Prezidentimiz Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi
Davlatimiz rahbari Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan va istiqboldagi yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Mazkur shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qoʻyilgan edi. Loyiha uchun Yuqori va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan jami 19 ming 700 gektar yer maydoni ajratilgan. Konsepsiya Britaniyaning “Cross Works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni paytda bu yerda 100 dan ziyod katta-kichik loyihalar jadal olib borilmoqda. Har bir tashabbus xalqaro meʼyorlar va zamonaviy shaharsozlik tendensiyalariga asoslanadi.
Hozirga kelib, dastlabki inshootlar mahobati koʻrina boshladi. Yakuniga yetayotgan 2025-yilda yangi shaharda olib borilayotgan qurilish maydonlari 3 million kvadrat metrga yetdi.
Bir qancha uy-joy massivlari qurilishi yakuniy bosqichga kirdi. Infratuzilma obyektlarida ishlar jadal bormoqda.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlari bajariladi. Natijada 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi belgilangan. Loyiha toʻliq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.
Bunday koʻlamdagi qurilish uzoq muddatli va barqaror infratuzilmani talab qiladi. Hozirgi paytda hududda yirik yer osti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilib, issiqlik, suv, elektr energiyasi va telekommunikatsiya kabi barcha tarmoqlarning yer ostidan oʻtkazilishi taʼminlanmoqda.
Transport qatnovini yengillashtirish maqsadida olib borilayotgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Tunnel va yer osti avtoturargohlarining barpo etilishi shaharning kelajakdagi harakatlanish tizimi uchun muhim ekani qayd etildi.
Hududda oʻn kilometrlik sohil bogʻi tashkil etildi. Bir million tup buta va koʻchatlar ekildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan shaharsozlikda “yashil” tamoyillar muhim oʻrin tutishi lozimligi aytildi. Bunda metro va elektrobuslar harakatini muvofiqlashtirish, piyoda va velosipedchilar uchun xavfsiz, toʻsiqsiz yoʻlaklar barpo etilishi boʻyicha masʼullarga qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy maʼmuriy binolar quriladi. Ayni vaqtda qator vazirlik va idoralar vaqtincha majmualarda faoliyat boshlagan.
Investorlarning faolligi ham yuqori. Auksion orqali sotilgan 24 ta tijoriy lot boʻyicha 2 milliard dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Bu mablagʻlar hisobidan mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari va oʻziga xos arxitekturaga ega zamonaviy binolar barpo etiladi.
Ayni paytdagi qurilish jarayonining oʻzida 10 ming nafar insonning bandligi taʼminlangan. Loyiha toʻliq amalga oshirilgandan keyin esa innovatsion texnologiyalarga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.
Prezidentimizga Yangi Toshkentda barpo etilayotgan turizm obyektlari, xizmat koʻrsatish va dam olish majmualari, shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari har bir tashabbusda ilm-fan yutuqlariga tayanish, loyihalarda mahalliy ruhni aks ettirish, eng asosiysi, ular xalq manfaatiga xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring