasashga, pirovardida, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikni taʼminlashga hissa qoʻshadigan, mamlakatimizda olib borilayotgan koʻlamli islohotlarga kamarbasta boʻladigan yetuk mutaxassislar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

Rahmatjon BOBOJONOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?