FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)

18:30 27 Noyabr 2025 Jamiyat
1814 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Toshkent xalqaro aeroporti bugun odatdagidan boshqacha. Bu yerda yurtimiz sport shaʼni uchun kurashib, jahonni lol qoldirgan yosh qahramon – FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Aeroportdagi koʻtarinki ruh, odamlarning yuzidagi quvonch, qoʻllaridagi guldastalar – bularning bari yurtimizda shaxmatga, yoshlar sportiga boʻlgan katta hurmat va eʼtiborning yorqin ifodasidir. Ayniqsa, farzandlarini qoʻllaridan yetaklab kelgan ota-onalar nigohidagi faxr va iftixor koʻngilga yanada iliqlik bagʻishlaydi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Hindistonning Goa shahrida 30-oktyabr – 27-noyabr kunlari oʻtkazilgan nufuzli “FIDE Jahon kubogi — 2025” musobaqasida dunyoning 89 mamlakatidan kelgan 206 nafar kuchli shaxmatchi qatnashdi. Shunday mohir raqobatdoshlari orasida Javohir Sindarov chempionlikni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston nomini yana bir bor dunyoga tanitdi. Uning gʻalabasi – mehnat, iroda, isteʼdod va Vatanga sodiqlikning yorqin namunasi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Toshkentga qaytgan yosh chempionni kutib olish marosimi nihoyatda tantanali oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, rasmiylar, sportchining yaqinlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Bosh vazir tomonidan muhtaram Prezidentimizning “Sindarov Javoxir Sanjarbekovichga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvonini berish toʻgʻrisida”gi Farmoni oʻqib eshittirildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Yuksak unvon Javohirning shaxmat rivoji va uni ommalashtirishga qoʻshgan hissasi, xalqimiz oldidagi fidoyiligi, jasorati va yuksak mahoratining eʼtirofidir. Uning mana shunday gʻalabasi mamlakatimiz nufuzini oshirish bilan minglab yoshlar uchun ham ilhom manbaiga aylanadi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Shu bilan birga, chempion Prezident sovgʻasi sifatida 3 xonali xonadon va 123 million 600 ming soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Uning murabbiyi Roman Vidonyak esa 61 million 800 ming soʻm pul mukofotiga sazovor boʻldi. Bu mukofotlar yurtimizda isteʼdod va mehnatning qadrlanishidan dalolatdir.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Tadbir davomida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo ijodkorlar tomonidan Javohirning gʻalabasiga bagʻishlab yozilgan sheʼrlarni oʻqib eshittirdi. Bu jarayon esa tantananing ruhini yanada koʻtardi, gʻurur va iftixor tuygʻularini mustahkamladi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bugun aeroportda kechgan tantanali lahzalar tarixda qoladi. Ammo eng asosiysi Javohirning gʻalabasi yurtimiz yoshlariga yangi orzular, yangi maqsadlar, yangi marralar bagʻishlaydi. Vatanparvarlik, mehnatsevarlik va qatʼiyat uni eng yuqori choʻqqiga olib chiqqani kabi, albatta boshqalar uchun ham yoʻl ochadi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Ulugʻbek Roʻzimatov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?