Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi
Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi Navroʻz bogʻida 5 mingta shar uchirilishi, shuningdek, bepul muzqaymoq va 10 mingga yaqin sovgʻalar berilishi eʼlon qilingan video tarqaldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida boʻlib, holatga chek qoʻydi.
Vazirlik matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, oʻrganish ishlari davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi.
Plastik oʻyinchoqlar, sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan toʻldirishga sabab boʻladigan boshqa shu kabi tadbirlar vazirlik tomonidan doimiy tarzda qoralab kelinmoqda. Bu kabi holatlar taqiqlangani va javobgarlikka sabab boʻlishi qayta-qayta taʼkidlanmoqda.
Aytish joiz, «Ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash boʻyicha talablarni kuchaytirish toʻgʻrisida»gi hukumat qarori bilan Oʻzbekistondagi ommaviy tadbirlarga fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulot va tovar-moddiy boyliklarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.
Bunga joriy yilning 1-iyun kuni Toshkent shahrida tekinga oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqidagi xabarlar ortidan «Ashxobod» bogʻi va uning atrof hududida katta tirbandlik hamda tiqilinch yuzaga kelgani hamda shu kabi boshqa holatlar sabab boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, tekinga oʻyinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqidagi xabarlar ortidan «Ashxobod» bogʻi va uning atrof hududida katta tirbandlik hamda tiqilinch boʻyicha bogʻ direktori, uning oʻrinbosari va reklama boʻlimi boshligʻiga 15 sutka qamoq jazosi berilgandi.
Shuningdek, «Moʼminlive» nomi bilan faoliyat yuritadigan Abdurasul (Moʻmin) Ibrohimov «Yangi Oʻzbekiston» bogʻi hududidagi suv havzasiga plastmassa oʻyinchoqlar tashlanishi boʻyicha suratga olingan reklama videosi sabab Ekologiya boʻlimiga chaqirtirilib, tegishli tushuntirish berilgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring