Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi

14:21 10 Dekabr 2025 Siyosat
127 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari bilan boʻlib oʻtayotgan muloqotida Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tashkil etilishi eʼlon qilindi.

“Men bir gapni takror aytishdan charchamayman. Ilm va izlanish boʻlmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham boʻlmaydi”, dedi davlatimiz rahbari.

Bugun agrar sohada 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya, ularda juda katta salohiyatga ega yuzlab olim va ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Mazkur salohiyatdan toʻliq foydalanish uchun “ilm-fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlaydigan Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tashkil etilishi eʼlon qilindi. Ushbu akademiya qishloq xoʻjaligidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga masʼul boʻladi.

Oʻtgan yilda 4 ta institut negizida Qishloq xoʻjaligi kadrlarining malakasini oshirish instituti tashkil etilgan edi. Ushbu institutda yiliga 8 mingdan ortiq soha vakillari, xususan, fermer, dehqon va klasterlar xodimlari zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanishga oʻqitiladi.

Mutasaddilarga Gollandiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Xitoydan malakali agronomlarni olib kelib, dehqon va fermerlarni yangiliklarga doimiy oʻqitib boradigan tizim qilish topshirildi.

Bundan tashqari, paxta-gʻalla yoʻnalishidagi eng ilgʻor 200 nafar fermer, meva-sabzavot yoʻnalishidagi eng mirishkor 200 nafar bogʻbon va dehqon, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi eng faol 100 nafar eksportchi Xitoy, Turkiya, Gollandiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilib, oʻqitiladi. Ushbu 500 nafar fermer, bogʻbon va eksportchilarning yoʻlkira va mehmonxona xarajati toʻliq qoplab beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?